Shunday murojaatlardan biri Namangan viloyatti Mingbuloq tumanida yashovchi U.E. tomonidan murojaat kelib tushgan. Qayd etilishicha, isteʼmolchi Namangan shahrida joylashgan “Avtocarpark” korxonasidan 115 607 000 soʻmga “Lacetti” rusumli avtomobil xarid qilish uchun shartnoma imzolagan va pulni toʻliq toʻlagan. Avtomashina maʼlum muddatda yetkazib berilishi aytilgan. Biroq aytilgan vaqtdan 10 kun oʻtib ketsa ham avtomashinadan darak boʻlmagan.
Isteʼmolchi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida korxona xodimlari bilan bir necha marotaba bogʻlangan boʻlsa ham hech qanday oʻzgarish boʻlmagan. Mazkur murojaat federatsiyaning Namangan shahri jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilishi natijasida, avtomashina oʻz egasiga yetkazilishiga erishildi.
Yana bir murojaat Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi M.T. tomonidan yozma murojaat kelgan. Qayd etilishicha, fuqaro 2021-yil 9-noyabr kuni tumandagi “Stomservice” xususiy shifoxonasida tish davolatish maqsadida shifokor koʻrigiga boradi. Shifokor tavsiyasiga binoan tish davolatish uchun oldindan 2 000 000 soʻm toʻlaydi va tishini davolata boshlaydi.
Biroq isteʼmolchi bir necha marotaba shifokor qabulga kelganiga qaramay, unga turli bahonalar bilan hech qanday xizmat koʻrsatilmagan. Murojaat oʻrganilishi natijasida haqiqatan ham isteʼmolchiga xizmat koʻrsatilmagani aniqlandi. Isteʼmolchilar huquqlari bilan bogʻliq tushuntirish ishlaridan soʻng fuqaroga toʻliq xizmat koʻrsatilishiga erishildi.