1998-yildan buyon yilda ikki marta oʻtkazib kelinadigan “Pure London” xalqaro koʻrgazmasi Yevropaning eng yirik moda va dizayn koʻrgazmalaridan biridir. Joriy yilgi koʻrgazma ham dunyoning 800 dan ortiq brendlari va kutyurelarini oʻzida jamladi. Mamlakatimiz charm-poyabzal va moʻynachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilari moda sanoati mutaxassislariga ayollar, erkaklar va bolalar poyabzallari, charm-attorlik buyumlari va aksessuarlari hamda charm mahsulotlarini taqdim etdi. 10 dan ortiq korxonalarimizning 100 ga yaqin turdagi mahsulotlari jahon kiyim-kechak, poyabzal va aksessuarlar dizaynerlari, riteylerlar, kutyurelar, mashhur brendlar, tanqidchilar va shou-biznesning taniqli shaxslari eʼtibori markazida boʻldi.

Bir necha yillardan buyon Handmade usulida charm-attorlik buyumlari, aksessuarlar ishlab chiqarib kelayotgan “The Black Quail” brendi mazkur koʻrgazmada oʻzbek xalqining madaniyati goʻzalliklarini, va boy anʼanalarimizni ochib berdi. Aynan shu jihat xalqaro hamkorlarni brend bilan muzokaralar stoliga chorladi. Eksport, yangi buyurtmalar, dizayn masalalari atroflicha muhokama etildi. Xususan, korxona Buyuk Britaniyaning “TEEFAMM” kompaniyasi bilan muzokara oʻtkazdi. Mazkur Britan brendi asosan ayollar va erkaklar uchun moʻljallangan eksklyuziv poyabzal, charm-attorlik buyumlari savdosi bilan shugʻullanadi. Muloqotda Britan kompaniyasi “The Black Quail” tomonidan ishlab chiqarilgan sumka va aksessuarlarning Londonda savdosini yoʻlga qoʻyish, eksklyuziv charm-attorlik buyumlarini eksport qilish boʻyicha oʻz tashabbusini bildirdi. Shuningdek, Fransiyaning “Promostyl” kompaniyasi ham mahalliy charm-attorlik buyumlarimizni xarid qilish boʻyicha Oʻzbek korxonasi bilan samarali muloqotlarga kirishdi.

Koʻrgazma doirasida nafaqat charm-attorlik buyumlariga balki, charm mahsulotlarimizga, charmdan tayyorlangan ustki kiyimlarga ham qiziqish yuqori boʻldi. Jumladan Polshaning “La Fenice” kompaniyasi Oʻzbekistonda ishlab ishlab chiqarilgan charm kurtkalarning onlayn savdosini yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif bildirdi. Bu eng avvalo mahalliy korxonamizga Yevropa ittifoqi bozorlariga oʻz mahsulotlarini tez namoyish qilish imkonini beradi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan eksport-import shartnomalarini imzolash uchun platforma boʻlib xizmat qiladi. Boisi aynan “La Fenice” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan mahsulotlar Fransiya, Italiya, Germaniya kabi yirik davlatlarning mashhur brendlari savdo tarmoqlarida sotiladi. Polshaning yana bir kompaniyasi “Galant” ham Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan yorligʻi ostidagi charm-attorlik buyumlarini xarid qilishga katta qiziqish bildirdi. Manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, charm-poyabzal sohasidagi nufuzli xalqaro tashkilotlar xususan, Xalqaro teri ishlab chiqaruvchilar kengashi (ICT), Xalqaro moʻyna federatsiyasi (IFF) va Northampton universiteti bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muloqotlarda talabalarni oʻqitish boʻyicha taʼlim almashuv dasturini amalga oshirish, charm-poyabzal sohasida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etish, jahon tajribasini mamlakatmizdagi korxonalarda qoʻllash boʻyicha masalalar muhokama etildi.

Xalqaro koʻrgazma doirasida nafaqat taqdim etilgan brendlarning yangi kolleksiyalari bilan tanishish va foydali shartnomalar tuzish, balki moda industriyasining taniqli vakillarining oʻz brendini targʻib etish va uni olib kirish boʻyicha maʼruzalarida qatnashish imkoni yaratildi. Uchrashuvlarda xalqaro bozorga kirish, muvaffaqiyatli kompaniya imidjini yaratish kabi masalalar muhokama etildi. “Pure London” xalqaro moda koʻrgazmasi mamlakatimiz charm-poyabzal korxonalari uchun manfaatli shartnomalar imzolash va Yevropadan yangi hamkorlar topish uchun muhim biznes maydoni boʻlib xizmat qildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.