Qadring baland bo`lsin, ona tilim!

    Fikr 4 Avgust 2021 37652

    Ma`lumotlarga qaraganda, yer yuzida yetti mingga yaqin til mavjud.

    Ammo, ularning aksariyati yo`qolib ketish arafasida. Dunyoda millat, xalq shakllanibdi-ki, o`z tiliga, diniga, urf-odatlariga ega. Bir elatga xos bo`lgan til o`ldimi, demak endi bu el o`ligidan ayrilgan, qanotlari qayrilgan qush misolidir. Shuning uchun ham tarixdan ayonki, bir davlatni tobe’ qilish uchun avvalo, uning tili, dini va madaniyatiga ta`sir ettirilgan. Masalan, VIII asrda arablarning yurtimizga bosqini davrida arab yozuvi, arab tili joriy qilindi. XIII asrda mo`g`ullar istilosi oqibatida ko`plab asriy qo`lyozmalar, qimmatli kitoblar, durdona asarlar yo`q qilindi. Xuddi shunday yaqin o`tmishga boqadigan bo`lsak, yurtimiz deyarli bir asr davomida SSSR davlati tasarrufida bo`ldi. Shu vaqt ichida xalqimiz misli quldek yashadi. Yurtdoshlarimizning tarixi poymol qilindi, e`tiqodi oyoqosti bo`ldi. So`z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi cheklandi. O`z tilidan, dinidan, urf-odatlaridan mosuvo qilindi. Haq-huquqlari, yurt kelajagi, Vatan ravnaqi uchun kurashgan ko`plab ajdodlarimizga nisbatan ayovsiz jazolar, qiynoqlar berildi. Ham ruhan, ham jismonan zarba berildi.Cho`lpon, Abdulla Qodiriy, Behbudiy, Abdulla Avloniy, Fitrat, Usmon Nosir kabi buyuk siymolar umri xazon qilindi. Biroq, sa`y-harakatlar izsiz ketmadi. Yillar o`tib, hurlik sharofati ila bu metin iroda sohiblari nomlari oqlandi. O`sha davrlarda adabiyotimizning nodir asarlari yaratildi. Bugungi kunda bu asarlar nafaqat o`zbek adabiyotida, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o`rin egallab kelmoqda. Ha, tilimiz ana shunday murakkab va ziddiyatli davrlarda sinaldi. Va nihoyat, 1989-yil 21-oktabrda tilimiz yangidan tug`ildi. Ya`ni, o`zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Mustaqillik bizga qo`ldan ketgan erkimiz, cheklangan haq-huquqlarimiz bilan bir qatorda, davlat ramzlarimiz, shu jumladan, ona tilimizni ham tuhfa qildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning:

    “Ona tili avvalo, ona allasi bilan uning betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir” deya aytilgan da`vatkor fikrlari biz yoshlarga o`zgacha shijoat beradi Lekin hozirgi axbarot-texnologiyalari asrida turli xorijiy til so`zlari ham kirib keldi. Bu tilimizning boyishi bilan bir qatorda, uning ba`zi hollarda buzilishiga ham olib kelmoqda. Kitob varaqlab turar ekanman, e`tiborimni bir adibning bildirgan mulohazasi o`ziga tortdi: “Nega ko`cha harakati qoidasini buzgan kishiga milisiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi.” Abdulla Qahhorning ushbu fikrlari ayniqsa, bugungi kun uchun juda o`rinlidir. Chindan ham o`zbek tilidek boy, ravon va go`zal til yo`q. Asrlar davomida o`zligini yo`qotmagan, dunyoga Navoiy, Bobur, Uvaysiy,Nodiralarni yetishtirib bergan nazm bog`iga oltindan haykal qadagan bu ganjina nega endi nopisandlik bilan so`zlanishi kerak! Ijtimoiy tarmoqlarda “Ok”, “Paka”, “Vapshe” kabi so`zlarni ko`p uchratamiz. Bu ham tilimizga nisbatan hurmatsizlikdir, aslida biz bu bilan nafaqat o`zbek tili, balki, ingliz, rus tillariga ham zarar yetkazib qo`ymoqdamiz. Tilimizda shunday so`zlar borki, ularni boshqa tilga tarjima qilishning iloji yo`q. Birgina “Mehr” so`zini oladigan bo`lsak, bu so`zni aynan tarjima qilishga ojizmiz. Chet el tillarini tarjimasida ham bu so`zga yaqin ma`noli, sinonimlardan foydalanib o`giriladi. Bizning tilimiz ana shunday dunyo filologlarini ham shoshiltirib qoyadi.

    Ona tilimizda yangrayotgan har bir so`z, insonga o`zgacha tuyg`u, o`zgacha ishonch beradi, g`ayrfatimizga-g`ayrat, kuchimizga-kuch qo`shadi. Tilimizdagi iliq, betakror, serjilo so`zlar insonning qalb torlarini mohirona chertadi, betobni sog`aytiradi. Bu haqiqat. Bir so`z bilan insonga dunyolarni hadya etish mumkin yoki aksincha. Eng qattiq berilgan zarba bu til bilan bo`lar ekan. Xalqimizda bejizga “Tig` yarasi bitadi, til yarasi bitmaydi” deyilmaydi.

    So`z – benihoyat qudratli narsa. Bunga tarixdan ham dalillar bor. “Qobusnoma”da yozilishicha, Halifa Xorun ar-Rashid tush ko`radi. Tushida hamma tishlari to`kilib tushgan emish. Shunda bu tush ta`birini ta`bir qiluvchidan so`raydi. U. shunday deydi: “Sendan oldin barcha yaqinlaring o`ladi. Sendan boshqa hech kim qolmaydi”. Bu so`zni eshitgan Halifa Xorun g`azab otiga minadi va ta`birchini yuz darra urishini buyuradi. Keyin boshqa bir ta`birchini chaqirib ma`nosini so`raydi. Dono ta`birchi: “Sening umring barcha qarindoshlaring umridan uzunroq bo`ladi”, - deydi. Shunda Xorun ar-Rashid: “Barcha aqlning yo`li birdir va ikkala ta`birning negizi bir yerga boradi, ammo bu ibora bilan u iboraning orasida farq bag`oyat ko`pdur”, - deydi va unga yuz tillo berishni buyuradi. Demak, so`zni o`z ornida ishlata bilish uchun farosat, malaka va ziyraklik zarur. Hayot yo`llarimizda Mir Alisher Navoiyning :

    “Ko`ngil mahzanining qulfi til va ul mahzanning kalitin so`z bilgin” degan hikmatlarini shior qilib olmog`imiz zarur, deb o`ylayman.

    Mana bugun bezavol qolgan, toptalgan tilimiz o`zining asrlarga teng qaddini tikladi. Sinovlarni ortga surib o`ttiz bir yoshni qarshiladi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan 2019-yil oktyabrda e’lon qilingan farmonga binoan 21-oktyabr – O`zbek tili kuni sifatida keng miqyosda nishonlanadigan bo`ldi. Tilimiz rivoji uchun so`nmas olov uchqunlarini yoqib, alangalatib ketgan Zulfiyaxonim, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov kabi zabardast adabiyot vakillarining haykallari “Yozuvchilar bog`i”dan joy oldi. Bundan tashqari Abdulla Oripov nomidagi maxsus she`r, adabiyot maktabi ochildi. Bu maktabda bugungi kunda yuzlab iqtidorli yoshlar saboq olib kelmoqdalar. Ayniqsa, yurtimizda kitobxonlikni keng targ`ib etib, milliy g`ururimiz bo`lgan tilimizning keyingi kelajagi uchun xizmat qilayotgan “Yosh kitobxon” ko`rik-tanlovi e`tiborfga molikdir. Bugungi kunda tilimizga bo`lgan hurmat hukumatimiz tomonidan, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan o`zgarib bormoqda. Masalan, endilikda O`zbekiston Respublikasi fuqarosi bo`lish uchun o`zbek tilini mukammal bilish, maxsus imtihondan o`tish talab qilinadi. Yana, bundan keyin talaba bo`lish uchun ona tilidan imtihon topshirib, namunali natija ko`rsatish lozim. Yaqin kunlarda insonni faxrlantiradigan, barcha o`zbek xalqini etini jimirlatadigan voqeaning guvohiga aylandik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarlarida sof o`zbek tilida nutq so`zladilar. Bir yuz to`qson uch davlat vakillari va dunyo televideniyasida o`zbek tili yangradi.

    Muhabbat, sadoqat koshonasida,

    Humo qush parvozi peshonasida,

    Uchinchi renessans ostonasida

    BMTda yangragan Navoiy tili!

    Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim…

    Tarixdan so`z ochsalar, mag`rurlanadigan shonli tarixga egamiz. Hech ikkilanmay “Tarixim Navoiyning so`zida, Qoshg`ariyning baytida, Boburning o`tli ruboiylarida”, - deya olamiz. Taqdirim, shul Vatanning murg`ak farzandiman, u bilan qismatdoshman. Baxtim ham, iftixorim ham shu. Kelajakka ayta oladigan so`zim bor, Bu omadim, Olloh tomonidan berilgan imkoniyatdir. Men aminmanki, o`zbek tili mangu yashaydi. Yana ming yillar davomida qalblarnimizni zabt etaveradi.

    Ona tilim, omon bo`l mangu,

    Sen borsanki, men ham o`lmayman.

    Tildan qolsam, seni Oybekday,

    Men ko`zlarim bilan so`zlayman.

    Tursunpo`lot Komilovich Norov.

    G`ijduvon tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi: