Qallibek Kamalov: Birlikning mevasi tinchlikda, mustahkam hamjihatlikda

    Zamonamizning taniqli adibi, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupovning shunday ajoyib satrlari bor:

    Bugun Amu bo‘lib oqqim keladi,

    Arg‘imoq ot bo‘lib chopgim keladi,

    Bugun o‘ngriga o‘zbek og‘amning

    Ko‘nglimdan gul uzib taqqim keladi…

    Qadimdan ovuli aralash, qo‘yi qo‘ralash, bir-biri bilan qiz olib, qiz berib, tinch-totuv yashab kelayotgan o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining do‘stlik, qardoshlik aloqalarini kuylovchi bu misralarni eslaganimda yuragim hapqirib ketadi.

    Jahon hamjamiyati safidagi o‘rnini tobora mustahkamlayotgan O‘zbekistonda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuv yashab, mehnat qilib kelmoqda. Ular xalq xo‘jaligining turli sohalarida hamjihatlikda xizmat qilib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarining birida: “Barchamiz uchun Vatan yagona. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa davlatimizning tinchligi, Vatanimizning rivoji, xalqimizning farovonligidir. Barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekiston va Yangi Qoraqalpog‘istonni, albatta, birga quramiz”, degandi.

    Shu o‘rinda o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining urf-odatlari, o‘lmas qadriyatlari, adabiyot va san’ati uyg‘un, azaliy hamnafas ekanligini alohida ta’kidlash zarur. Ikki millatga ham birdek tegishli “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlari bolaligimizdan qalbimizga qo‘yilgan abadiy qo‘shiq hisoblanadi.

    Ibroyim Yusupov:

    Tomirimizda tug‘ishganlik qonimiz bor qotishgan,

    Ota-bobo bir non topsa, birga bo‘lib totishgan...

    – deb yozgan bo‘lsa, Abdulla Oripov:

    Men o‘zbek, sen esa qoraqalpoqsan,

    Turklar dunyosida sen ham tuproqsan,

    O‘zbekga azaliy tug‘ishgan inim,

    deb qardoshligimizning ildizlari naqadar chuqur ekanligini kuylagan.

    Yurt bayrog‘ini samoga hilpiratgan o‘zbek va qoraqalpoqning mard yigitlari ikki daryo oralig‘idagi jonajon diyorimizda birdek aziz hisoblanadi.

    Keyingi yillarda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy, moddiy va innovasion jihatdan har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ekologik halokat markazida joylashgan Mo‘ynoq tumanida olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari barchani hayratga solmoqda.

    Tarixdan ma’lumki, o‘zbek xalqi ilm, ta’lim, qurilish, adabiyot va san’at, madaniyat, hunarmandchilik sohalari bo‘yicha Sharq xalqlari orasida yetakchilar safida bo‘lgan, taniqli namoyondalari jahon sivilizasiyasiga ulkan hissa qo‘shgan. Shu bilan birga islom ta’limotining rivojidagi o‘rni nihoyatda katta ekanidan doim faxrlanib kelamiz.

    Bir haqiqat bor, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining tili, dini, madaniyati bir. Ayniqsa, qoraqalpoq xalqining ulug‘ shoiri Berdaq bobomizning “Navoiydan savod ochdim” degan misralari o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining adabiyoti, madaniyati uzoq yillar hamohang rivojlanganini yana bir bor isbotlaydi.

    Qirg‘iz xalqining buyuk adibi Chingiz Aytmatov o‘zbek xalqi to‘g‘risida ko‘p bora ajoyib fikrlar bildirgan. Xususan, o‘zbek xalqining madaniyati, Markaziy Osiyo xalqlariga ko‘rsatgan ulkan ta’siri Vizantiyaning rus xalqiga ko‘rsatgan ta’siri bilan barobar, o‘zbek xalqi ilgari ham, bugun ham bizning so‘ylar so‘zimiz, Sharqdagi savlotimiz, deya ta’kidlagan edi.

    Tarixga nazar solsak, o‘zbek xalqi rahbarlari mamlakat rivoji yo‘lida ko‘p tarixiy ishlarga rahbarlik qilgan. Masalan, Usmon Yusupov Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan 1943 yilning fevral oyida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasini tashkil etdi. Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa shaharlardan yirik olimlarni chaqirib, o‘zbekistonlik yoshlarning ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishiga yo‘l ochib berdi. Shuningdek, urush yillarida yirik korxonalarni olib kelib, O‘zbekistonni sanoat markaziga aylantirdi. Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarda 20 ga yaqin oliy ta’lim muassasalarini tashkil qilib, yoshlarimizning ilm va kasb-hunar egallashiga zamin yaratdi. 1947 yilda Chorjov – Qo‘ng‘irot temir yo‘lining qurilishi esa o‘lka rivojlanishini jadallashtirishda juda katta ahamiyat kasb etdi.

    Mamlakatimizga 25 yil davomida rahbarlik qilgan Sharof Rashidov ham juda samarali faoliyat olib bordi. U Qoraqalpog‘istonga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lib, hamma vaqt amaliy yordam berishga harakat qildi. Respublikamizni kompleks rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Taxiatosh GRESi, Taxiatosh plotinasi, temir yo‘l tarmoqlari va asfalt yo‘llarini tez sur’atda qurish, Ellikqal’a, Yomboshqal’a massivlarini o‘zlashtirish, adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab sa’y-harakatlar tashabbuskori bo‘ldi.

    O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyin uning birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligi davrida ham O‘zbekistonimizda ko‘plab keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganini alohida ta’kidlash joiz. Eng katta voqealardan biri – malakatimiz don mustaqilligiga erishdi. Qizilqumning o‘rtasidan Xorazm va Qoraqalpog‘istonga, Qamchiq dovonidan Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l o‘tdi.

    Bugun esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz rivoji, xalq farovonligi yo‘lidagi ulkan bunyodkorlik ishlari butundunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgani butun xalqimiz ko‘ngilini quvontirmoqda.

    Prezidentimiz 2016 yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvini Qoraqalpog‘istondan boshladi. Aniqrog‘i, Shumanay tumanida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda men so‘zga chiqib uzoq yillardan beri davlat boshqaruvida chuqur bilimi, tashabbuskorligi, xalqlarimizga bo‘lgan sadoqati bilan hurmat qozongan Shavkat Miromonovichga ovoz berishga da’vat etdim. Xalqimiz o‘zi ishongan fidoiy insonni yurt rahbari etib sayladi. Mamlakatimizdagi bugungi beqiyos o‘zgarishlar, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar natijasi Prezidentimiz siyosatining oqilona, o‘ta xalqchil ekanligini ifodalab turibdi.

    2017 yilning mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishi bejiz emas. Zotan, xalq manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yish – bu yurt yetakchisining eng ezgu maqsadi. Shu maqsadni amalga oshirish uchun Toshkentda, Qoraqalpog‘istonda, viloyatlarda Prezident tomonidan Xalq qabulxonalari tashkil qilindi. Qabulxonalarga murojaat qilgan fuqarolarning muammolariniga quloq solib, ularni ijobiy hal etish yo‘lga qo‘yildi. Xalq va hukumat yelkadosh bo‘ldi. Bu tadbirlar mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, inson davlat uchun emas, davlat inson uchun xizmat qilishini ko‘rsatdi.

    Prezidentimiz kelajakni chuqur o‘ylab, xalq xo‘jaligining, jamiyatimizning barcha sohalari bo‘yicha hozirgi zamonga xos vazifalarni aniqlab, muhim farmonlar, qarorlar qabul qildi.

    Shu o‘rinda Shavkat Miromonovichning Qoraqalpog‘istonga alohida diqqat-e’tiborini, mehrini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. U Prezident bo‘lib saylanganidan keyin o‘zining dastlabki xizmat safarini Qoraqalpog‘istondan boshlab, barcha muhim vazifalarni chuqur ko‘rib chiqdi, tegishli yechimlarni qabul qildi. U o‘z so‘zida “Men o‘zbek va qoraqalpoq xalqining farzandiman” deb ta’kidlashi xalqimizda katta faxr va hurmat tuyg‘usini yanada oshirdi.

    Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonni rivojlangan yurtga aylantirish bo‘yicha juda muhim dasturlar ishlab chiqildi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” davlat dasturlarining qabul qilinishi hech bir mamlakatda kuzatilmagan. U aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ezgu ishlar hisoblanadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

    Barchamiz keyingi yillarda mamlakatimizda ro‘y bergan va jadal davom etayotgan, tarixda bo‘lmagan beqiyos o‘zgarishlar guvohi, ishtirokchisi bo‘lib turibmiz. Mamlakatimizning rivojlanish yo‘lini bugun butun dunyo e’tirof etmoqda. Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibor qaratilib, barcha sohalarda jadallik bilan olib borilayotgan amaliy ishlar, ko‘ngilni quvontiradigan bunyodkorlik ishlari bo‘y ko‘rsatdi. Bugun Nukus shahri tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Ilgari shaharda bitta oliy o‘quv yurti faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozir ular soni o‘ndan oshib ketdi. Prezidentimiz taklifi, qo‘llab-quvvatlashi bilan Nukus shahrida konservatoriyaning tashkil topishi, unda minglab iqtidorli yoshlar ta’lim olayotgani ham qoraqalpoq madaniyati va san’atiga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tibor ifodasi.

    Yurtimizda inson qadri tom ma’noda ulug‘lanmoqda. 2020 yilda dunyo mamlakatlarini larzaga solgan koronavirus pandemiyasi sharoitida davlatimiz rahbari xalqimizni asrab qolish uchun bor imkoniyatni ishga soldi. Yangi shifoxonalar qurib, chet eldan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, dori vositalari olib kelindi, eng asosiysi, bu ishga xorijlik va mahalliy malakali shifokorlar jalb etildi.

    Pandemiya tufayli AQSHdek rivojlangan mamlakatda yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 7 foiz, Germaniyada 3 foiz kamaygan paytda O‘zbekistonda aholi uchun qancha mablag‘lar ajratilmasin, yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmi 0,6 foiz o‘sdi. Bu uzoqni ko‘zlab olib borilgan nihoyatda oqilona siyosat samarasidir.

    Aynan mamlakatimiz rahbarining sa’y-harakati, tashabbuslari natijasida Qoraqalpog‘iston ham rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi, deb aytishga to‘la asos bor. Masalan, 2017–2021-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining byudjeti 2,5 barobar ortib, 13 trillion 400 milliard so‘mni tashkil qildi. Shubhasiz, bu ko‘rsatkich respublikamizning bundan buyon ham rivojlanishiga, yangilanishiga xizmat qiladi.

    Ilgari Qoraqalpog‘iston aholisining faqat 50 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, davlatimiz rahbari o‘tgan yilda Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida kelgusi besh yillikda bu ko‘rsatkichni 95 foizga yetkazish masalasini ilgari surdi. Prezidentimizning maxsus qarori asosida 2020–2023 yillarda Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 13 trillion so‘mlikdan ziyod ishlar olib borilmoqda.

    Eslab o‘tadigan bo‘lsak, Orol dengizi, Mo‘ynoq – bizning eng og‘ir, muammoli dardlarimizdan edi. Hozir Mo‘ynoq butunlay yangidan qurilib, aholining yashash sharoiti yaxshilandi, chiroyli shaharga aylandi. Qo‘ng‘irotdan Mo‘ynoqqa 101 kilometrlik suv tarmog‘i tortildi.

    Orolning qurishini jahon hamjamiyati allaqachon global muammolardan biri sifatida e’tirof etgan. Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatining e’tiborini Orol muammosiga yana bir bor qaratdi. Bugungi kunda ushbu ekologik halokatning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni birlashtirish O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biri qilib belgilandi.

    Prezidentimizning Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlariga qaratilgan qarori tumanda ichimlik suv muammosiga yechim topishga, gaz, elektr ta’minotini yaxshilashga, ijtimoiy sohadagi barcha masalalarning hal etilishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Orolbo‘yi hududiga ekoturizmning olib kirilishi bu sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning yaqqol ko‘rinishidir. Prezidentimizning bu mintaqada yuzaga kelgan ekologik halokat oqibatlarini yumshatish, jahon hamjamiyatining e’tiborini shu muammoga qaratish, qoraqalpoq xalqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi.

    Qaytadan tashkil etilgan Bo‘zatov tumani ham tubdan yangi qiyofaga ega bo‘lmoqda. Tumanda chorvachilikni rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tarilyapti. Bunday katta o‘zgarishlar hamda yangilanishlarni Nukus shahri, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Ellikqal’a va boshqa tumanlar misolida ham ko‘plab uchratish mumkin.

    Prezidentimizning tashabbusi bilan 2017–2021-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Respublika byudjeti 2,5 marotaba o‘sib, 3 trillion 400 milliard so‘mni tashkil qildi. Yalpi ichki mahsulot yetishtirish 2016 yilga taqqoslaganda 31,7 foizga o‘sdi. Qurilish ishlari 2,4 marta ko‘paydi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 30,4 foiz ortdi. Kichik biznes sub’yektlari soni 2,1 marotaba ko‘paydi.

    2022–2026-yillarda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun maxsus dasturlar tuzilmoqda. Buning natijasida yalpi ichki mahsulot 1,5, eksport 4 karra o‘sishi kutilyapti. Byudjetga tushim esa 1,4 barobar ko‘payadi.

    Men faqat ayrim ko‘rsatkichlarga to‘xtaldim, xolos. Aholining ijtimoiy hayotini yaxshilash, ichimlik suv, kommunal xizmatlar, yangi turar-joylar, maktab, bolalar bog‘chalarining qurilishini ommalashtirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda erishayotgan yutuqlarimiz ham bundan kam emas.

    Mana, o‘tgan qisqa vaqt ichida maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, oliy ta’lim, ko‘pgina ijtimoiy soha ob’yektlari, ishlab chiqarish korxonalari foydalanishga topshirildi. Bu albatta, xalqimiz turmushida, yurtimiz istiqbolida muhim o‘rin egallaydi.

    Ustyurtda neft, Orol dengizi akvatoriyasida gaz konlari bor. Qoratovda esa rangli metall, granit, marmar, syement ishlab chiqarish uchun tabiiy zaxiralar ko‘p. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston zaminida tibbiyotda foydalaniladigan 230 ga yaqin dorivor o‘simliklar o‘sadi. Bularning barchasidan xalqimiz manfaati yo‘lida foydalanish o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalardan hisoblanadi.

    Prezidentimizning topshirig‘iga asosan tumanlarimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonning barcha viloyatlari Qoraqalpog‘iston tumanlariga ma’sul qilib biriktirildi. Bu tajriba o‘zining ijobiy natijasini beradi, albatta. Bugun viloyatlar vakillari alohida dasturlar asosida Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish rejalarini hayotga tatbiq etyapti.

    Ibroyim Yusupovning do‘stlik va totuvlikka bag‘ishlangan “Ko‘ngil-ko‘ngildan suv ichar” degan satri bor. Prezidentimiz 2019 yilda Qoraqalpog‘istonga safari chog‘ida Mo‘ynoq tumanida faollar bilan uchrashuvda shoirning ushbu satriga alohida to‘xtalib o‘tgandi. 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladigan O‘zbekistonimizda xalqlar do‘stligi, ayniqsa, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining mangu do‘stligi ulkan natijalar berishini anglatadi.

    * * *

    Men bu yil 97 yoshga qadam qo‘ydim. Umrim davomida ko‘p voqealarni boshimdan kechirdim, ko‘p insonlar bilan ishladim, hamfikr, maslakdosh bo‘ldim. Yoshi ulug‘ oqsoqollar nasihatini tingladim, achchiqniyam, shirinniyam totdim. Yomondan qochib, yaxshidan ibrat olishga intildim. Ko‘p e’tiborli ishlarda faoliyat yuritdim, obro‘-e’tiborga, shon-shuhratga erishdim. Yurt boshqarib yurgan kunlarimda xalqimiz bilan yondosh bo‘lishga intildim. Ko‘p qiyinchiliklar, bulutli kunlarniyam boshimdan o‘tkazdim. Ish faoliyatim davrida g‘alabalar ham, xato-kamchiliklar ham bo‘ldi.

    “Ko‘p yashagan bilmaydi, ko‘pni ko‘rgan biladi” deganidek, ko‘p davrlar, voqealarni boshdan o‘tkazganim to‘g‘ri xulosalar chiqarishimga asos bo‘ldi deb aytsam bo‘ladi. Bu gaplarni hijjalab aytishdan maqsadim – boshdan o‘tgan shu tajribaga tayanib, yurtimga, xalqimga, ayniqsa, yoshlarga yaxshi tilaklar tilab, nasihatlar aytgim keladi. Men ulug‘ bo‘lay, kichik bo‘lay, xizmatda bo‘lay – hamma vaqt xalqimni, yurtimning birligini, farovonligini, boy dasturxonini, oilasining omonligini, sog‘-salomatligini o‘yladim.

    Bizlar Amudaryo bo‘ylarida ko‘p yillardan buyon birga yashab kelayotgan qardosh o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, turkman xalqlari ildizimiz va tilimiz yaqin, dinimiz bir, yaxshi muloqotda yashab, qiz olib, qiz berib, quda-anda bo‘lib, qonimiz qo‘shilib ketgan. Bizlarning barchamiz yagona maqsad – O‘zbekistonning, Qoraqalpog‘istonning rivojlanishi, xalqi yayrab-yashnashi uchun halol xizmat qilyapmiz.

    Mening istagim, avvalo, barchamiz bir odamning tug‘ishgan bolasidek do‘st, qardosh bo‘lib, metindek birlikda, hamjihatlikda yashashimiz lozim. Har birimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikka sadoqatli bo‘lishi kerak. Bu qoni-qardoshlik, do‘stlikni ko‘zning qorachig‘idek asrab-avaylashimiz, yurak to‘rida saqlashimiz kerak. Do‘stlik kuchni jipslashtiradi, odamlarni oldidagi qiyin vazifalarni samarali hal qilishga undaydi. Bizlar ishlagan davrda bu odatga aylangandi. U qozoq, bu turkman yoki o‘zbek degan gaplar yo‘q edi. Hozir ham ushbu yaxshi an’ana, qadriyat saqlanib kelmoqda.

    Do‘stlik mavzusi hech qachon o‘chmaydigan, hech qachon eskirmaydigan, hech qachon o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydigan abadiy mavzu. Shunday yuksak tushuncha va ezgu istak bilan yashab, olg‘a ilgarilashimiz zarur deb o‘ylayman.

    Yoshlar – farzandlarimiz yurt kelajagi, tayanchi. Mamlakatning gullab-yashnashi ko‘p jihatdan ularga bog‘liq. Yurtda birlik bo‘lishiga, xalqlar do‘stligini mustahkam saqlashga yoshlar doim e’tiborli bo‘lishi lozim. Har bir xalqning an’analari, milliy xususiyatlari, tili va boshqa alohida fazilatlarini hurmat qilish, uni qo‘llab-quvvatlash lozim.

    Dono xalqmizning shunday rivoyati bor: “Rizqisqi-nasibadan, to‘qchilikdan “qayerga borasan?” deb so‘rasa, u: “birlikli yurtga boraman” deb javob beribdi. “Kengashli el ozmas, keng kiyim to‘zmas” degan naql ham bor. Do‘stlikni, birlikni asragan yurt urushdan, janjaldan yiroq bo‘ladi. Janjal birlikni to‘zitadi, birlik yo‘q joyda esa baraka bo‘lmaydi. Ulkan shoirimiz Ibroyim Yusupov yana bir she’rida “ushlashsa polvonlar yoqa ushlashsin, tashlashsa ko‘chqorlar kalla tashlashsin, urishsa xo‘rozlargina urishsin, odam urishgan yer vayrona bo‘lar” degan mazmunda katta fikr aytgan.

    Do‘stlikning, birlikning mevasi tinchlikda, mustahkam hamjihatlikda. Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon bu hamjihatlik, totuvlik, xalqlar orasidagi o‘zaro hurmat-izzat eng aziz, qimmatli qadriyatga aylanib bo‘lgan. Uni asrab avaylasak, Vatanimizga, xalqimizga bo‘lgan hurmatimizni ifodalagan bo‘lamiz. Bu hamjihatlik va do‘stlikni mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqlarimizning farovon turmushini barpo etishda birgalikda namoyon qilaylik.

    Qallibek KAMALOV,

    mehnat faxriysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi