Qanday hujjatlar bepul tiklanadi?

    Mamlakatimizda 28 Oktabr 2020 5400

    Ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan va tiklanishda tegishli toʻlovlardan ozod qilinadigan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlar roʻyxati tasdiqlandi (22.10.2020-yildagi PQ-4871-son qarorga qarang).

    2021-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda davlat boji hamda gerb, konsullik yigʻimi va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻim va davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun belgilangan toʻlovlardan ozod etiladi:

    a) quyidagi hujjatlarni tiklashda:

    • Oʻzbekiston fuqarosi, Oʻzbekiston hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxs va xorijiy fuqaroning ID-kartasi (Oʻzbekiston fuqarosining biometrik pasporti);
    • Oʻzbekiston fuqarosining hamda Oʻzbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxsning xorijga chiqish uchun biometrik harakatlanish hujjati;
    • Oʻzbekistonga qaytish uchun guvohnoma;
    • Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha boʻlib turgan chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga berilgan pasportning yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjatning yoʻqolganligi haqidagi maʼlumotnoma;
    • Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga yashash uchun ruxsatnoma;
    • Oʻzbekistonga taklif qilish toʻgʻrisidagi guvohnoma;
    • Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan rasmiylashtiriladigan maʼlumotnomalar;

    b) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan talab qilib olinadigan quyidagi hujjatlarning koʻchirma nusxalari va dublikatlari, shuningdek ularning mavjudligi haqida maʼlumotnomalarni tiklashda:

    • chaqiruv uchastkasida qayd etilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy guvohnoma va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi;
    • transport vositasining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi va yoʻqotilgan haydovchilik guvohnomasi oʻrniga vaqtinchalik ruxsatnoma;
    • tugʻilganlik haqida guvohnoma, nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqida guvohnomalar, oʻlim haqida guvohnoma;
    • notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlari, hujjatlarning koʻchirma nusxalari hamda reyestrlardan koʻchirmalar.

    Sharti – yuqorida sanab oʻtilgan hujjatlar tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar, noturar joyning yongʻini yoki qulashi, transport vositasining yongʻini) yuz berganligi oqibatida egasining aybisiz yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan boʻlishi lozim.

    Bundan tashqari, ushbu holatlarda hujjat egasi boʻlgan jismoniy shaxslarga nisbatan jazo choralari qoʻllanilmaydi.

    Zarurat tugʻilganda, ofatlar yuz berganligi holatlarini tasdiqlash, hujjatni tiklash vakolati boʻlgan davlat organining soʻroviga asosan:

    • Oʻzbekiston hududida – FVV tomonidan beriladigan maʼlumotnoma asosida;
    • xorijiy davlatlar hududida – xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan berilgan va legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq rasmiylashtirilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday maʼlumotnoma mavjud boʻlmagan taqdirda, hujjat TIV orqali diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassasalaridan olinadigan maʼlumotnoma asosida tiklanadi.

    Ofatlar yuz berishida muayyan shaxslar (tashkilotlar) aybdor boʻlsa, hujjatlarni tiklaganlik uchun toʻlovlar va boshqa haqiqiy xarajatlar ulardan regress tartibida undiriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 23.10.2020-yildan kuchga kirdi.

    Oleg Zamanov.