Qonunchilik “ishlanmaydigan kunlar” va “qoʻshimcha dam olish kunlari” tushunchalarini aniq ajratadi. Jumladan:
- 2-yanvar, 20-mart va 4-sentyabr (shanba kunlari), shuningdek 22-mart (dushanba) – ish haftasining turidan qatʼi nazar barcha tashkilotlar uchun ishlanmaydigan kunlar etib belgilandi;
- 2 va 3-sentyabr (payshanba va juma) – bu barcha uchun qoʻshimcha dam olish kunlari. Aynan ushbu ikki kun byudjet tashkilotlarida har yillik mehnat taʼtilining davomiyligini qisqartirish hisobiga qoplanadi.
Shu bois taʼtil kunlari hisob-kitobiga faqat qoʻshimcha dam olish kunlari – 2 va 3-sentyabr kiritilmaydi, 2021-yil uchun barcha toifalar uchun belgilangan umumiy ishlanmaydigan kunlar esa unga kiritilishi kerak.
“Taʼtil puli” miqdorini aniqlashda unga qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni (faqat 2020-yil 2 va 3-sentyabr kunlari) qoʻshgan holda har yillik mehnat taʼtilining haqiqiy davomiyligini hisobga oling.
Har yillik mehnat taʼtilining davomiyligi qisqartirish hisobga olingan holda 15 ish kunidan kam boʻlmasligi kerak. Hisob-kitob tartibida “olti kunlik”lar uchun istisno mavjud emas.
Taʼtillar grafigini tuzishda xodimlarning roziligi bilan shunday hisob-kitob bilan mehnat taʼtillari taqdim etingki, ular bayram dam olish kunidan keyin boshlansin yoki bayramlar arafasida tugasin. Shu tariqa, xodimlar uchun dam olish kunlarining (taʼtilning emas) umumiy soni uzayadi.
Agar taʼtil rejalashtirilgan boʻlib, boshqa, bayram dam olish vaqtiga toʻgʻrilanmagan vaqtda foydalanilayotgan boʻlsa, u 6-kunlik ish haftasidan kelib chiqib odatdagi tartibda hisoblanadi. Bayram kunlari esa PF-6122-son Farmonga asosan toʻliq hajmda foydalaniladi.
Xususiy tashkilotlarda qoʻshimcha dam olish kunlari mehnat taʼtiliga qoʻshimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, jamoa shartnomalari yoki ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitalari bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi.