Gohida xorijlik odamlar oʻz ona tilida oʻzbekcha soʻzlasa yoki oʻzbekcha sheʼr aytsa, yoinki, adabiyotimiz vakillarining ijod namunalarini tarjima qilganini koʻrsak, eshitsak cheksiz quvonamiz, faxr-iftixor tuygʻulariga toʻlamiz. Jahon ahlining oʻzbek adabiyotiga qiziqishi kundan-kunga ortib borayotgani uning dunyodagi mavqei yuksalib borayotganidan dalolatdir. Turk tilida nashr etilgan “Hozirgi oʻzbek hikoyalari” ham buning yana bir isbotidir. Ushbu toʻplam tarjimoni Hamza Oʻzturkchu bilan oʻzbek va turk adabiy aloqalari va ushbu maʼnaviy koʻprikning istiqbollari haqida suhbatlashdik.

– Hurmatli Oʻzturkchu janoblari, oʻzbek adiblari va ularning oʻziga xos ijodi haqida ilk bora qachon eshitgansiz?

– 2010-yilda Otaturk universitetining Hozirgi turkiy tillar va adabiyoti boʻlimida tahsil oldim. Shu yillarda ustozim Huseyin Boydemirdan oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha saboqlar oldim. Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon toʻgʻrisida birinchi marta 3-kursda oʻqiyotganimda Hozirgi oʻzbek adabiyoti darsida, ustozimdan eshitganman. Shoirning shirali ijod tiliga oʻsha kuniyoq shaydo boʻlib qoldim. Va shu kuniyoq magistratura bosqichidagi dissertatsiyam mavzui Choʻlponga bagʻishlanishini niyat qildim. Xudo menga shu kunlarni nasib etgan ekan, chindan ham yillar oʻtib, magistraturada Choʻlpon haqida ilmiy ish yozdim.

– Adabiyotshunos olim Naim Karimov aytganidek, insoniyat taraqqiyotning muayyan bosqichiga koʻtarilganidan soʻng boshqa mamlakatlar va qitʼalarda yashagan xalqlar badiiy madaniyatidan, nafis adabiyot olamida erishgan yutuqlaridan bahramand boʻlishga katta ehtiyoj sezgan. Odamzodning ana shu ehtiyoj taqozosi bilan adabiyotlar aro qurgan “koʻprigi” hozir kunda “badiiy tarjima” deb ataladi. Ellarni ellarga, dillarni dillarga tutashtirguvchi bu qutlugʻ jarayonga hissangiz qoʻshilayotganidan baxtlimisiz?

– Albatta, juda baxtliman. Oʻtkan toʻrt yil ichida oʻzbek tilidan turk tiliga bir qator adabiy tarjimalar qildim. Dastlab maqola va hikoyalar oʻgira boshladim. Ushbu tarjimalar Turkiyadagi taniqli adabiy jurnallarda nashr etildi. Keyin Choʻlponning “Yorqinoy” pyesasini oʻz tilimizga tarjima qildim va shu asosida tahliliy risola yozib, 2019-yilda eʼlon qildim.

Universitetda tahsil olib yurgan kezlarim Abdulla Qodiriy, Oybek, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov kabi yozuvchilarning asarlarini turk tilidagi tarjimalarini oʻqidim. Bir kuni ustozim darsda Choʻlponning “Goʻzal” sheʼrini oʻzbek tilida oʻqib berdi va bu sheʼr asl holida meni juda taʼsirlantirdi. Choʻlpon asarlari tufayli oʻzbek tiliga boshqacha mehr qoʻydim.

Oʻzbek tilini universitet bosqichida oʻrganganimdan soʻng Oʻzbekistonga borish ishtiyoqi uygʻondi menda. Shundan soʻng birinchi marta 2018-yilda Toshkentda tashkil qilingan xalqaro simpoziumda qatnashdim. Olti kun poytaxt shaharda turdik. Ikkinchi safarimda esa Samarqandga bordim. Samarqandda bir oy boʻldim. U yerda tarjima faoliyatimni va xalq orasida yurib, oʻzbek tilida gapirish imkoniyatimni rivojlantirdim. Yaʼni tilimni kresloda oʻtirib emas, xalq orasida yurib, odamlar bilan soʻzlashib mustahkamladim. Hozirgi kunda ham til va tarjima koʻnikmalarim ustida ishlamoqdaman. Kelajakda oʻzbek tilida oʻzbeklar kabi soʻzlashish va koʻplab badiiy tarjimalar qilishni maqsad qilganman.

– Oʻzbek hikoyachiligi borasidagi izlanishlaringiz yuksak eʼtirofga loyiq. Ayni izlanishlaringizni mujassam etgan yangi kitob nashri bilan bogʻliq jarayon haqida gapirib bersangiz...

– “Hozirgi oʻzbek hikoyalari” nomli kitob hozirgi oʻzbek hikoyachiligining qisqacha tarixiga bagʻishlangan maqolam bilan boshlanadi. Oʻzbek hikoyachiligi haqida ikkita adabiy suhbatni ham tarjima qilganman. Mazkur kitobda bugungi oʻzbek nosirlarining 30 ta hikoyasi oʻrin olgan. Xususan, Oʻtkir Hoshimov, Erkin Aʼzam, Nurali Qobul, Xurshid Davron, Xayriddin Sulton, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Ulugʻbek Hamdam kabi ustoz ijodkorlar hamda yosh nosirlardan Jasur Kengboyev, Asliddin Mustafo, Nodirabegim Ibrohimova, Javlon Jovliyev, Maʼruf Mengli, Gulnoz Mamarasulova va boshqalarning hikoyalari oʻrin olgan. Ushbu hikoyalar bilan oʻzbek hikoyasining adabiy suratini turk tilida muhrlashga harakat qildim. Shu hikoyalar ichida klassik, modern, post-modern, sehrli-realizm oqimi bilan yozilgan asarlar bor. Asarlarni tarjima qilar ekanman, mualliflar bilan adabiy taftish ham olib bordik. Masalan, tarjimasi turkchada maʼnosiz boʻlib qoladigan jumlalarni turk tilidagi mos tushadigan boshqa muqobil jumlaga, iboraga oʻzgartirdik. Zero, milliy uygʻonish davri yozuvchi va tarjimonlaridan boʻlgan isteʼdodli tarjimon Akshit Goʻktugʻ, “Tarjimadagi umumiy adabiy til – tillarning tili”, deb aytib oʻtgan. Shu bois soʻz tarjimasidan ham badiiy maʼno tarjimasi ustida koʻproq ishladik.

Albatta, hozir yoʻlning boshidaman. Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha oʻrganajaklarim hali koʻp. Tarjima xususida ham rejalarim bisyor. Qardosh xalq istiqlol bayramiga adabiy tuhfalarim bor. Yaqinda nashr etilgan “Hozirgi oʻzbek hikoyalari” ham Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz yilligiga badiiy tuhfa boʻldi, desak yanglishmaymiz. Endilikda dastlabki milliy uygʻonish davri yozuvchilarining romanlaridan birini oʻzbek tiliga tarjima qilish niyatidaman. Shuningdek, yangi adabiyot namunalari tarjimalari bilan ham shugʻullanmoqchiman. Oʻzim ham hikoya va sheʼrlar yozaman. Yil mobaynida oʻz hikoyalar toʻplamimni Turkiyada va Oʻzbekistonda chop etib, ikki xalq kitobxonlariga taqdim etishni maqsad qildim. Kelgusida qardosh xalq ijodiy hamkorlik doirasida badiiy tarjima faoliyatimning bardavom boʻlishiga umid qilaman. Zero, adabiy aloqalar – abadiy aloqalardir.

– Suhbat uchun tashakkur. Ijodingiz bardavom boʻlsin.

Yulduz Oʻrmonova suhbatlashdi