Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bagʻishlangan targʻibot tadbirlari respublikamiz boʻylab davom etmoqda. “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi navbatdagi siyosiy-huquqiy muloqot tadbiri Qarshi shahridagi Istirohat bogʻida boʻlib oʻtdi. Unda partiya Markaziy kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, shijoatli yoshlar va faol xotin-qizlar, umuman oʻz kelajagiga befarq boʻlmagan yuzlab qashqadaryoliklar ishtirok etdi.
Qashqadaryo viloyati yurtimizda oʻz oʻrni va mavqega ega hudud hisoblanadi. Neft, gaz, kondensat qazib olish va tabiiy gazni qayta ishlash boʻyicha respublikada birinchi oʻrinda turadi. Hududda xorijiy investorlar ishtirokidagi koʻplab qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Keyingi yillarda Qashqadaryoda olamshumul loyihalar amalga oshirilib, turmush sifati oshib bormoqda. Mard, tanti va mehnatsevar qashqadaryoliklar Vatan taqdiriga daxldor masalalarda har doim oʻz fikri, munosabatini bildiradi.
Siyosiy-huquqiy muloqot tadbirida Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulugʻbek Inoyatov soʻzga chiqib, keyingi yillarda yurtimizda inson manfaatlari, qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani, Konstitutsiyaviy islohotlar orqali davlat zimmasiga qator ijtimoiy majburiyatlar yuklanayotgani, jamoatchilik takliflari asosida bosh qonunimiz haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylanayotganini taʼkidladi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 13- va 14-moddalarida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, davlat oʻz faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshirishi belgilab qoʻyilmoqda.
43-moddada davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda ragʻbatlantirish nazarda tutilmoqda. 57-moddada esa mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasiga olinmoqda. Unga koʻra, davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni koʻradi. Mazkur modda bilan, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning ham ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlari mustahkamlanib, ularning ishga joylashishi, taʼlim olish imkoniyatlarini taʼminlash koʻzda tutilmoqda.
Mana shu moddalarning oʻzi ham Xalq demokratik partiyasi elektorati manfaatlari ishonchli himoya qilinishi, davlatning fuqarolar oldidagi, huquqlar va imkoniyatlar tengligini taʼminlash borasidagi masʼuliyati bir necha barobar ortayotganini aks ettiradi.
Kuy-qoʻshiq, xursandchilik kayfiyatida oʻtgan tadbirda Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi shu va boshqa oʻzgarishlar haqida batafsil tushunchalar berildi. Mahalliy kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham soʻzga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya “inson-jamiyat-davlat” konsepsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqilgani, 30-aprel kungi referendumda faol ishtirok etish Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan har bir insonning fuqarolik burchi ekanini taʼkidladi.
Bahor Xidirova,
“Yangi Oʻzbekiston» muxbiri