Muloqotda 40 dan ortiq yirik kompaniyalari vakillari, shuningdek, ikki mamlakat vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Oʻzbekiston tomoni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy dinamikasini qayd etdi. Qatarning qator yirik kompaniyalari Oʻzbekistonda energetika, yoʻl infratuzilmasi, logistika va turizm sohalarida investitsiyaviy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelyapti.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qoʻshma loyihalar sonini koʻpaytirish va koʻlamini kengaytirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Gap qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik, togʻ-metallurgiya, energetika va neft-kimyo, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, transport va logistika sohalari, shuningdek, keng koʻlamli xususiylashtirish dasturi haqida boryapti. Ular yangi tashabbuslarni amalga oshirishning har bir bosqichida har tomonlama yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Qatar tomoni Oʻzbekistonning investorlar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi va muhokama etilgan barcha loyihalar boʻyicha faol ishlashga tayyorligini taʼkidladi.
Davra suhbati yakunlari boʻyicha Qatar Dynasty Jet kompaniyasining Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochish boʻyicha ikki tomonlama hujjatlar, Qatarning Al Mai Trading, High Com Global Trading hamda Oʻzbekistonning Millmax Trading va Turan as kompaniyalari bilan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha shartnomalar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.