Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qatar Davlatiga davlat tashrifi davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, xavfsizlik va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”)ning 19-bandiga asosan, Qatar poytaxti Doxa shahrida “Oʻzbekiston madaniyati, hunarmandchiligi va turizmi haftaligi” tashkil etildi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad: oʻzbek madaniyatining boy merosini tarannum etish, uning mumtoz va xalq amaliy sanʼati, ijrochilik anʼanalari, urf-odat va marosimlarini namoyish etish hamda Qatar Davlati bilan yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan iborat.
22-fevral kuni “Darb al-Saay” madaniyat maydonida tadbirning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur maydonda shu paytgacha faqatgina Qatar milliy kuni nishonlangan boʻlib, birinchi marotaba u xorijiy tadbir oʻtkazish uchun ajratildi.
Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qatar madaniyat vaziri Abdulrahmon bin Hamad al Tani, Qatar hukumati vakillari, mahalliy aholi hamda bu yerdagi oʻzbek diasporasi vakillari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida Oʻzbekistonning rang-barang madaniy landshafti, jumladan, maqom va baxshilik sanʼati kabi nomoddiy madaniy meros namoyishi; Oʻzbekistonning zargarlik, xattotlik, milliy musiqa asboblari, miniatyura va badiiy, dekorativ hamda amaliy sanʼati yoʻnalishlarida, shuningdek, gastronomik koʻrgazmalar tashkil etildi.
Mehmonlar avloddan-avlodga oʻtib davom etib kelayotgan hunarmandchiligimiz namunalari bilan tanishishdi, milliy taomlarimizdan tatib koʻrib, yuqori baholashdi, hunarmandlar va oshpazlar bilan suhbatda boʻlishdi. Ochilish marosimidan soʻng Oʻzbekiston va Qatar madaniyat vazirlari qatnashib, ular oʻrtasida muloqot boʻlib oʻtdi.
Tadbir doirasidagi maydon tomoshalari, hunarmandchilik va gastronomik koʻrgazma tomoshasidan soʻng, maydonda tashkil etilgan sahnada oʻzbek sanʼat ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.