Hovlisidagi kichik yerdan samarali foydalanib, yil davomida bir necha marta hosil olayotgan oilaning dasturxoni doimo to'kin, turmushi farovon bo'ladi. Mirishkor oilalarda tomorqaning har qarichi hisobda. Axir, bugungi kunda tomorqa nafaqat xonadon a'zolarining ehtiyojlarini qondirish, balki qo'shimcha daromad manbaiga aylandi.
Asli, ota-bobolarimizdan yerga mehr berish, oila ehtiyoji uchun zarur kundalik oziq-ovqatning bir qismini bo'lsada, o'z tomorqamizda yetishtirishning hadisini olgan xalqmiz. Bugun ana shu yaxshi an'ana zamonaviy ko'rinishda qayta ommalashmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan yillar davomida qarovsiz qoldirilgan tomorqalarga qaytadan “jon kirgandek” bo'ldi. Hududlarda xonadonlardagi bo'sh yer maydonlaridan samarali foydalanish yo'lga qo'yilib, ushbu yo'nalishning aholi turmush tarzini yaxshilash, qishloq odamlarining bandligi hamda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashdagi ulushi ortib bormoqda. Yuqoridagi hujjat odamlarning o'z tomorqasidan daromad topish manbalarini kengaytirish, ularga ko'proq qulayliklar yaratishda muhim huquqiy asos bo'lib xizmat qilyapti.
Birgina misol, bugun 4,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari o'z ixtiyoridagi 434,7 ming gektar yer maydonlarida dehqonchilik bilan shug'ullanmoqda. Serquyosh o'lkamizda yetishtirilayotgan kartoshkaning 84 foizi, sabzavot mahsulotlarining 71 foizi, poliz, uzum va mevalarning 55-60 foizi, chorvachilik mahsulotlarining 94 foizidan ortig'i aholi xonadonlari hissasiga to'g'ri kelyapti.
— Joriy yilda aholi tomorqalarida ertaki, takroriy va to'qsonbosti ekinlarni ekish orqali 11,5 million tonna hosil olish belgilangan bo'lib, to'qsonbosti usulda ekilgan 162,7 ming gektar, ya'ni o'tgan yilga nisbatan 130,4 foiz ko'proq aholi tomorqa yerlarida 2,3 million tonna piyoz, sarimsoqpiyoz, karam va boshqa sabzavotlar yetishtirildi, — deydi O'zbekiston Fermer, dehqon va tomorqa yer egalari Kengashi bo'lim boshlig'i Faxriddin Suyunov. — Erta bahorda 348 ming gektar tomorqalarga ekinlar, shundan 58,3 ming gektariga kartoshka, 57,2 ming gektariga pomidor va bodring, 22,1ming gektariga piyoz va sarimsoqpiyoz, 18,4 ming gektar sabzi, 11,1 ming gektar karam, 18,8 ming gektar ko'katlar, 27 ming gektar dukkakli, 25,6 ming gektar poliz, 66 ming gektariga boshqa ekinlar ekildi. Endilikda, tomorqalardan bo'shagan 267,5 ming gektar yerga takroriy ekinlar ekilishi hisobiga 3,6 million tonna qo'shimcha mahsulot olish ko'zda tutilgan.
Aholi xonadonlarida yetishtirilayotgan mahsulotlarga nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham talab ortib bormoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko'ra, joriy yilda to'qsonbosti va erta bahorgi ekinlardan 4,5 million tonna mahsulot yetishtirilgan bo'lsa, shundan 134 million dollarlik 218 ming tonna mahsulot xorij davlatlariga eksport qilindi.
“Tomorqa xizmati” — aholiga ko'makchi
Yangiyo'l tumani Niyozboshi massivi aholisi tomorqachilikda katta tajribaga ega. Ko'kat yetishtirishda nom chiqargan bu hudud 9 ta mahalladan iborat. Bu yerlik odamlar uyida bir qarich yeri bo'lsa ham biror ekin ekib, ro'zg'origa ishlatadi. Hech bir xonadon tomorqasini bo'sh qoldirmaydi. Ko'p yillik tajriba va iqlim sharoitidan kelib chiqib, asosan, kashnich, shivit singari ko'katlar hamda piyoz yetishtiriladi. Yil davomida mavsumga mos turli ekinlar almashlab ekiladi. Niyozboshining ko'kat piyozlari yaqinu-yiroqda, hatto, qo'shni davlatlarda ham xaridorgir.
Bu borada hudud aholisiga “Tomorqa xizmati” MCHJlarning yaqindan ko'mak berayotgani mahsulotlar sotuvini yanada kengaytirmoqda. Bunday korxonalar respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilib, xalqimizga nafaqat sotuv, balki ekin-tekin jarayonlarida ham yordamlashayotgani, mushkulini oson qilayotganiga guvoh bo'lyapmiz.
Prezidentimizning “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan nazarda tutilgan imtiyozlar tufayli “Tomorqa xizmati” MCHJlar rahbarlarining ham ko'kragiga shamol tekkandek bo'ldi. Aholiga mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotib olishgacha bo'lgan jarayonda yaqindan ko'mak berishni maqsad qilgan bu tuzilmalarning o'zi ham moliyaviy ko'makka ehtiyoj sezishi tabiiy. Shu bois, qaror asosida “Tomorqa xizmati” MCHJlar, tomorqa yer egalari va qishloq xo'jaligi kooperativlariga moliyaviy jihatdan ko'mak berish, xususan, Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalarini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan klaster usulida faoliyat yuritadigan “Tomorqa xizmati” MCHJlarga 3 yil muddatga kredit yoki ularning ustav kapitaliga keyinchalik sotish huquqi bilan ulush ajratish hamda aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutgichlar barpo etish uchun kredit ajratish belgilandi.
Imkoniyatlar va moliyaviy yordam qisqa vaqtda o'z natijasini bera boshladi. Tomorqa xizmati korxonalari faoliyatining qo'llab-quvvatlanishi tufayli ularning soni ikki barobar oshib, 608 taga etdi. Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilda aholi tomorqalariga xizmat ko'rsatish ko'lami yanada kengayib, xonadonlarga 10,4 million tup sabzavot va mevali daraxt ko'chatlari, chorva, parranda, quyon, asalari uyalari yetkazib berildi, 61 ming gektar tomorqa yerlari ekishga tayyorlandi. Hisobot davrida 125 million dollarlik tomorqada yetishtirilgan mahsulot eksportini 81 ta tomorqa xizmati korxonalari amalga oshirdi. Bu boradagi ko'rsatkich, ayniqsa, Oqqo'rg'on, Bog'dod, Muzrabot, Zangiota, Xatirchi tumanlarida yuqori bo'lmoqda.
— Mahallamizda yashovchi aholining ko'pchiligi o'z xonadonida issiqxonlar tashkil etib, undan yaxshi daromad olib kelyapti, — deydi Farg'ona viloyati Toshloq tumanidagi “Sholikor” MFY raisi Nazirjon Izboyev. — Avvallari odamlarni tomorqada ishlarni tashkil etish, hosilni sotish bilan bog'liq muammolar qiynardi. Bugun esa ularga shu kabi masalalarda tumandagi “Tomorqa xizmati” mas'uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari zaruriy maslahatlar berib, kerakli ko'chat, mineral o'g'itlar bilan ta'minlab kelmoqda. Hosilni ham o'zlari yaxshi narxlarda xarid qilishyapti. Mahalla ahli bu ishlar uchun ortiqcha xarajat qilib, sarson bo'lish kabi ovoragarchiliklardan qutulganidan mamnun.
Hududlardagi markaziy dehqon bozorlari va gavjum aholi punktlarida “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan xarid qilingan maxsulotlarni sotish uchun maxsus savdo maydonchalarining ajratilishi tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratmoqda. Bugungi kunda respublikadagi 1900 ta aholi gavjum mahallalarda kichik sig'imli muzlatkich omborlarga ega ana shunday yengil konstruktsiyali “dala do'konlari” faoliyati yo'lga qo'yilgan. Ularda xalqimizga mahsulotlar arzon narxlarda — “daladan do'kongacha” tamoyili asosida yetkazib berilyapti. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun Kengash xuziridagi Jamg'armadan 36,7 million so'm mablag' ajratildi.
“Imtiyozli” issiqxonalar
Yil davomida qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirib, aholining oziq-ovqatga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashning eng samarali usullaridan biri — issiqxona jo'jaliklarini tashkil etish hisoblanadi. Yurtimizda bu yo'nalish so'nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga chiqayotgani boisi ham shundan.
Respublikamizda yer maydonlaridan unumli va samarali foydalanishni yo'lga qo'yish maqsadida issiqxonachilikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratila boshlandi. Ayniqsa, aholi tomorqalarida yengil konstruktsiyali, kichik hajmdagi issiqxonalarning keng miqyosda qurilishi nafaqat mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, balki odamlarning qo'shimcha daromad olishi va farovonligini ta'minlashda muhim omil, ekani qisqa vaqtda o'z isbotini topdi.
— Oxirgi yillarda issiqxonachilik yo'nalishi dunyo miqyosida istiqbolli va yuqori rentabelli biznesga aylandi, — deydi Faxriddin Suyunov. — Bu borada yurtimizda ham barcha zarur omillar — tajriba, mehnatkashlik, moddiy va intellektul ko'mak mavjud. Ayniqsa, quyoshli kunlarning yilda o'rtacha 320 kun bo'lishi takrori yo'q sharoit hisoblanadi. Bundan tashqari, O'zbekiston yer sharining 7-zonasida joylashgani bois, issiqxonalarni qo'shimcha yoritmasdan, issiqlik energiyasini 2-3 barobar kam sarflab, arzon va yuqori sifatli hosil yetishtirish mumkin.
Ana shu jihatlarni e'tiborga olgan holda, aholi xonadonlarida issiqxonalarni tashkil etishda yordamlar ko'rsatilib, bir qator imtiyozlar taqdim etilyapti. Xususan, yuqoridagi qaror asosida suv ta'minoti og'ir hududlarda aholi xonadonlarida artezian quduqlari qazish bilan bog'liq xarajatlarning bir qismini qoplash belgilangan bo'lib, 6 319 ta uylarda sug'orish uchun 1 215 ta vertikal sug'orish quduqlari shundan, 176 ta yirik va 1039 ta kichik hajmli sug'orish quduqlari qazish ishlari amalga oshirildi.
— Tarixda birinchi marta Fermer, dehqon va tomorqa er egalari Kengashi huzuridagi Jamg'arma tomonidan sug'orish quduqlari qazigan 204 nafar fuqarolarga 16,8 milliard so'm subsidiya mablag'lari ajratildi, — deydi F.Suyunov. — Dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalariga 300 milliard so'm imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashda yangi yo'nalishga aylandi. Natijada birgina issiqxonachilik yo'nalishida “Temir davftar”ga kiritilgan 527 ming fuqaroning bandligi ta'minlandi.
E'tiborlisi, har yili 1-aprel va 1-avgustga qadar tegishli idoralar tomonidan suv ta'minoti og'ir hududlardagi aholi tomorqalarida qaziladigan quduqlarning manzilli dasturini shakllantirish ishlari davom etadi.
Tomorqada band bo'lganlar ish stajiga ega bo'ladi
Hozirgi vaqtda tomorqa nafaqat daromad manbai, balki o'zini o'zi band qilishning huquqiy asosiga ham aylandi. Prezidentimizning 2018-yil 20-apreldagi “Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorining 14 bandida “2018-yil 1-iyuldan dehqon xo'jaligi va 4 sotixdan kam bo'lmagan tomorqa erida band bo'lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoki 50 boshdan kam bo'lmagan parranda parvalishlayotgan jismoniy shaxslar tomonidan O'zbekiston Respublikasi moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasiga yiliga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida sug'urta badali to'langan yil mehnat stajiga kiritiladi”, deb belgilab qo'yilgan.
Ya'ni, endilikda, tomorqa egalari eng kam ish haqining bir barobarini to'lagan taqdirida, o'sha to'langan davr mehnat staji sifatida hisoblanadi. Bu to'lov yiliga bir marotaba amalga oshiriladi va o'sha yil mehnat daftarchasiga qayd etiladi. Qulay tomoni, bunda tomorqa er egalari etishtirgan mahsulotlarini sotuvga chiqarishi yoki ro'zg'orga ishlatishi ixtiyoriy bo'lib, bu borada biror talab yoki cheklovlar qo'yilmagan.
Komila opa hech qaerda ishlamaydi. Bir necha yildirki, ro'zg'orini 5 sotixli tomorqasidan oladigan daromadi hisobiga tebratib kelyapti. Ayol pensiyaga ish staji bilan chiqay, degan maqsadda hududidagi Fermer, dehqon va tomorqa er egalari Kengashi xodimiga murojaat qilib, tomorqada band bo'lgan davrini mehnat stajiga kiritish yo'l-yo'rig'ini surishtirdi. Mutaxassis opani qonunchilik tartibi va talablari bilan tanishtirdi.
— Birinchi navbatda, siz istiqomat qilayotgan mahalla tomonidan 4 sotixdan kam bo'lmagan tomorqa yeringiz borligi yoki tomorqada qoramol yoxud 50 boshdan kam bo'lmagan parranda parvashlayotganingiz bo'yicha ma'lumotnoma beriladi, — dedi mas'ul xodim. — Avval mehnat daftarchangiz yuritilmagan bo'lsa, Bandlikni ta'minlash bo'yicha tuman mehnat bosh boshqarmasi mehnat daftarchasi bilan ta'minlaydi. Shundan so'ng sizga soliq idorasi vakili tomonidan INN beriladi. Eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdoridagi ixtiyoriy sug'urta badalini to'laganingizdan keyin bank vakili sizga kvitansiya taqdim etadi. To'langan mablag' onlayn tarzda Pensiya jamg'armasi bazasida ko'rinadi va jamg'arma vakili sizga shu joyda mehnat daftarchasini qonuniy asosda to'ldirib beradi. Qarabsizki, qisqa vaqtda bir yillik mehnat stajiga ega bo'lasiz.
O'zini o'zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlarining berilishi hamda ko'pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli bugunga qadar Komila opa singari 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo'lga qo'ydi. Muhimi, ana shu imkoniyatlar asosida ko'plab odamlar tomorqa yerlaridan unumli foydalanib, dehqonchilikni tadbirkorlik darajasigacha olib chiqyapti.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri