Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berishicha, tekshiruvlar natijalariga koʻra ortiqcha toʻlangan mablagʻlar isteʼmolchilarga qaytarildi.
Jumladan, 405 ta dorixonada (162 ta ulgurji va 243 ta chakana) dori vositalari narxlari oshirilgani sababli asossiz ravishda olingan 2 mlrd soʻmga yaqin mablagʻ 58 318 ta holatda isteʼmolchilar foydasiga qayta hisoblab chiqilib, ularning huquqlarini tiklash choralari koʻrildi.
Dori vositalari narxlarining oshirilishi yuzasidan toʻgʻridan toʻgʻri fuqarolardan 800 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularni koʻrib chiqish natijasida 100 mln soʻmga yaqin pul mablagʻ isteʼmolchilarga qaytarilgan.
2023-yil may oyida Raqobat qoʻmitasi FAIR Tech axborot tizimida alohida modulni joriy qilgandi. “Soliq” mobil ilovasi orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish bilan bogʻliq kvitansiyalarning QR kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishda belgilangan ustamalardan ortiq miqdor aniqlansa, tizim avtomatik ravishda qoʻmitaga bildirishnoma yuboradi. Keyin ortiqcha miqdor isteʼmolchiga qaytariladi.