Unda qalamkash ayollar 3 yil davomida matbuot va kitob holida chop etilgan nazmiy-nasriy asarlari bilan qatnashdi.

Bugun Yozuvchilar uyushmasida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda uyushma raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev soʻzga chiqib, mamlakatimizda xotin-qizlar faolligini oshirish, jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash, qishloqdagi ayollarining turmush farovonligini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlar haqida gapirdi.

– Joriy yilning 27-sentyabrdan 17-oktyabriga qadar ijodiy ishlar qabul qilindi, – deydi uyushma boʻlim boshligʻi Farogʻat Xudoyqulova. – Hayʼat aʼzolariga 30 dan ortiq mualliflarning 50 ta ijodiy ishlari taqdim etildi. Ushbu materiallar nashr etilgan kitoblar, matbuotda eʼlon qilingan materiallar janr tasnifi boʻyicha sheʼriy toʻplamlar, sheʼriy turkumlar, hikoyalar, qissalardan iborat.

Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini oʻygʻotadigan, ajdodlarimizning maʼnaviy merosini va milliy qadriyatlarimizning asralishida, ijtimoiy hayotdagi yutuqlarimizda, qishloq hayotidagi yangilanishlar, yosh avlod qalbi, ongida havas va intilishlar uygʻotadigan ijodiy asarlar hayʼat aʼzolari tomonidan xolisona baholandi.

– Tanlovda 2-oʻringa munosib koʻrilganimdan xursandman, – dedi Xorazm viloyati ishtirokchisi Shoira Shams. – Unda “Javrikim jondin oʻtar” va “Yigʻlayotgan qush” sheʼriy toʻplamlarim bilan ishtirok etdim. Yozganlarimda qishloq ayolining ijtimoiy hayotdagi oʻrnini koʻrsatishga, qalbidagi armonlari, orzu-umidlarini misralarda ochib berishga harakat qildim. Albatta, bu kabi tanlovlar qishloq ayolining qadr-qimmatini, jamiyatdagi nufuzini koʻtarishga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

Gʻoliblarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid diplom va esdalik sovgʻalarni topshirdi.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist