Kristalli kremniydan tayyorlangan fotoelektrik batareyalar asosidagi quvvati 300 Vt boʻlgan foto issiqlik qurilmasi (FIQ) respublikaning qishloq hududlarida yil davomida elektr energiyasi va issiq suv olish uchun moʻljallangan.
Qurilmani tayyorlashda OʻzRFA fizika-texnika instituti tomonidan qishloq xoʻjaliklarida yashovchi aholiga yoz va qish ob-havo sharoitlarida elektr va maishiy texnika vositalaridan foydalanishda qulaylik yaratish zarurligiga eʼtibor qaratilgan. Idishlarni yuvish, oila aʼzolarining yuvinishlari va dush qabul qilishlari uchun harorati 70°C gacha boʻlgan issiq suv olishda FIQ bilan “Ariston” tipidagi elektr suv isitgichlarini birgalikda ishlatish koʻzda tutilgan.
FIQ zamonaviy kontroller, GEL tipidagi akkumulyatorlar, invertor, zamonaviy tayanch konstruksiya va issiq suvni saqlash uchun 300 litr hajmli idish bilan jihozlangan. Qurilma parametrlarining quyoshli tabiiy sharoitlarga bogʻliqligi oʻrganilgan va quvvati 600 Vt gacha boʻlgan ~ 220 V, – 12 V va –5,4 V kuchlanishga moʻljallangan isteʼmolchilar uchun loyihalash va ishlab chiqarish boʻyicha tavsiyalar berilgan.
Qurilma Fizika-texnika institutining geliopoligoni sharoitida sinovlardan muvafaqqiyatli oʻtkazildi, deb xabar bermoqda Oʻz RFA matbuot xizmati.