Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasi zamonaviylashib, raqobatbardosh sohaga aylanmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi muhim ahamiyat kasb etayotir.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi, Karantin va oʻsimliklarni himoya qilish agentligi vakillari ishtirokidagi tadbirda qishloq xoʻjaligining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, eksportchilarni qiynayotgan muammolar haqida soʻz bordi.
Qayd etilganidek, eksportchilar oʻzlarini mamlakat iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismi ekanini chuqur anglagan holda, vaziyatni oʻzgartirishga jiddiy kirishmoqda. Ammo tizimda hal qilinmagan masalalar ham koʻp. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, oʻsimlik mahsulotlarida pestitsidlar qoldiqlari va boshqa kimyoviy ifloslantiruvchi moddalar miqdorini cheklash boʻyicha meʼyor va qoidalar Alimentarius Kodeksi parametrlariga mos kelmaydi. Bu esa Kodeks standartlari joriy qilingan davlatlarga mahsulotlarni eksport qilishda qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.
Bugun yurtimizda roʻyxatga olingan 72 faol moddaning 60 foizdan ortigʻi (43) Yevropa Ittifoqi hududida foydalanishiga ruxsat etilmagan. Bu ushbu pestitsidlar bilan ishlov berilgan bogʻdorchilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga eksport qilish mumkin emasligini anglatadi. Pestitsidlardan toʻgʻri foydalanish boʻyicha regulyator tomonidan hech qanday nazorat yoʻq. Masalan, Oʻzbekistonda foydalanishga ruxsat etilgan xlorpirifos, metomil, asefat va propargit Yevropa Ittifoqi va boshqa bir qator mamlakatlarda taqiqlangan. Pestitsidlar va oʻgʻitlarni olib kirish, ichki savdo va tarqatish tizimi tartibga solinmagan, nazorat qilinmaydi. Yevropa Ittifoqi yoki Kodeks qoidalari joriy qilingan boshqa mamlakatlarga eksport qilishda Oʻzbekistonda Kodeks va/yoki Yevropa Ittifoqi parametrlariga muvofiq mahsulotlarni PDK (konsentratlarning ruxsat etilgan darajasi) uchun sinovdan oʻtkazuvchi akkreditatsiyalangan toksikologik laboratoriyalar mavjud emas.
Oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bilan birga, eksport mutaxassislarning axborot va amaliy yordami, GAP (maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyoti), GHP (gigiyena amaliyoti), GMP (ishlab chiqarish amaliyoti) singari jahon amaliyotlarini joriy etish zarur.
Davra suhbatida fitosanitariyani tartibga solish boʻyicha mutaxassislar tartibga solish meʼyorlarini zudlik bilan isloh qilish zarurligini taʼkidladi.