Bugun yurtimizda qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar yaratish, buning uchun qulay infratuzilma va biznes sharoiti yaratish borasidagi amaliy saʼyi-harakatlar ijobiy natijalarini bera boshladi.

Prezidentimizning shu yil 22-avgust kuni tadbirkorlar bilan oʻtkazgan navbatdagi ochiq muloqotida ham bu boradagi ayrim raqamlar aytib oʻtildi. Jumladan, oʻtgan yili 96 ming 500 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Bir yil davomida tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarishni tashkil etish va mavjud quvvatlarni kengaytirish maqsadida 55 mingdan ortiq bino va inshootlar qurildi. Eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingtaga yetib, umumiy eksport hajmi 30 foizga oshdi. Pirovardida, oʻtgan yili yalpi ichki mahsulotning yillik oʻsish surʼati 7,4 foizni tashkil etdi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda bugungi kunda biznes vakillarida yechimini kutayotgan koʻplab masalalar yigʻilib qolganiga alohida eʼtibor qaratib, ularni samarali hal etish, soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 5 yoʻnalishda tashabbusni ilgari surdi.

Albatta, korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida yondashuvni belgilash, yaʼni korxonalarni yillik aylanmasi boʻyicha toifalarga ajratish, tadbirkorlar faoliyatini moliyalashtirishning qulay tizimini yaratish, ularning mulk huquqini himoya qilish, hududlarning sharoitidan kelib chiqib, biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etish hamda ularga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy eʼlon qilish tashabbusi mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati rivojini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Oʻzbekiston sanoatlashish yoʻlida. Va uni jadal rivojlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinyapti. Lekin bir narsani unutmaslik lozimki, sanoat rivoji qishloq xoʻjaligi sohasi oʻz holiga tashlab qoʻyiladi, degani emas. Binobarin, agrar tarmoq sanoat uchun xomashyo yetkazib beruvchi muhim tarmoq hisoblanadi.

Shu bois ham sohaning barcha tarmoqlari eng soʻnggi texnologiyalar yordamida zamon talablari asosida rivojlantirilyapti. Mahalliy iqlim sharoitimizga mos serhosil navlar yaratishdan tortib, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash, eksport qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar tufayli qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri boʻlib qolmoqda. Buni, ushbu soha yalpi ichki mahsulotning 27 foizidan koʻprogʻini, bandlikning deyarli 26 foizini taʼminlayotgani misolida ham koʻrish mumkin.

Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida ham ushbu sohani keyingi 5 yillikda jadal rivojlantirish istiqbollari belgilab berildi. Xususan, Taraqqiyot strategiyasining 30-maqsadida qishloq xoʻjaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini kamida 5 foizga yetkazish vazifasi mustahkamlandi.

Mamlakatimizda agrar tarmoqning iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda tutgan oʻrni hamda navbatdagi 5 yillik uchun belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojlari asosida rivojlanib boradigan anʼanaviy qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishidan zamonaviy va samarali agrobiznesga oʻtish qoʻllab-quvvatlanmoqda. Shu maqsadda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini innovatsion rivojlantirish, yangi texnologiyalarni keng joriy etishga katta eʼtibor berilmoqda.

Koʻzlangan maqsadlarga erishishda, avvalo, sohaning oʻzagini tashkil etuvchi klasterlar va fermerlik faoliyati rivoji muhim ahamiyatga ega. Bu borada sezilarli ijobiy natijalar koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, yurtimizning deyarli barcha hududlarida mahsulot yetishtirishdan tortib to undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan toʻliq zanjirni qamrab oluvchi klasterlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan fermer xoʻjaliklari soni 107 mingdan oshdi. Bu 2017-yilga nisbatan 40 foiz koʻp, degani.

Fikrimizni fermerlik harakati misolida davom ettiradigan boʻlsak, fermer xoʻjaliklari mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. 2021-yilda ular yalpi don hosilining 81,1 foizini, kartoshkaning 23,2 foizini, sabzavot mahsulotlarining 36,5 foizini, mevalarning 42,2 foizini, uzumning 43,3 foizini, poliz ekinlarining 51,1 foizini yetishtirdi. Soʻnggi 5 yilda fermer xoʻjaliklari tomonidan ishlab chiqarish hajmi 10 foizga oshdi.

Keyingi yillarda fermerlik faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, jumladan, sogʻlom raqobat muhitini yaratish, iqtisodiy faoliyat erkinligi va mustaqilligini taʼminlash borasida qonunchilik bazasi takomillashtirilmoqda. “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining asosiy ishlab chiqaruvchisi boʻlgan fermer xoʻjaliklarini qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, uning darajasi va sifatini oshirish uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir boʻlgan kuchga aylantirish boʻyicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada qishloq joylarda aholining turmush sifati va darajasi ortib borishiga erishildi.

Prezidentimizning 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etishning huquqiy asosi yaratildi. Jamgʻarma bugungi kunda fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, fermer xoʻjaliklarining innovatsion faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yangi turlarini yetishtirishni ragʻbatlantirish, shuningdek, sohaga yangi samarali texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashib kelmoqda.

Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi tizimini tubdan takomillashtirish va ularga bank xizmatlari koʻrsatishni yaxshilash maqsadida fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari tuman kengashlari qoshida xoʻjaliklarda buxgalteriya hisobi va hisoboti markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

2017-yildan boshlab fermer xoʻjaliklari tarmoqlarini kengaytirish, yaʼni qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan birga, ularni qayta ishlash, saqlash va sotish, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, xizmatlar koʻrsatish hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat bilan shugʻullanadigan koʻp tarmoqli xoʻjaliklarga aylantirish jarayoni faollashdi. Ushbu saʼy-harakatlar qishloq joylarda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat barqarorligini taʼminlash, bozorlarni zarur isteʼmol tovarlari va xizmatlari bilan boyitishning asosiy omili boʻldi.

Prezidentimizning 2022-yil 28-maydagi “Gʻalla yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan qishloq xoʻjaligida bozor mexanizmining keng amal qilishini taʼminlashga qaratilgan dastlabki qadam tashlandi. Gʻalla yetishtirishni erkinlashtirish, bozor mexanizmini toʻlaqonli joriy etish fermerlar faoliyatini yanada rivojlantirish uchun iqtisodiy ragʻbatni koʻchaytirdi. Bu esa oʻz navbatida, iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini beradi.

2020-yilda mamlakatimizda oʻrtacha don hosildorligi gektaridan 57 sentnerni, 2021-yilda esa 64 sentnerni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 67–70 sentnerga yetdi.

Soʻnggi 3 yilda hududlarda 160 million tonnaga yaqin quvvatga ega yirik xususiy don korxonalari ishga tushirildi. Bu orqali sohada xususiy sektor ulushining ortib borishi taʼminlanmoqda. Birgina oʻtgan yili yurtimizda ishlab chiqarilgan 3,5 million tonnaga yaqin unning 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga toʻgʻri kelgani ham fikrimiz tasdigʻidir.

Davlat tomonidan 1 tonna bugʻdoyning eng kam xarid narxi oʻtgan yilgi 1,5 million soʻmdan 2022-yil hosili uchun 3 million soʻmgacha, yaʼni deyarli ikki baravarga oshirildi. Oʻz vaqtida qabul qilingan qaror samarasida gʻallakorlarimiz katta manfaat koʻrdi.

Navbatdagi dolzarb vazifa – paxta xomashyosini yetishtirishda bozor mexanizmini joriy etish, paxtachilik sohasida klasterlar foaliyatini yanada takomillashtirish, paxta xomashyosini sotib olishda klasterlar va davlat kafolatlarini taʼminlaydigan tizimni joriy etish hisoblanadi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish, umuman, agrar tarmoqni rivojlantirish oziq-ovqat barqarorligini taʼminlash, iqtisodiyotda soha ulushini oshirish bilan bir qatorda, qishloq joylarda aholi turmush sifatini yaxshilashga ham xizmat qiladi.

Rustam HASANOV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.