Mamlakatimizda gʻalla mustaqilligini mustahkamlash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlarni izchil amalga oshirayotgan gʻallakorlarimiz ham allaqachon marraga yetib keldi. Mavjud 67 ming 750 gektar maydondagi gʻallazorning har gektaridan 69,5 sentnerdan hosil yetishtirildi. Davlat omborlariga salkam 186 ming tonna don topshirildi. Klaster va fermer xoʻjaliklari tasarrufida ham har yilgidanda koʻproq gʻalla qoldi. Erishilgan yutuqqa, ayniqsa, Pop, Chust, Toʻraqoʻrgʻon, Namangan, Norin, Mingbuloq, Chortoq, Uchqoʻrgʻon tumanlari katta hissa qoʻshdi. Mavjud fermer xoʻjaliklarining teng yarmida 60-80 sentnerlik natijaga erishildi. Togʻli hududlarda joylashgan Kosonsoy va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida oʻrim-yigʻim davom etmoqda.

Gʻalladan boʻshagan maydonlarning 12 ming 606 gektari 75 ming 654 nafar “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”da roʻyxatda turgan hamda dehqonchilik qilish maqsadida murojaat etgan, ish bilan band boʻlmagan fuqarolarga ajratib berildi. Ayni kunlarda bu maydonlarda kuzgi ekinlar ekish ishlari yakunlanib, sugʻorish, parvarish ishlari boshlab yuborilgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur maydonlarda dehqonchilik qilayotgan kam taʼminlangan aholi yil yakunida 1,9 trln. soʻm daromad olishi kutilmoqda.

Joriy yilda 4 ming 769 gektarda sabzavot, ming gektardan ortiq yerda poliz, 2 ming 261 gektarda kartoshka, 4 ming 400 gektarda moyli, 38 ming 904 gektarda dukkakli, 10 ming 500 gektarda ozuqa ekinlari va 1 ming 195 gektarda sholi ekish rejalashtirilgan boʻlib, jami 559 ming 784 tonna mahsulot yetishtirish koʻzda tutilmoqda.

Namanganliklar paxtachilikda oʻtgan dehqonchilik yilida erishgan yutuqlarini mustahkamlash, yana-da yuqori natijalarga erishish yoʻlida ham astoydil mehnat qilishmoqda. 7 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan parvarishlanayotgan 63 ming 406 gektar maydonning har gektaridan oʻrtacha 40 sentnerdan jami 253 ming 624 tonna paxta xomashyosi yetishtirish bosh maqsad qilib olingan. Gʻoʻza parvarishida eʼlon qilingan 1-iyundan - 30-iyungacha “Zarbdor 30 kunlik”da 2,5-marta yoki 158,5 ming gektar maydonda sifatli kultivatsiya, 1,5-marta yoki 95,1 ming gektar maydonda chuqur chizellash, 63,4 ming gektar maydonda ikkinchi oziqlantirish, 1-marta sugʻorish tadbirlari toʻliq amalga oshirildi. Gektariga 3-marta 1 grammdan trixogramma, 2-marta 500-1000 donadan oltinkoʻz, 2-marta 500-1000 donadan brakon biomahsuloti qoʻyildi. 2 marotaba biostimulyator, 1,5 marotaba gʻoʻza normal oʻsishini taʼminlovchi moddalar bilan ishlandi. 2 gektar maydonga bir donadan feramon tutqichlar qoʻyildi. 163 ta otryadga 1331 ta kultivator va 469 ta chuqur yumshatkichlar biriktirildi. 121 ta “mexanizatorlar uy”lari faoliyati klaster korxonalari tomonidan tizimli yoʻlga qoʻyildi.

Toʻgʻrisi, bugun Namanganda barcha sohalarda, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasida ham katta marralarni zabt etish, aholining turmush farovonligini oshirish, maʼnaviyati, savodxonligini yuksaltirish yoʻlida dadil qadamlar qoʻyilmoqda. Yaqinda viloyat hokimimiz Shavkatjon Abdurazzoqov aholi bilan muloqot chogʻida yoshlarni internetning salbiy xurujlaridan asragan holda, ularning qoʻliga koʻproq gazeta, kitob berish vaqti allaqachon yetib kelganini aytib, barchani sergaklikka chaqirdilar. Haqiqatdan ham gazeta, jurnal, kitob oʻqigan insonning ilmi, saviyasi, qobiliyati, dunyoqarashi ham oʻzgacha boʻladi. Shunday ekan, qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida ham maʼnaviyat-maʼrifatga jiddiy eʼtibor qaratamiz. Buning uchun fermer xoʻjaliklari dala shiyponlarida “Maʼnaviyat xona”larini ochishimiz, u yerda televizor, radio, kitoblar, gazetalar boʻlishini taʼminlashimiz, bu borada barcha shart-sharoitlarni yaratishimiz zarur, deb bilaman.

Anvarjon HAKIMOV,

Namangan viloyati hokimining qishloq xoʻjaligi

masalalari boʻyicha oʻrinbosari.