Olis-ovloq goʻshalarda, oddiygina umrguzaronlik qila turib ham inson oʻz eʼtiqodi, imoni tufayli qadr-qimmat topa oladi.
Taniqli yozuvchi, dramaturg Gʻafur Shermuhammad qalamiga mansub, yaqindagina “Adabiyot” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Mardi maydon” kitobidan joy olgan asarlar leytmotivini, menimcha, xuddi shunday gʻoyalar tashkil etadi. Chunki toʻplamdagi qissalarning, hikoyalarning qahramonlari – dala-dasht farzandlari, andak toʻpori, andak qiziqqon, andak beandisha, shu barobarida, yuraklarida or-nomus, tantilik, diyonat mavj urib turgan odamlar. Ularning aksariyati besh-olti ovuldan nariga oʻtib koʻrmagan, lekin koʻngillari dunyo qadar keng. Albatta, muallif oʻz qahramonlarini oppoq yoxud qop-qora ranglarda joʻngina tasvirlab qoʻymaydi, aksincha, ularning feʼl-atvori-yu, his-tuygʻularini, hayotiy tutumlarini butun murakkabligicha qogʻozga toʻkadi, shu bois, asarlardagi barcha personajlar jonli, tirik odam sifatida koʻz oldimizda gavdalanadi. Goʻyo ular bizga koʻpdan beri tanishday, qaylardadir uchrashib suhbatlashganday taassurot tugʻdiradi. Boshqacha taʼriflaganda, kattayu kichik personajlarning hammasi yuragimizga yaqin, qadrdon.
Masalan, “Barakasini bersin” qissasidagi Qulmurod va Haydar obrazlari. Avval boshida ular odamgarchilik siyogʻi yoʻq, quv-ayyor qahramonlar sifatida taassurot uygʻotadi, mutolaa jarayonida esa ularning ham imoni but, birovning haqidan qoʻrqadigan, diyonatli odamlar ekaniga guvoh boʻlamiz. “Quduq”dagi Erat choʻpon haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Uning Lallayni chuqurga qamab qoʻyishi, shafqatsizligi oʻquvchiga avvaliga malol keladi, ichimizda nafrat paydo qiladi, keyinroq u ham mardlik-tantilik xislatlaridan bexabar emasligini bilib, koʻnglimizdan iliq kechinmalar oʻtadi. Ushbu obraz haqida chuqurroq mulohaza yuritishga undaydi. Erat – ahdu paymonni, lafzni gʻoyat qadrlaydigan odam. Lallayning tayinlagan kuni kelolmay qolishiga biror uzrli sabab bordir, deb oʻylab koʻrishni ham istamaydi. Inson har qanday sharoitda ham oʻz vaʼdasi ustidan chiqishi shart, deb hisoblaydi. Tagʻin eʼtiborli jihat shuki, bunday tutum-talabga oʻzi ham qatʼiy amal qiladi. Jahl ustida Lallayga quduqdan suv chiqmagunicha, sen ham chuqurdan chiqmaysan, deb yubordi va uni qamab qoʻydi. Qarangki, Lallaydagi mardlik, odamgarchilik fazilatlaridan qattiq taʼsirlangan boʻlsa ham uni chuqurdan tortib olmaydi, chunki hali suvdan darak yoʻq, demak hali qasamni buzib boʻlmaydi. E, kimsasiz choʻlda yashasam, qasamimga hech kim guvoh emas, xohlasam, qatʼiy turaman, xohlasam, buzaman, qabilidagi oʻy xayolining koʻchasiga ham kelmaydi. Eratning aynan shu qaysarligi, soʻzida sobitligi ham oʻquvchida zavq uygʻotadi, qasamlarning qadr-qimmati siyqalangan, vaʼda berib bajarmaslik oddiy holga aylangan bugungi kunda mazkur obraz noyob bir gavhardek yarqirab koʻrinadi.
“Mardi maydon”dagi Toʻlaboy obrazi ham murakkabligi bilan oʻquvchi eʼtiborini tortadi. Asar boshida biz uni koʻpkarilarda gʻirromlikka, nayrangbozlikka qoʻl urayotgan chavandoz sifatida koʻramiz. Albatta, koʻnglimizda nafrat, norizolik uchqunlay boshlaydi. Ammo mutolaa davomida bu qahramonning ham oʻziga yarasha dardi borligiga, behuda qingʻir yoʻlga kirmaganiga guvoh boʻlamiz. Toʻlaboy mol-matohdan ham koʻra or-nomusni, qassos lazzatini ustun qoʻyishini anglaymiz. Fikrimizning tasdigʻi sifatida quyidagi lavhaga eʼtibor qaratishni lozim koʻramiz:
“Ikki suvoriy ularning oldiga sovringa olingan bir suruv qoʻy-echkini haydab keldi.
– Ana, mollaringni bittalab sanab ol!– dedi Toʻlaboy yonida turgan toʻy egasiga.
– Ie...Nima deyapsiz? – dedi u hayratlanib. – Sovrinlar sizniki...
– Menga bu elning sovrini harom!”
Qissada Toʻlaboyning keksa, ustoz chavondoz Sattor polvonga munosabatida ham uning joʻmardligi, koʻpkari udumlariga sadoqati, tiniq qalbi yakqol koʻrinadi. Oʻzbek polvonining dangalligidan, gʻururidan zavq-shavq tuyamiz. Beixtiyor oʻsha dala-dashtga borib, Toʻlaboyni topib, qoʻllarini siqib qoʻygimiz keladi. Bu obraz ham farzandlarimizni mardona, tanti qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi, deb bemalol aytishimiz mumkin. Shu oʻrinda taʼkidlash oʻrinliki, Gʻafur Shermuhammadning “Mardi maydon” toʻplamidan joy olgan qissalarning, hikoyalarning barchasi milliy kaloritga boy, har satrida sodda va qaysar dasht odamlari nafasi ufurib turadi, yuragimizga sogʻinch, xayrixohlik, shafqat singari sohir tuygʻular sizib kiradi. “Barakasini bersin”, “Tengiz”, “Taʼziyadagi toʻy”, “Mardi maydon” – qay birini mutolaa qilmaylik, muallifning oddiy odamlar hayotini yaxshi bilishini, ularning dardini yurakdan his etishini, el bilan hamisha hamdard, hamnafas ekanini anglaymiz. Alhol, asarlarning badiiy yetukligiga, tasvirlarning tiniq va jonli chiqishiga xuddi shu jihatlar taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, ajabmas.
Modomiki, soʻz milliylik, originallik, badiiy jozibadorlik haqida borarkan, bu borada toʻplamdagi “Quduq” qissasi yakqol ajralib turadi. Asar qahramoni Lallay, atoqli adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev taʼkidlaganidek, tishidan tirnogʻigacha haqiqiy oʻzbek. Oʻzbekning turli rakurslardan olib koʻrsatilgan yorqin timsoli. Qissaga olis mustabid tuzum davridagi voqealar asos qilib olingan boʻlsa-da, lekin u bugun ham yuragimizga yaqin. Chunki unda oʻzbekning hayot tarzi, feʼl-atvori, xislatu illatlari, dardu hasrati, orzu-armonlari ulkan samimiyat bilan tasvirlangan. Bu qissa bosh-adoq timsollar tizimiga qurilgan, deya bemalol taʼriflashimiz mumkin. Avvalo, bosh qahramon soddaligi, ishonuvchanlgi, sadoqati, mehnatsevarlgi, halolligi, matonati, bardoshi bilan oʻzbek xalqining chinakam timsolidir.
Quduq nima? Bu oʻzbekning sabr kosasi. Balki Lallay kovlagan quduq biror kun suvga toʻlib-toshar, ammo oʻzbekning sabr kosasi jabru jafolardan, sitamlardan hech qachon toʻlib-toshmaydi, aksincha, alamlar, armonlar koʻpaygani sayin u yanada chuqurlasha boradi. Muallif aynan shunday falsafiy tutumlarga asoslangan boʻlsa, ajabmas. Asar bosh qahramonining isyoni ham oʻziga xos, oʻzbekona, urib birovning qonini toʻkmaydi, aksincha, bisotidagi yakkayu yagona jonliqni soʻyib qon chiqaradi va.... dilini ogʻritgan oʻsha kaslarni yigʻib xudoyi oʻtkazadi. Qissa mutolaasi jarayonida tagʻin anglaymizki, Lallay quduq kovlagan sayin chuqurga, qorongʻulikka kirib ketayotgani yoʻq, balki bamisli choʻqqiga tirmashgan chapdast sportchi singari oʻquvchi koʻz oʻngida tobora balandga koʻtarilib, nurga, yogʻduga belanib boraveradi. Zero, insonni bilak quvvatidan koʻra yuragidagi, ruhiyatidagi qudrat yuksaltiradi. Muallif oʻzbekka sharaf keltiradigan xuddi shu xislatlarni tiniq va taʼsirchan ifodalay olgan. Shu oʻrinda kichik bir mulohaza: Doniyor buva va Chorining shirinquduq orzusidagi suhbati aks etgan lavha asarning ilk bobida kelsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Chunki qissa aynan oʻshanday shirin suvli quduq kovlanishi bilan yakun topyapti. Yaʼni, asar avvalidagi tugun yechilyapti.
Gʻafur Shermuhammadning mazkur toʻplamidan joy olgan “Taʼziyadagi toʻy” qissasi ham oʻziga xos. Muallif kichik bir asarga hayotimizda bot-bot uchraydigan, dillarni gʻashlaydigan katta muammolarni mahorat bilan joylay olgan. Jumladan, bugungi kunda nafaqat katta shaharlarda, balki olis ovullarda ham nomaʼqul anʼanaga aylanib ulgurgan bidʼat-xurofotlarni ayovsiz fosh etadi. Asar tesha tegmagan iboralarga, nozik qochirimlarga boy. Quyidagi misol fikrimizni yana bir karra tasdiqlaydi, deb oʻylaymiz:
“– Men tarqata qolay! – Norcha beixtiyor pulga qoʻl choʻzdi.
– Siz hisobdan adashib ketasiz.”
Taʼkidlaganmizdek, qissa garchand mutoyiba, yumor, kulgu bilan bitilgan boʻlsa-da, mutolaadan soʻng oʻquvchi beixtiyor maʼyus tortib qoladi, ezgin oʻylar iskanjasiga tushadi. Shu oʻrinda yana bir istihola: toʻplamdagi asarlarga “Kinoqissa”, “Satirik qissa” qabilida izohlar berilgan. Menimcha, bunga hojat yoʻq. Qolaversa, mutolaa davomida oʻquvchining oʻzi asar qay bir janrga mansubligini bilib olgani maʼqul.
Ayolning matonatini, tadbirkorligini, sadoqatini, sobit irodasini tarannum etuvchi “Tengiz” qissasi toʻplamga alohida koʻrk berib turibdi, deyishimiz mumkin. Asarda davr nafasi seziladi. Bugungi kunda mamlakatda kechayotgan tub islohotlar, ijobiy oʻzgarishlar samimiyat bilan ifoda etilgan. Qissada bir qator zamondosh, qadrdon qahramonlar qiyofasini uchratamiz. Ularga qoʻshilib quvonamiz, ular bilan ertangi kun uchun tashvish chekamiz. Yuragimizga, ruhiyatimizga koʻtarinkilik, shijoat sizib kiradi. Shuningdek, “Tengiz” qoraqalpoq va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi qardoshlik, doʻstlik, ahillik yanada mustahkam, yanada bardavom boʻlishiga ulkan hissa qoʻshishiga ishonamiz. Ammo ayrim oʻrinlarda qissaning asl nasli film uchun ssenariy boʻlgani sezilib qolgan. Bu talabchan oʻquvchilarni ranjitmay qolmaydi, albatta. Bu borada muallif keyingi nashrlarda yanada jiddiyroq yondashadi, degan umiddamiz.
Har qanday qalamkashning iqtidorini, salohiyatini baholashda uning soʻz qoʻllashiga, matn ustida ishlashiga, xalq tilini nechogʻli bilishiga eʼtibor qaratamiz. “Mardi maydon”ni shu nuqtayi nazardan kuzatsak, Gʻafur Shermuhammadning isteʼdodiga, tajribasiga yana bir karra guvoh boʻlamiz. Yozuvchining satrlari pishiq-puxta boʻlishidan tashqari badiiy boʻyoqlarga boy, tasvirlari tiniq va taʼsirchan. U nozik chizma bilan oʻquvchi koʻz oldida jonli manzara yaratish barobarida badiiy zavq ulashadi. Jumladan, “Yomgʻirdan bebahra qolgan lalmi maysa kabi qoshlar...”, “Yuragi choʻgʻi oʻchgan tandirdek sovub qolgan...”, “Qibla qizarib, goʻyo olamga oʻt oʻrlagan-u, uning ichi-tashi ham oʻsha olovga tutashib ketgandek edi...” singari quyma, asar mohiyatini toʻlaroq ifodalovchi satrlar koʻplab uchraydi. Shuningdek, toʻplam tasavvurimizni boyitadigan, badiiy lazzat beradigan naqllarga, maqollarga boy.
“Sakson – yakson...”
“Tentakni qochgan tomoniga quv...”
“Toʻyning koʻrki oʻrtakash bilan, taʼziya koʻrki hassakash bilan...”
Albatta, yuqoridagi kabi nimtabassum uygʻotadigan, serishora, sermazmun iboralarni koʻplab keltirish mumkin. Ularning barchasi muallifning xalq jonli tilini yaxshi bilishidan, doimo izlanuvchan ijodkorligidan darak beradi.
“Mardi maydon”dan oʻrin olgan qissalar oʻz vaqtida davriy nashrlarda ham eʼlon qilingan. Jumladan, “Barakasini bersin”, “Taʼziyadagi toʻy” oʻn yilcha avval adabiy jamoatchilik sevib kuzatib boradigan “Yoshlik” jurnali sahifalarida yoritilgan edi. Ammo muallif ularni yana qayta ishlab, turli taʼsirchan lavhalar qoʻshib, ifodasini tarashlab, kitobxonlar hukmiga havola etibdi. Bu ham boʻlsa, adibning oʻz-oʻziga talabchanligini, adabiyotga, badiiy soʻzga ixlosi, ehtiromi baland ijodkor ekanini anglatadi. Bu xislatlar qaysidir maʼnoda andak hovliqma yosh qalamkashlarga ibrat, namuna deya taʼriflashimiz mumkin.
Gʻafur Shermuhammadning mazkur toʻplamiga kiritilgan asarlarning deyarli barchasi asosida filmlar yaratilgan. Ular xalqimizning, mutaxassislarning haqli eʼtiroflariga sazovor boʻldi. Aslini olganda, kino ustalari, rejissyorlar har qanday badiiy asarga ham eʼtibor qaratavermaydi. Ular jonli, yorqin, xalqchil obrazlar izlashadi. Bunday qahramonlarni yaratish, albatta, ijodkorning mahoratiga, tajribasiga, voqealarni xuddi kinotasvirday ifodalay bilishiga bogʻliq. Yuqorida qayd etganimizdek, Gʻafur Shermuhammad ana shunday iqtidor, sezgi, tasavvur sohibi ekani uning bitiklaridan yakqol koʻrinib turibdi. Adib nafaqat hamisha talabchan, hamisha chanqoq kitobxonlarni, balki kinofilmlarga ishtiyoqmand qavmni ham mamnun eta bildi. Barcha sanʼat turlarining zamirida badiiy soʻz, badiiy adabiyot yotishini keng jamoatchilikka yana bir karra eslatdi.
Xulosa tarzda aytganda, “Mardi maydon”dagi uloq yana Gʻafur Shermuhammadda ketdi. Haloli boʻlsin!
Luqmon BOʻRIXON,
yozuvchi