Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoʻngʻirot tumanida 132 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Eʼtiborli jihati, tuman aholisining 25 ming nafardan ortigʻi muntazam ravishda ommaviy sport bilan shugʻullanib keladi.
Tumandagi “Mingjargan” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabida boʻlib oʻtgan “Mahalla yoshlar forumi” doirasida sport musobaqalari ham tashkil etildi. Unda mahalla yoshlari sportning futbol, voleybol, shaxmat, shashka, stol tennisi va kibersport turlari boʻyicha oʻzaro musobaqalashdi.
Futbol musobaqalarida 24 ta mahalla jamoasi gʻoliblik uchun bahs olib bordi. Yelabad mahallasi yoshlari ushbu musobaqada birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Keyingi oʻrinlarni mos ravishda “Qoʻngʻirot” hamda “Jinishke” MFY jamoalari egalladi.
Qizlar oʻrtasida voleybol musobaqalari tashkil etilib, unda hududdagi 18 ta mahalla qizlari ishtirok etdi. Bu yoʻnalishda ham “Yelabad” SHFY jamoasiga munosib raqib topilmadi.
Shaxmat musobaqalarida oʻgʻil bolalar oʻrtasida 1-oʻrinni “Gulabad” MFYda yashovchi A.Turkmenbayev, qizlar oʻrtasida esa “Taraqli” MFYda istiqomat qiluvchi A.Sabirxanova egalladi.
Shashka musobaqalari ham qiziqarli kurashlar ostida kechdi. Unda oʻgʻil bolalar oʻrtasida “Qiyot” OFYdan I.Sattarbergenov, qizlar oʻrtasida esa “Adebiyat” OFYdan D.Matkarimova 1-oʻringa sazovor boʻldi.
Stol tennisi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqada “Talliq” MFY vakillariga teng keladigan raqib topilmadi.
Taʼkidlash kerakki, bu kabi ommaviy sport tadbirlari Qoraqalpogʻistonning barcha hududlarida tashkil etilmoqda va eng muhimi, ushbu loyiha mahalliy yoshlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.