Bundan tashqari, u insonning nafaqat jismoniy, balki maʼnaviy, madaniy taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. Mehnat sabab odam umrini maʼnan uzaytirish, hayotini yanada sermazmun qilish, har tomonlama boyitish uchun uzluksiz intilib keldi. Turmush tarzini muntazam yaxshilash, takomillashtirishga harakat qildi. Pirovardida mehnat odamni ixtirochiga, bunyodkorga aylantirdi.

XXI asrda oʻsha mehnat sunʼiy intellektni reallikka aylantirib, hayotimizga olib kirdi. Bugun biz foydalanayotgan barcha ijtimoiy platforma, yordamchi chat-botlar aynan sunʼiy tafakkur mahsuli. Ularni ishlab chiqish jarayonida ham maxsus robotlarning beminnat xizmatidan foydalanildi. Odatda, robotlar deganda, koʻpchilikning tasavvurida insonlardek gaplashib, harakatlanadigan qiyofalar gavdalanadi. Aslida, robot — nisbatan kengroq tushuncha. Smartfoningizdagi ilovalar, ­dasturlar, deylik, google tarjimon, lugʻatlar, turli oʻyinlar va hokazolar ham sunʼiy intellektga yaqqol misol boʻla oladi. Faqat ularning qamrovi kichik boʻlib, muayyan yoʻnalishdagina sizga yordam berishi mumkin.

Ha, sunʼiy idrok tushunchasi shu qadar kengayib ketdi. Dunyoning u yoki bu burchagida har soatda qilinayotgan olamshumul ishlarning barchasidan shunchaki boxabar boʻlishga ham ulgurmayapmiz.

Raqamlashgan zamon butun dunyoda erkaklar bilan birga xotin-qizlarning hayotini ham yaxshilash uchun yangi va misli koʻrilmagan imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugun raqamli texnologiyalar hayotning barcha jabhasini, jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tizimlarni jadal oʻzgartirmoqda. Koʻpdan buyon bir chekkada qolgan ayol-qizlar oʻzini oʻnglab olishi uchun yangidan yangi tayanch nuqtalari, ustunlarini vujudga keltirmoqda.

Ayni paytda ayollarning ilmiy-texnologik faoliyatda nufuzi va ahamiyatini yanada oshirish, jumladan, olimalarga va gʻoya mualliflariga ijtimoiy muammolarni oʻz vaqtida hal etishga koʻmaklashish, tadqiqotlar, startaplarni amalga oshirish uchun tashkiliy imkoniyatlar yaratish, ilmiy faoliyatda gender diskriminatsiya muammosiga toʻliq barham berish, ijodkor, ixtirochi ayol-qizlar uchun nufuzli mukofotlar taʼsis etish, tadqiqot grantlari, xorijiy stajirovka dasturlarini kengaytirish, akademik mobilligini oshirish, innovatsion gʻoyalarini tijoriylashtirish, qisqasi, ilm-fanni ijtimoiy taraqqiyotning drayveri va generatoriga aylantirish mamlakatning keyingi rivojida samarali yechim ekanini davlat ham, jamiyat ham allaqachon anglagan.

Shu bois, Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat markazi bilan hamkorlikda shu yil 24-29-aprel kunlari “Renessans” sogʻlomlashtirish oromgohida navbatdagi “Raqamli avlod qizlari — 2025” respublika tanlovi oʻtkazildi.

Raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasiga qiziquvchi iqtidorli oʻquvchi va talabalar orasidan eng munosiblarni aniqlash, qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish maqsadida tashkil etilgan, 2021-yildan buyon muntazam oʻtkazib kelinayotgan tanlov qisqa muddatda qizlarning axborot texnologiyalari, innovatsiyalar va startap faoliyatiga qiziqishini oshirdi. Taʼlim va iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasida ularning faol ishtirokini kengaytirib, loyiha asosida ishlash, kreativ va tanqidiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirdi. Taʼlim, “yashil iqtisodiyot”, sunʼiy intellekt va iqlim oʻzgarishi sohalaridagi startap gʻoyalarni ­qoʻllab-quvvatlash, raqamli taʼlim va gender tenglik sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadlarini amalga oshirishda davom etmoqda.

“Raqamli avlod qizlari — 2025” tanlovi raqamli davrda ayollar yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi muhim qadam boʻldi va bugun inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish boʻyicha milliy strategiyalarga amaliy hissa qoʻshmoqda. Qizlardan iborat milliy raqamli avlod klubini tashkil etish iqtidorli yoshlarning imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish va ertaga mamlakat transformatsiyasida faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qiladi.

Sunʼiy intellekt, “yashil iqtisodiyot” va iqlim oʻzgarishi — loyihaning bosh yoʻnalishlari

— Sharq mamlakatlarida yaratilgan badiiy asarlarga nazar tashlasak, ijtimoiy hayotga xos hamma goʻzallik, jumladan, tabiatga xos koʻrkamlik ham ayollar tasviri orqali aks ettirilganini koʻramiz. Allomalarimiz, mutafakkiru musavvirlarimiz asarlarida ham ayollarga xos nazokat, sabr-qanoat bilan birga ularning oila oldidagi, umuman, odam va olam oldidagi burch va masʼuliyati ehtirom bilan tarannum etilgan, — deydi “Digital Generation Uzbekistan” loyihasi direktori Azamat Jalolov. — Oʻzbek ayolining haqiqiy qiyofasini tasavvur qilmoq uchun u bosib oʻtgan uzoq yoʻlga, avvalo, uning oʻtmishiga, soʻng esa kechagi va bugungi kuniga chuqur nazar tashlab, kelajagi xususida oʻylash mumkin. Sohibqironning suyukli rafiqasi Saroymulkxonim, Zahiriddin Muhammad Boburning buvisi Eson Davlatbegim kabi momolarimiz jamiyat hayotida muayyan mavqega ega boʻlgan. Alisher Navoiy bobomizning “Farhod va Shirin” dostonida taʼriflangan olima qizlar, jumladan, mantiq ilmida tengsiz Diloso, munajjim Gulandom, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari ham real hayotdan olingan. Ularning prototipi Hazrat bilan bir davrda yashagan zakiy momolarimizdir. Shunday ekan, bugun zamondoshlarimiz boʻlgan zukko opa-singillarimizni qadrlash burchimizdir.

Xalqaro hamjamiyatda munosib oʻringa ega Oʻzbekistonning davlat va jamiyat sifatidagi taraqqiyoti silsilasida ayollarning roli, uning siyosiy va huquqiy madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi globallashuv jarayonida yangi avlodning har qanday sharoitga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalasida xotin-qizlarning oʻrni har qachongidan-da muhim. Shu bois, islohotlarning asosiy mazmuni ham xotin-qizlarning yangi tashabbuslar bilan chiqishlarini qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, oʻzgarishlar va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirok etishini taʼminlashdan iborat.

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yangi imkoniyatlar yaratib berish maqsadida qonunchilikda qator imtiyozlar nazarda tutilgan. Bu yoʻnalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bilan ham ayol-qizlarning axborot texnologiyalar sohasidagi faolligini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish hamda ishlab chiqilgan gʻoya va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsad qilingan. Bu yilgi “Raqamli avlod qizlari” tadbirida mahoratli mentorlar ishtirokida taʼlim, sunʼiy intellekt, “yashil” iqtisodiyot va iqlim oʻzgarishi kabi yoʻnalishlarda mashgʻulotlar boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, tadbirda MIT universiteti (AQSH) xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Julia Reynolds, Marshall Cavendish Education (Singapur) tashkiloti hududiy boshqaruvi raisi oʻrinbosari Khairi Abdullah va boshqa nufuzli spikerlar ishtirok etdi. Mashgʻulotlar musobaqa tarzida tashkil etildi. Unda ishtirokchi qizlar startap loyihalarini ishlab chiqdi hamda taqdimot qildi. Shuningdek, tadbir davomida ekspertlar bilan raqamli iqtisodiyot mavzusida davra suhbati va bellashuvlar ham oʻtkazildi. Gʻoliblar tadbirning tantanali yopilish marosimida qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

“Raqamli avlod qizlari” loyihasida nafaqat oʻzbekistonlik, balki sohaga qiziquvchi xorijlik oʻquvchilar ham qatnashib kelmoqda. Xususan, oʻtgan yillarda “Emirates National School” (BAA)ning 30 oʻquvchisi va afgʻonistonlik 23 qiz loyihada bilimini sinab koʻrdi. Oʻtgan davrda mazkur loyiha doirasida ishtirokchilar tomonidan 400 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi.

2024-yilda loyihada gʻolib boʻlgan 15 qiz BAAda taʼlim sayohatida boʻldi. Joriy yilda ham gʻoliblar xorijiy davlatga taʼlim sayohati yoʻllanmasini yutib oldi.

Bitta qizni oʻqitsangiz, butun oilani oʻqitgan boʻlasiz

Har qanday mamlakatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon boʻlishi oʻsha yurtdagi yigit-qizlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga eʼtibor bilan chambarchas bogʻliq. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri. Davlat va jamiyat boshqaruvida ham, sunʼiy intellekt va robototexnikada ham, umuman, barcha soha rivojida salohiyatli yoshlar muhim oʻrin tutadi. Sababi ular jamiyat uchun “yangi qon” vazifasini oʻtaydi. Yangidan yangi tashabbus va gʻoyalarni ilgari surish, zamonaviy ish yuritish uslublarini joriy qilishda ana shu qatlamning nuqtayi nazari va saʼy-harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi.

— Bugun jamiyatimizning ilmiy-texnikaviy faoliyatida xotin-qizlar faol ishtirok etmoqda. Olima ayollar tomonidan ilm-fan sohasidagi izlanishlar ishlab chiqarish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy-siyosiy sohalar rivojiga salmoqli hissa qoʻshmoqda. Zero, oʻtmishga nazar solsak, Ada Lavleys tarixdagi birinchi dasturchi ayol. Oʻnlab dissertatsiya yozgan olimlar erisha olmagan natijaga Ada atigi ellik sahifali maqolasi bilan erishgan, — deydi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xalqaro aloqalar boshqarmasi masʼul xodimi, loyiha koordinatori Muxlisa Mamajonova. — Fikr egalaridan biri bejiz “Bitta qizni oʻqitsangiz, butun oilani oʻqitgan boʻlasiz”, demagan. Buning zamirida hayotiy haqiqat borligini, albatta, hammamiz yaxshi bilamiz. Qizlarning ilmli boʻlishini ragʻbatlantirish uzoqni koʻzlab bosilgan muhim qadamdir. Bugungi talaba qiz ertaga oʻz ­sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishi bilan birga, ilmli, intellektual salohiyatli, keng dunyoqarashga ega farzandni tarbiyalaydigan ona ham boʻladi. Maʼrifatli ayol oʻz sohasida ham, oilada ham kelajakka daxldor toʻgʻri qaror qabul qilinishiga munosib hissa qoʻshadi. Bu yil “Raqamli avlod qizlari” loyihasining beshinchi mavsumi tashkil etildi. Ilk bor oʻtkazilganida unga ishtirokchi sifatida qoʻshilganman.

Oʻtgan yillarda loyihaning turli yoʻnalishida ishtirokchi, volontyor, PR menejer boʻlib ishladim. Ayni damda esa loyiha koordinatorlaridan biriman. Universitetda — bakalavriat bosqichining ilk yillarida bu loyihaga kirib kelgan boʻlsam, yillar mobaynida u meni, umuman, unda ishtirok etganlarning saviyasini oʻstirdi, tarbiyaladi, rivojlantirdi. Jamoa bilan ishlash koʻnikmasini hosil qilishimizga yordam berdi. Jamoatchilik oldida nutqimiz ravon boʻlishiga sababchi boʻldi. Aynan shu loyiha jamoa tarkibida qanday ishlash, loyihalarni qanday yuritish boʻyicha bitmas-tuganmas tajribalar taqdim etgan katta maktab vazifasini oʻtadi deb bemalol ayta olaman.

Xorijda, masalan, yetakchi universitetlarga oʻqishga hujjat topshirilayotganda nomzodning nafaqat oʻrtacha bahosi yoki til bilish sertifikati darajasiga, balki mana shunday ijtimoiy faolligiga, volontyorlik loyihalaridagi ishtirokiga, inklyuziv taʼlimni qoʻllab-quvvatlashi yoki qizlar taʼlimiga ­eʼtibor berishiga koʻmaklashish boʻyicha qilgan ishlariga alohida urgʻu beriladi. Bunga oʻzimni misol qilishim mumkin. Mana shu loyihada orttirgan tajribam natijasida dunyoning ilgʻor OTMlari 100 taligi roʻyxatidan oʻrin olgan Glazgo universiteti (Buyuk Britaniya)ga oʻqishga qabul qilindim. U yerda magistraturani muvaffaqiyatli tamomlab, bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligida mehnat qilyapman.

Ochigʻi, loyihadan mendek minnatdor odam boʻlmasa kerak. Sababi ushbu tadbir tufayli Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori boʻldim, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasiga aylandim. Yutuqlarimning har birida mana shu startaplarda orttirgan malakam, ustozlardan olgan bilimlarim, shubhasiz, qoʻl keldi. Oʻylaymanki, “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bundan keyin ham Oʻzbekistonning eng chekka hududlaridagi iqtidorli qizlarni qamrab olishda, yangi-yangi yulduzlarni kashf qilishda davom etadi.

Loyihaning joriy yilgi mavsumi boshqa mavsumlardan oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turdi. Chunki bu yil Xitoy, Ozarbayjon va Iordaniyadan 30 dan ortiq qizni yurtimizga taklif qildik. Bu yerda ularning fikr almashishi, tajribalarni koʻproq oʻrtoqlashib, doʻstona bahslashishi, bir-birining kamchiliklarini toʻldirishi uchun qulay sharoit yaratib berdik. Bundan, albatta, oʻzbek qizlari koʻproq manfaatdor boʻldi. Boisi, ular xalqaro maydondagi tengdoshlarining fikrlarini tingladi, bu orqali xorijlik doʻstlar orttirdi, oʻz yoʻnalishi boʻyicha startap loyihalarni realizatsiya qilish uchun kuchli va zaif jihatlarini birgalikda muhokama qildi.

Gʻururlanib aytamiz: 2021-yildan buyon anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Raqamli avlod” maʼrifiy loyihasi shu kungacha 7000 dan ziyod qizni kashf etdi. Undagi qanchadan qancha gʻoya, startaplar yirik loyihalarga aylandi. Joriy yilda qizlarimiz juda faol ishtirok etdi.

Texnologiya sohasida oʻzbek qizining qiyofasi boʻlishi kerak

— Aholi orasida oʻtkazilgan koʻplab soʻrovnomalar natijasiga koʻra, hali ham jamiyatda texnika fanlari qizlardan koʻra oʻgʻil bolalarga xos degan fikrlar mavjud ekan. Bu kabi qarashlar qanchadan qancha ayol-qizlarning texnologiyadan tez “sovishi” va ayollar uchun anʼanaviy sohalarga ketishiga olib keladi. Xotin-qizlarning texnologiya va innovatsiyalar sohasiga toʻla jalb etilishiga koʻmaklashishdan hamma birdek manfaat koʻrishini unutmasligimiz zarur, — deydi “Digital Generation Uzbekistan” loyihasida faoliyat yuritayotgan Muhammadkarim Toʻxtaboyev. — Olimalar va ayol texnologlar umumbashariy muammolar ustida bosh qotirishga kirishsa, oʻsha muammolarga yechim topish imkoniyati, tabiiyki, ortadi.

Loyihada juda koʻp iqtidorli qizlarni oʻzim uchun kashf etdim. Masalan, Charos Abdusattorova degan qiz bor. “Yangi Oʻzbekiston” universitetining 4-kurs talabasi. “Raqamli avlod qizlari” loyihasida uch yildan buyon ishtirok etib, ikki marta gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Joriy yilda esa mentor sifatida qatnashdi. Birinchi yillarda quyosh panellarini tozalash servisi haqidagi startap loyihasi bilan ishtirok etgandi. Bu loyiha quyosh panellari samaradorligini muayyan maʼnoda oshirib beruvchi ajoyib loyiha boʻlib, 2-oʻringa loyiq koʻrilgandi. Oʻtgan yili esa u jamoasi bilan birga taʼlimni rivojlantirish texnologiyasi loyihasi bilan qatnashdi. Gʻoliblar qatorida Birlashgan Arab Amirliklariga taʼlim sayohatini yutib oldi.

“Raqamli avlod qizlari”da startap yoʻnalishi boʻyicha qizlarimiz, avvalo, rejalashtirilgan oʻquv qoʻllanmalar asosida bilim oladi va jamoaviy tarzda muayyan loyiha ustida ish boshlaydi. Startap loyihalarni ishlab chiqishda qizlarimizga mentorlar tomonidan tavsiya va koʻrsatmalar, albatta, berib boriladi.

Masalan, hafta davomida Buyuk Britaniyaning “Fintech” kompaniyasida mahsulot marketing menejeri Gulnur Esova bu yilgi loyiha doirasidagi davra suhbatlarida ishtirok etdi. U xalqaro loyihalarni taqdimot qilish etikasi boʻyicha tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Germaniyaning RPTU Kayzerslautern-Landau universiteti “Machine Learning” ilmiy guruhining yordamchi tadqiqotchisi Latofat Bobojonova ham davra suhbatlarida qatnashib, katta kompaniyalarda amaliyot oʻtash va akademik karyera qilish boʻyicha maslahatlarini ayamadi.

“Raqamli avlod qizlari” loyihasi yurtimizdagi ishtiyoqi baland, iqtidorli barcha qizni bir joyda toʻplab, oʻzaro tajriba almashish uchun oʻziga xos gʻoyalar maydoni vazifasini oʻtayapti. U orqali bugun qizlarning raqamli va tadbirkorlik koʻnikmalari oshdi, STEM (fan, texnologiya, muhandislik, matematika) sohalarida faollashdi, tanlov gʻoliblari uchun AQSHga oʻquv safari tashkil etildi, barqaror raqamli qizlar hamjamiyati shakllantirildi.

Oʻtmishni asragan holda kelajakni bunyod etish loyihasi

— “Raqamli avlod” qizlari tanlovi men uchun yangi olamni ochdi. Yuzlab iqtidorli qizni koʻrib, ular bilan fikr almashib, katta salohiyatli avlod yetishib kelayotganini his qildim. Har bir qizning loyihasi puxta oʻylangan, jamiyatga foydasi tegishiga qaratilgan, — deydi “Yangi Oʻzbekiston” universitetining yoshlar bilan ishlash boʻlimi bosh mutaxassisi, mavsum gʻoliblaridan biri Nigora Asqaraliyeva. — Men va oʻquvchim ushbu tanlovga Chigʻatoy.ai nomli loyihamiz bilan qatnashdik. Shogirdim Shabnam Ixtiyorova Abdulla Qodiriy ijod maktabi oʻquvchisi. Matnshunoslik fani oʻqitilgani uchun uning eski oʻzbek yozuvidan xabari bor. 2023/2024 oʻquv yilida shu maktabda ishlaganimda u bilan tanishgandim. Toʻgaragimning faol aʼzolaridan edi. Matnshunoslik fanlariga kirganimda asosiy yordamchim boʻlgan.

Mutaxassisligim oʻzbek filologiyasi boʻlishiga qaramay, axborot texnologiyalariga qiziqishim Tahrirchi.ai (hozirgi Tilmoch.ai) loyihasida ishlaganimda boshlangan. Ushbu loyihada 1,5 yil ishlab, ctartapning noldan koʻtarilishiga, qiyinchiliklariga, tavakkalchiliklariga guvoh boʻlgandim. Tilmoch.ai ustida ishlayotganimizda sunʼiy intellekt modeliga oʻzbek tilini oʻrgatish uchun tarjima asarlar bazasini yigʻish menga topshirilgandi. Oʻshanda eski oʻzbek yozuvidagi maʼlumotlarni ham yigʻib, oʻrgatib boʻlarmikan degan fikr xayolimdan oʻtgan.

“Raqamli avlod qizlari”ning 2025-yilgi mavsumiga shu gʻoya bilan chiqdik. Chigʻatoy.ai aholi qoʻlidagi qoʻlyozmalarni yigʻish, restavratsiya qilish, kataloglashtirish va sunʼiy intellekt yordamida oʻqib, hozirgi lotin alifbosiga transliteratsiya qilish loyihasidir. Loyihamiz shiori — tarixni asragan holda kelajakni barpo etish.

Startap haqida oʻylaganimizda, albatta, uning chet eldagi muqobillarini koʻrib chiqdik. Yevropada Transkribus, Turkiyada Translyet.com, qalam.ai, Stanford universitetida Arabic OCR kabi modellar, platformalar bor ekan. Biz Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asarini shu platformalarda sinab koʻrdik. Eng aniq oʻqigan platforma qardoshlarimizning Transleyt.com platformasi boʻlib, faqat u matnni turkchaga tarjima qildi. Misol uchun, “yaxshi kitob” jumlasini kiritsak, “iyi kitap” deb chiqardi. Shuningdek, boshqa 28 tilga tarjima qila olishi bizni qoyil qoldirdi. Ana shundan keyin bu gʻoyani amalga oshirsa boʻlarkan degan ishonch bizni yanada ruhlantirdi.

Ushbu tanlovning asosiy yutugʻi boshqalar uchun AQSHga taʼlim sayohati boʻlsa, biz uchun yangi loyihaning tugʻilishi va uni ommaga taqdim etishdir. Ayniqsa, axborot texnologiya sohasida yangi boʻlgan biz uchun. Agar bu loyiha chindan amalga oshsa, loyiha rahbari Azamat Jalolov aytganidek, moziyga ismlarimiz muhrlanishi mumkin.

Jamiyatning demokratik oʻzgarishlar yoʻlidan nechogʻliq ilgarilab ketgani uning ayollarga munosabati, bu boradagi madaniy-maʼnaviy saviyasi bilan belgilanadi. Zero, oqila, goʻzal ayollar gʻamxoʻrligi, mehribonligi, qalbi daryoligi bilan oilalardagi, qolaversa, butun jamiyatdagi muvozanatni, poklik, halollik, samimiyat va adolat muhitini saqlab turadi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri