Davlat fuqarolik xizmati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ularni izchil takomillashtirib borish, davlat fuqarolik xizmatchilari shaxsiy maʼlumotlari xavfsizligini taʼminlagan holda ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan. Raqamli davlat xizmati joriy etilishi har tomonlama manfaatli boʻlishi, ayniqsa, korrupsiyaning oldini olishi, turli ovoragarchilik va qogʻozbozliklarga barham berishi lozim. Shunga muvofiq, oʻtgan davr mobaynida agentlik tomonidan respublikamizda oʻxshashi boʻlmagan, keng qamrovli “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi” dasturiy-apparat kompleksini joriy etish ishlari olib borildi.
2020-yilda ishga tushirilgan mazkur dasturiy-apparat kompleksi 20 dan ortiq vazirlik va idora bilan hamkorlikda yaratildi. Chunki dasturiy-apparat kompleksidagi quyi tizimlar vazirlik va idoralar tomonidan shakllantirilgan maʼlumotlar bazasiga bogʻliqdir. Oʻtgan vaqt davomida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida dasturiy-apparat kompleksining quyi tizimlaridan aksariyati ishlab chiqilib, sinovdan oʻtkazildi. Xususan, davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlarga munosib nomzodlarni ishga qabul qilish maqsadida Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali – vacancy.argos.uz ishga tushirildi. Mazkur portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun nomzodlarning ochiq mustaqil tanlovini tashkil etadigan elektron tizim boʻlib, internet tarmogʻida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadi. Portal Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga vakant lavozimlarga elektron tarzda hujjat topshirish imkonini beradi hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda inson omilini minimal darajada kamaytiradi.
Shuningdek, dasturiy-apparat kompleksining sinov tariqasida ishga tushirilgan quyi tizimlaridan biri davlat fuqarolik xizmatchilari bilimlarini aniqlaydigan hamda ularning psixologik portretini yaratish uchun xizmat qiladigan Davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish elektron axborot tizimidir. Mazkur tizim davlat xizmatini raqamlashtirishni fuqarolarga yana bir maksimal qulaylik yaratish bilan boyitdi, deyish mumkin.
Fuqarolar bugun vaqtini behuda oʻtkazib, davlat idoralariga borishi, navbatda turishi shart emas. Kerakli mobil ilovalar orqali zarur xizmatdan foydalanish tartibi juda oddiy, hammasi bir joyda va “yagona oyna”da ishlaydi. Kelajakda barcha sohalar kabi davlat fuqarolik xizmatida mavjud elektron loyihalar bir joyda jamlanadi va fuqarolarda “Qayerga borish kerak?” yoki “Bu qaysi platformada?” degan savollar tugʻilmaydi.
Joriy yilgi davlat dasturida davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida raqamlashtirish maqsadida “Davlat xizmatchisi” mobil dasturini joriy etish vazifasi belgilangan. Shundan kelib chiqib, davlat fuqarolik xizmatchisining yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan ish faoliyatiga oid munosabatlarini raqamlashtirish yuzasidan tahlil oʻtkazildi. Xususan, davlat xizmati tizimini raqamlashtirish, shuningdek, davlat xizmatchisining yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatini yagona elektron tizim orqali tashkil etish boʻyicha jahon tajribasi tahlil qilinganda, Osiyo mamlakatlarida “Raqamli davlat xizmati” tizimini shakllantirish va rivojlantirishning oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi model davlat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilayotgani namoyon boʻldi.
Ushbu tizim Janubiy Koreya, Singapur va Yaponiyada muvaffaqiyatli joriy etilgan boʻlib, davlat xizmatchilari uchun moʻljallangan bunday dasturlar “Elektron hukumat” tarkibiy qismi sifatida shakllantirilgan hamda mamlakatning yagona interaktiv portaliga integrallashtirilgan.
Gʻarb davlatlarida elektron hukumatni shakllantirish strategiyalari davlat xizmatchilarining fuqarolar va biznes vakillari bilan muloqotlari uchun yaratilgan yagona platformani ishlab chiqishni oʻz ichiga olgan. Soʻnggi yillarda Yevropaning aksar mamlakatlari tomonidan maʼmuriy islohotlar va davlat xizmatchilarining fuqarolarga xizmat koʻrsatishini samarali tashkil etishda AKTni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Rossiyada “Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish” mobil dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, u kadrlar ishini muvofiqlashtirish, davlat xizmatchilari oʻrtasida tezkor muloqot qilish imkoniyatini oʻz ichiga oladi, yaʼni korporativ portal, messenjer va pochta xizmatlarini birlashtirgan. Bundan tashqari, 2024-yilga kelib barcha davlat xizmatchilari “mahalliy dasturiy taʼminotga asoslangan aloqa, oʻzaro aloqa va hamkorlik uchun xavfsiz va yagona xizmatlardan” foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Qozogʻistonda 2016-yilda Davlat xizmati agentligi tomonidan “Qozogʻiston Respublikasi davlat xizmati” mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Undan foydalanuvchilar ishga kirish uchun sinovlarga tayyorgarlik koʻrishi, milliy qonunchilikni oʻrganishi, davlat xizmatiga kirish haqidagi boshqa maʼlumotlar bilan tanishishi mumkin.
Tahlillar koʻrsatmoqdaki, davlat xizmatchilariga moʻljallangan mobil dasturlarni joriy etish jarayonida kadrlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi malakasini oshirish, davlat sektori oldiga davlat xizmatchilarining raqamli koʻnikmalarini professional darajada rivojlantirish boʻyicha qator vazifalarni amalga oshirish, yaʼni xodimlarni qoʻshimcha oʻqitish masalasi ham dolzarb hisoblanadi.
“Davlat xizmatchisi” mobil dasturida davlat xizmatchilari haqidagi, masalan, umumiy maʼlumotlar, mehnat faoliyati, qarindoshlari, sogʻligʻi haqidagi va boshqa qoʻshimcha maʼlumotlar aks ettiriladi. Taʼlim boʻlimida diplomlar, sertifikatlar, stajirovkalar aks etsa, test sinovi boʻlimida test natijalari qayd etib boriladi. Mobil dasturning “Karyera” boʻlimida davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlar, shuningdek, vakansiyalar uchun va ishga kirish uchun arizalar bilan ishlash mumkin. Ushbu tizimda har bir davlat xizmatchisi shaxsiy rivojlanishini monitoring qilib borish imkoniga ega boʻladi.
Mobil dastur “Elektron hukumat”ning qator tizimlari — yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz), foydalanuvchilarni identifikatsiyalashning yagona tizimi (id.egov.uz), axborot tizimlari va resurslari yagona reyestri (reestr.uz), davlat fuqarolik xizmatining yagona elektron axborot portali (my.argos.uz), davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz), davlat fuqarolik xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli (test.argos.uz) hamda davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirish portali (ilm.argos.uz) bilan integratsiya qilinadi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi innovatsion yechimlarga ega dasturlarni davlat fuqarolik xizmatchilariga taqdim etib keladi. Shuningdek, ushbu tizimlarni ishga tushirish orqali axborot xavfsizligini taʼminlash, shaxsga oid maʼlumotlarni sir saqlash va himoyalash tizimi joriy etilmoqda.
Mazkur elektron dasturning amaliyotga joriy etilishi davlat organlari va tashkilotlarining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi faoliyati ochiqligi va hisobdorligi, davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlar meritokratiya tamoyili asosida eng munosib nomzodlar bilan toʻldirilishiga zamin yaratadi. Davlat xizmatchilari, ularning kasbiy fazilati va xizmatlariga adolatli va xolis baho berilishiga, davlat organlari va tashkilotlari zarur bilim va kasbiy koʻnikmalarga ega boʻlgan malakali mutaxassislar bilan taʼminlanishiga, davlat xizmatchilarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari, shuningdek, ularning natijalarini baholash toʻgʻrisida maʼlumot bazasi shakllantirilishiga erishiladi. Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish imkoni yaratilib, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining son va sifat tarkibi tahlili uchun zamin yaratiladi.
Ilhom Qurbonov,
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi departament mudiri