Xotin-qizlarning IT rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va motivatsiya berish, professional aloqalarni mustahkamlash tadbirdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad edi.
Tadbir davomida 20 dan ortiq xotin-qizlar IT sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun mukofotlandi. Ularga homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari, statuyetkalar va 6 oylik Coursera platformasida bepul ta’lim olish imkonini beruvchi vaucherlar topshirildi.
— Biz IT sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish tarafdorimiz, — dedi Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos. — O‘zbekiston iqtidorli yoshlarga boy va texnologiyaga intiluvchan, ijodkor qizlarimiz har doim oldingi safda. Xotin-qizlarning texnologiya sohasidagi imkoniyatlarini oshirish bu milliy g‘urur va kelajakka sarmoya. Birgalikda har bir qizning raqamli dunyoda o‘z hissasini qo‘shishi uchun inklyuziv va innovasion jamiyat yaratamiz.
— Axborot texnologiyalari zamonaviy dunyoda nafaqat erkaklar, balki xotin-qizlar uchun ham ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayollar IT sohasida muvaffaqiyatga erishibgina qolmay, innovasion yechimlar orqali global muammolarni hal qilishda ham katta hissa qo‘shmoqda, — dedi tadbirda so‘z olgan vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov.
Tadbir doirasida texnologiyaga bag‘ishlangan intellektual viktorina tashkil qilindi. Unda ishtirokchilar IT rivojida xotin-qizlarning o‘rni haqida bilimlarini namoyish etdi. Gʻoliblar maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Coursera platformasidan foydalanuvchilar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Platformada ta’lim olayotganlarning 49 foizini xotin-qizlardan iborat bo‘lib, bu mamlakatda raqamli ta’lim va gender tengligini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
“One Million Uzbek Coders”, IT-iste’dod va “Xalqaro IT sertifikatlari uchun xarajatlarni qoplash” dasturlari orqali yoshlar uchun global ta’lim imkoniyatlari yaratilmoqda.
Gender tengligi va boshqaruv indeksi (GEGI)da O‘zbekiston 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Bu yutuqda ayollarning, ayniqsa, IT sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning hissasi katta bo‘ldi.
— Mamlakatimizda IT sohasida rivojlanayotgan iqtidorli xotin-qizlarning yangi avlodidan faxrlanamiz. Ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir. Ularning professional rivoji va muvaffaqiyati uchun imkoniyatlar yaratishda davom etamiz, — dedi Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova o‘z nutqida.
Tadbir tajriba almashish, aloqalarni rivojlantirish, murabbiylik va ta’lim tashabbuslarini muhokama qilish maydoniga aylandi. Tashkilotchilar ushbu mukofotni har yili o‘tkizishni rejalashtirmoqda.
Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Yandex, TBC Bank Uzbekistan, IT Park, Korzinka, ZTE, Click, Qand, IT ta’limi assosiatsiyasi, Women in Tech Uzbekistan, Lerna va IT Ladies hamjamiyatlari ko‘magida tashkil etildi.
IT ta’limi assosiatsiyasi bilan hamkorlikda barcha yetakchi kompaniyalarni IT sohasida xotin-qizlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash tashabbuslariga qo‘shilishga chaqiramiz. Bu tashabbus ayollarning texnologik imkoniyatlarini oshirish bilan birga, mamlakatimizning raqamli taraqqiyotini yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.