Qibray tumanida dorilarni elektron retsept asosida yozish va berish ishlari sinovdan oʻtkazilmoqda

    Qibray tumanida dorilar boʻyicha retsept yozish va ularni berish jarayoni raqamlashtirishga qaratilgan elektron retseptlarni joriy etish boʻyicha pilot loyiha ishga tushirildi.

    Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, hozirgi bosqichda loyiha bitta tibbiyot muassasasi va sakkizta dorixona tarmogʻini qamrab oladi.

    Tizim “Uzinfokom” yagona integratori tomonidan ishlab chiqilgan DMED platformasi asosida pilot rejimida ishlaydi.

    Retseptni olish uchun DMED ilovasini smartfonga oʻrnatish talab qilinadi (Android va iOS uchun). Elektron retsept shifokorga tashrif buyurganda, ilovada bemorga yuborilgan kod kiritilgandan soʻng beriladi.

    Bemor dorixonaga chiqarilgan retsept bilan joʻnatiladi va uni dorixona xodimiga koʻrsatadi. Farmatsevt retseptdagi QR-kodni skanerlagandan keyin bemorga kerakli preparatni beradi.

    Dori-darmonlarni tayinlash va berish jarayonini raqamlashtirish quyidagilarga imkon beradi:

    • Xalqaro patentlanmagan nomlar (XPN) boʻyicha preparatlarni avtomatlashtirilgan tanlash orqali retseptlarni shakllantirishda xatolarni bartaraf etish
    • bemorlarga DMED mobil ilovasi orqali elektron retseptlardan foydalanish imkoniyatini berish
    • dorixonalarni real vaqt rejimida dolzarb maʼlumotlar bilan taʼminlash, dori-darmonlarni berish maʼlumotlarini qayd etish.