Xatirchining 70 ta mahallasidagi 37 ming 470 dan ziyod xonadon-u qariyb 1 ming 270 ta ijtimoiy-iqtisodiy obyektlardagi oʻrganishlarda aniqlangan 4 ming 600 ga yaqin masalaning 3 ming 310 tasi joyida hal etilgan boʻlsa, qolgan muammolar boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Bu jarayonda tumanning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasi nisbatan ogʻir “Angidon”, “Qoʻrgʻontepa”, “Mirdosh”, “Oqtepa”, “Saroy”, “Kattasoy”, murojaatlar koʻp kelib tushgan “Oltinsoy”, “Alisher Navoiy”, “Tasmachi”, “Uyshun” singari qishloq va mahallalaridagi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bogʻliq qator masalalar ham hal qilindi.

Aytaylik, “Oltinsoy” va “Alisher Navoiy” mahallalaridagi ikki koʻchada 3.85 km. piyodalar yoʻlakchasini qurish ishlari tugallanib, 171 dona tungi yoritish chiroqlari, “Navbahor” mahallasidagi koʻp qavatli 8 ta uyning kirish yoʻlaklariga esa quyosh panelli yoritgichlar oʻrnatildi.

“Samarqand”, “Navroʻz” kabi mahallalardagi 354 ta eskirgan simyogʻochlar temir ustunlarga almashtirilgan boʻlsa, “Guliston”, “Choshtepa” qishloqlaridagi elektr tarmogʻi yangilanib, yuqori quvvatli transformator oʻrnatildi. Tabiiy gaz yetib bormagan togʻli hududlarda yashovchi aholi xonadonlariga koʻmir, gaz ballonlari yetkazildi, gaz jihozlari texnik koʻrikdan oʻtkazildi.

“Oltinsoy”, “Baxshijar” mahallalarida yangi koʻpriklar qurilib, foydalanishga topshirilishi, “Qoʻshchinor”, “Zarbdor”, “Urganji” mahallalaridagi 19,9 km. loy koʻchalar tosh yoʻlga aylantirilishi bilan aholining uzogʻi yaqin, yoʻli ravon boʻldi.

Xatirchidagi ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, hududda qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, kam taʼminlangan aholiga moddiy yordam koʻrsatish uchun mahalliy byudjetdan 4,3 mlrd. soʻm ajratildi.

“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 110 nafar murojaatchiga 2,9 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratish boʻyicha ijobiy tavsiyalar berilgan boʻlsa, ulardan 57 nafariga 1,1 mlrd. soʻm kredit berilishi taʼminlandi. Ishsiz insonlardan 66 nafari doimiy ishga joylashtirilgan boʻlsa, 110 nafarining oʻzini oʻzi band qilishiga erishildi.

Ogʻir sharoitdagi bir qator oilalar uy-joylari ichki imkoniyatlar hisobidan taʼmirlandi.

Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar natijasida xastalik aniqlangan insonlardan 232 nafari tuman, 39 nafari viloyat shifoxonalariga davolanish uchun yotqizildi, 474 nafar bemorga bepul dori-darmonlar ajratildi.

Bu kabi ezgu ishlar tumanning har bir mahallasini qamrab oldi. Ha, mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga koʻtarilgani xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqishda mustahkam asos boʻlmoqda.

Asosiy maqsad – xalq roziligini taʼminlash, aholi muammolarini joyida hal etish boʻlib, Respublika ishchi guruhining Xatirchi tumanidagi faoliyati ham ayni shu ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.