“Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida Xonqaning 44 ta mahallasida uyma-uy, xonadonma-xonadon tashkil qilingan sayyor qabullar esa xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqishda yana bir muhim platforma boʻldi.
Bu jarayonda eng muhim vazifa – aholining dasturxoni toʻkinligi-yu roʻzgʻori butligini taʼminlash, ishsiz insonlar uchun doimiy ish va barqaror daromad manbai yaratib berishdan iborat. Shu maqsadda Xonqada kooperatsiya asosidagi bir qator yangi loyihalarni amalga oshirishga kirishildi. Aytaylik, “Orasta bioservis“ MCHJ rahbari 55 yoshli Zamira Zaripova biomahsulotlar yetishtirishda 30 yillik tajribaga ega. Bu ayol 4 yildan beri “Ehtirom” mahallasidagi uyida “Oltinkoʻz”, brakon, trixogramma, sitotroga kabi biomahsulotlar yetishtirib, 5 ta fermer xoʻjaligiga yetkazib beryapti. Bir mavsumda 40 million soʻmgacha sof foyda topayotgan Zamira opa mahalladoshlaridan besh nafarini doimiy, oʻnga yaqinini esa mavsumiy ish bilan taʼminlagan.
Respublika ishchi guruhi bu korxona faoliyatini oʻrgangach, Zamira Zaripova rahbarligida kooperatsiya asosida biomahsulotlar yetishtirish loyihasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, kooperatsiyaga 30 nafar xonqalik ishsiz xotin-qiz biriktirilib, 15 ta fermer xoʻjaligi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun tumanning boshqa bir hududidagi boʻsh binodan uchta xona ajratildi. Hademay bu xonalar tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv tarmoqlariga ulanadi. Kooperatsiyaga dastmoya uchun 90 million soʻm subsidiya ajratiladi. Bu mablagʻga zarur jihozlar, xomashyo xarid qilinib, ish boshlanadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 15 ta fermer xoʻjaligining ming gektar gʻalla va paxta maydonlari uchun 2 million donadan “Oltinkoʻz” va brakon, 10 kilogramm trixogramma tayyorlab berilsa ham 799 million soʻmdan ziyod foyda olinadi. Bu esa kooperatsiyaning har bir aʼzosiga oʻrtacha 4 million soʻm atrofida oylik maosh toʻlash imkonini beradi. Yaʼni ishlab chiqarish uchun bino, imkoniyat, dastmoya bor, tayyor mahsulotni sotib oluvchi bor. Faqat kuch-gʻayrat va ilm bilan ishlash kerak, xolos. Bu orada issiqxonalar uchun yangi biomahsulotlar tayyorlash ham yoʻlga qoʻyilishi bilan esa kooperatsiyani faqat gʻalla-paxta mavsumi uchun emas, yil boʻyi ishlatishga erishiladi.
Shu bilan birga, oʻrganishlar natijasida ishsizligi aniqlangan 125 nafar murojaatchiga subsidiya asosida tikuv mashinalari, pishiriq pishirish pechlari ajratilgani ularning uyida ishlab daromad topishi uchun yana bir qoʻshimcha imkoniyat boʻldi.
“Vatanparvar” mahallasida yashovchi 48 yoshli Nargiza Rahimova 20 yildan beri, 33 yashar qoʻshnisi Gulshod Qurbonova esa 10 yildan beri eski tikuv mashinasida ishlab kelardi. Nargiza opa koʻrpa-toʻshak, yostiqlar, beshik anjomlari tayyorlasa, Gulshod asosan xotin-qizlar uchun koʻylak va kamzullar tikib beradi. Eski tikuv mashinasi anchadan beri yaxshi ishlamasligi bois buyurtmalar kamayib ketganidan sal oʻylanib yurgan ikki ayolga ham subsidiyaga yangi tikuv mashinasi berilgani ularga chindan Yangi yil bayrami sovgʻasi boʻldi.
Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari orqali 106 ta loyihaga 3,3 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratishga qaror qilingan boʻlsa, shundan 38 nafar murojaatchiga 1,3 milliard soʻm kredit berilishi taʼminlandi.
Yoʻllar taʼmiri, elektr energiyasi, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz va koʻmir taʼminoti kabi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bogʻliq qator masalalarga ham joyida yechim topildi. Xususan, Mustaqillik, Doʻrmon, Zinaxos, Olchin kabi mahallalardagi 21 km. tuproq koʻchalar tosh yoʻlga aylantirilishi bilan aholining uzogʻi yaqin, yoʻli ravon boʻldi.
Tayanch, Mangulik, Mustaqillik, Istiqlol, Toma singari qishloq-mahallalarda 8 ta yangi transformator oʻrnatilib, 220 ta eskirgan simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirildi, qariyb 20 km. yangi tarmoq tortildi. Natijada 900 ta xonadon ham, ularda yashayotgan insonlar qalbi ham yanada charogʻonlashdi. Bu jarayonda yana bir yangilik – “temir daftar”ga kiritilgan 37 ta oila xonadonlari “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan suv isitish qurilmasi-yu quyosh panellari bilan taʼminlandi.
Aholi talabidan kelib chiqib, qariyb 10,5 ming dona suyultirilgan gaz balloni almashirilgan boʻlsa, 2 ming 215 tonna koʻmir olib kelinib, ehtiyojmand oilalarga tarqatildi. Ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq qator masalalar ham joyida hal qilindi. Aytaylik, “Gulgʻuncha” mahallasi Urganch koʻchasidagi 20 dan ziyod xonadonda yashovchilar-da suv taminotidagi avariya holatlaridan zada boʻlib ketgan, ayni shu masalada mazkur hududdan ariza-shikoyat ham koʻp edi. Oʻrganishlar asnosida “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati hisobidan “Gulgʻuncha”ning Urganch koʻchasida 1970-yillarda oʻrnatilgan va tabiiyki bugun butkul eskirib ketgan suv tarmogʻini yangilab berish ishlariga kirishildi.
Davlatimiz rahbarining “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona yoʻlidir” gʻoyasi taʼlim tizimi xodimlari bilan muloqotlarning ham bosh mavzusi boʻldi. Ayni shu muloqotlar natijasida Xonqadagi 30 ta maktabga jami 900 million soʻmlik elektron doskalar va kompyuter jamlamalari topshirilishi bilan endi tumanning barcha 52 ta maktabi toʻliq shunday zamonaviy taʼlim jihozlariga ega boʻldi.
Tibbiy koʻriklar natijasida xastalik aniqlangan 146 nafar bemor viloyat va tuman shifoxonalariga yotqizilgan boʻlsa, nogironligi bor 63 nafar inson aravachalar va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi. Ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlar va yoshlar muammolarini hal qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar uy-joylarini taʼmirlash, aholiga moddiy yordam koʻrsatish uchun mahalliy byudjetdan 1,5 mlrd. soʻm ajratildi. Boquvchisini yoʻqotgan, ogʻir sharoitdagi 73 nafar ayolning uy-joylari taʼmirlab berildi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Xonqa tumanidagi faoliyati ham bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: aholini oʻylantirayotgan aksariyat masalani quyi boʻgʻinda hal qilsa boʻladi, faqat buning uchun ichki imkoniyatlarni izlab topish, barcha tizimdagi kuch va saʼy-harakatlarni birlashtirish lozim. Xonqaning 44 ta mahallasida “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosidagi oʻrganishlar davomida aniqlangan 6 ming 260 dan ziyod masalaning 4,5 mingdan ortigʻi joyida hal qilingan boʻlsa, qolgan muammolar boʻyicha “yoʻl xaritasi”, tuman, sektor va mahalla darajasidagi har bir rahbar, har bir masʼulning har haftalik ish rejasi ishlab chiqilib, nazoratga olindi. Bu boradagi vazifalar natijadorligi esa ular faoliyatiga baho berishda asosiy mezon boʻladi.