Bugungi kunda yurtimizda 78 foiz o'limning sababchisi yuqumli bo'lmagan, aniqrog'i, yurak-qon tomir, endokrin, xavfli o'sma kasalliklari ekanligi va buning 53 foizi aynan yurak qon-tomir kasalliklariga to'g'ri kelayotgani qayd etildi. Yuqumli bo'lmagan, xavf omiliga kiruvchi ana shu kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash bo'yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tajribasi bosqichma-bosqich hududlardagi filiallarda qo'llaniladi. Ixtisoslashtirilgan kardiologiya xizmatlarini hududgacha tushirish, xizmatlar turini 15 tadan 35 taga etkazish fuqarolarning o'zi yashayotgan joyda tibbiy yordam olish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi. Joylardagi markazlarda yuqori texnologik operatsiya va muolajalar o'tkazish yo'lga qo'yiladi, ular zarur tibbiy jihozlar bilan ta'minlanadi. Sohada malakali kadrlar tayyorlash ham zimmamizdagi muhim vazifadir. Viloyat markazlarida bu borada amalga oshiriladigan ishlarni tumanlarga tatbiq etish, ularning geografik joylashuvi, aholining kasallanish ko'rsatkichini inobatga olgan holda, kardiologiya bo'limlari tashkil qilinadi.
Birlamchi murojaat qilgan fuqarolarga ixtisoslashgan tibbiy yordam joyida ko'rsatiladi. Bunda bemorning poytaxtga kelishdagi ovoragarchiligini, unga ketadigan sarf-xarajatlarni kamaytirish, o'zi yashayotgan joyda tibbiy xizmatdan foydalana olish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan.
Yig'ilishda aholining 85 foizi murojaat qiladigan birlamchi tibbiy sanitariya yordamiga alohida e'tibor qaratildi. Birlamchi sanitariya tibbiy yordami yaxshi ishlamas ekan, statsionar muassasalarga yuklamalar ko'payaveradi. Mana shu masalalarda ham echim ko'rsatildi. Joylarda shifokorlar ta'minoti bo'yicha muammolar mavjud. Mana shuning uchun ham 2000 dan ziyod birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarida maxsus ko'rikxonalar tashkil qilinadi. Unda hamshiralarga 10 dan ziyod kasalliklarga tashxis qo'yish, skrining tadbirlarini o'tkazish va shu orqali nafaqat oila shifokorini, balki kardiolog, endikrinolog, nevropotolog, onkolog kabi mutaxassislar yuklamalarini kamaytirish ham ko'zda tutilmoqda. Bu esa, shifokor vaqtini ko'proq bemor bilan ishlashga yo'naltirishga xizmat qiladi. Aynan shu yo'nalishda respublikada tashkil qilingan 14 mingdan ziyod tibbiy brigadalar xodimlarini maxsus kurslarda o'qitish va 2022 yildan boshlab bu amaliyotni yo'lga qo'yish kerak bo'ladi.
Insonning nosog'lom turmush tarzi, odatlariga bog'liq yuqumli bo'lmagan kasalliklar muammosi hamon ko'pchilikni o'ylantirayotgan masaladir. Har qanday kasallikni davolagandan ko'ra, uning oldini olgan yaxshi. Asosiy maqsad, aholining salomatligini yaxshilash, umr davomiyligini oshirish, sog'lom keksalikni ta'minlashdir. Zero, faqat sog'lom millat barkamol avlodni yaratishga qodir bo'ladi.
So'nggi besh yilda aholi orasida sog'lom turmush tarzini shakllantirish bo'yicha amaliy ishlar qilindi. Prezidentimiz tomonidan imzolangan qator qaror va farmonlar, qabul qilingan me'yoriy hujjatlar aholiga ko'rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini oshirish, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan. Misol uchun, har bitta mahallaga sport instruktori biriktirib berildi. Yoki har bitta mahallada fitnes klublar ochilishi, salomatlik yo'lakchalari barpo etilishi, fuqaroning piyoda yurgani uchun mablag' ajratilishi inson salomatligiga qaratilayotgan yuksak e'tibordan dalolat.
Mutaxassislar bugungi kunda inson sog'lom turmush tarziga amal qilishi orqali 100–120 yoshgacha umr ko'rishi mumkin, deb hisoblashmoqda. Bunda, albatta, oziq-ovqat ta'minoti, dam olish, sifatli tibbiy xizmat, yashash va ishlash uchun etarli shart-sharoit bilan ta'minlanish kabi omillar muhim o'rin tutadi. Doim harakatda bo'lgan insonni turli xastaliklar chetlab o'tishi ham bor gap. Agar inson kuniga 8 qavatga zinadan ko'tariladigan bo'lsa, miya faoliyatining yaxshilangani hisobiga al`tsgeymer kasalligi xavfi 45 foizga kamayarkan. Kuniga 30 daqiqa piyoda yurish orqali ham erta o'lim xavfini 20 foizga kamaytirgan bo'lamiz.
Shunday ekan, har bir inson o'z sog'lig'i, oilasi, farzandlari salomatligiga e'tiborli bo'lishi shartligini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi.
Barno Odilova,
sog'liqni saqlash vazirligi
Aholining sog'lom turmush tarzini qo'llab-quvvatlash
va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori,
II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi.