Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur jarayon Bosh konsulxona diplomatlarining Rossiyaning vakolatli davlat idoralari bilan uzoq vaqt davomida olib borgan muzokaralari, yaqin hamkorligi hamda zarur konsullik-huquqiy tadbirlarni amalga oshirishi natijasida tashkil etilgan.

Jarayon davomida voyaga yetmagan bolalarning Oʻzbekiston fuqarosi ekani, mamlakatimizda yaqin qarindoshlari bor-yoʻqligi va ularning yashash sharoitlari oʻrganilgan. Shuningdek, zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, bolalarni Rossiyadan Oʻzbekistonga olib kelish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar hal etilgan.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida Mordoviya Respublikasidagi jazoni ijro etish muassasasi huzuridagi bolalar uyida tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar Bosh konsulxona diplomatlari hamda Oʻzbekistondan maxsus safarbar etilgan Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida yurtimizga olib kelingan.

Maʼlum qilinishicha, Bosh konsulxona tomonidan Rossiyadagi jazoni ijro etish muassasalari huzuridagi bolalar uylarida tarbiyalanayotgan oʻzbekistonlik yosh bolalarni repatriatsiya qilish tadbirlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Natijada Rossiyada boʻlgan voyaga yetmagan Oʻzbekiston fuqarolari Vataniga qaytarilmoqda.