Ekspertlar taʼbiri bilan aytganda, bunga ikki omil sabab boʻlishi mumkin: birinchisi testlarning natijaga yoʻnaltirilmagani; ikkinchisi taʼlim tizimi mazmunining bu testlarga bogʻlanmagani. Har ikki versiyada ham tadqiqotchilar va baholovchilar natijani xalqaro tajriba mezonlariga tayanib tadqiq etishi, muntazam monitoring qilishi, ochiq mediada eʼlon qilib borishi orqali holatni oʻnglash mumkin. Buning uchun soha vakillari autsorsing qilinishi maqsadga muvofiq. Chunki chet ellik mutaxassislar yoki xalqaro tashkilotlar xalqimiz tili va madaniyatini, qayerda qanday tadqiqot oʻtkazish mumkinligini har doim ham tushunavermaydi.

Masalan, milliy tashkilotlardan baʼzilarining ekspertlari taʼlim menejmenti va oʻqitishda sifat masalalarini xalqaro darajada tadqiq qiladi va bu borada ancha ishlarni yoʻlga qoʻygan. Har bir oʻquv muassasasi menejmenti keltirilgan indikatorlarni taxminan oʻzi uchun ham belgilab olishi va ichki tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyib borishi maqsadga muvofiq.

Boshqaruv tizimida chet tillarni oʻrganishni joriy etish va xalqaro taʼlimda xalqaro ISO standarti menejmentini tatbiq qilib borish, barcha oʻqituvchilarning oʻzbek va chet tillarni puxta bilishiga intilishini qoʻllab-quvvatlash, professional darajada takomillashishi uchun turli uyushmalar bilan hamkorlik oʻrnatish taʼlimdagi sifatni takomillashtirishga xizmat qilishi mumkin.

Bilim va malakalarni baholash agentligi (sobiq DTM) natijalari boʻyicha fikrni davom ettirsak. Bu yoʻnalishda xalqaro talablar doirasida ishlash oʻta muhim. 2023-yilda eng yomon koʻrsatkich Sirdaryo viloyatida (54,9 foiz), nisbatan yaxshiroq natija esa xuddi oʻtgan yildagidek Toshkent shahrida (40,8 foiz) qayd etilgan. Sakkiz hududda abituriyentlarning 50 foizdan koʻprogʻi 56,7 balldan past ball olgan. Shu oʻrinda savol tugʻiladi: faqat shu raqamlarga qarab ish tutish bizni eng asosiy tadqiqotlardan chalgʻitib qoʻymayaptimi? Nega masalaning sabablari oʻrganilmay, qayta-qayta oʻsha testlardan foydalanilmoqda?

Taʼlimdagi sifat pasayib ketayotganining asosiy sabablardan biri ham shunda, deb bilamiz. Test tizimi “yod olingan bilimni baholash”, xolos. U bugun xalqaro tizimdan chiqarib tashlangan. Gap shu haqda ketarkan, haqli savollar paydo boʻladi. Masalan, Oʻzbekiston mehnat bozorida diplomli mutaxassislar koʻp, lekin ularning necha foizi mehnat bozorida layoqatli inson kapitali sifatida tan olingan? Davlatning 3 yoshdan 18 yoshgacha ijtimoiy himoya qilgani badalini, aniqrogʻi, majburiy taʼlim doirasida fuqarolar va tadbirkorlarning soliqlaridan shakllangan ijtimoiy xarajatni bunday kadrlar qachon qoplaydi? Iqtisodiy legitimliligi yuqori davlatlarda bunday kadrlar pensiya yoshiga yetguniga qadar davlat sarflagan xarajatni 3–4 barobar qilib qaytarar ekan. Bizdagi kadrlar-chi?

Buning yechimini yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunimizdan topish mumkin. Unda “Hayot davomida taʼlim” konsepsiyasi ilgari surilgan. Aynan hayot davomida taʼlim hisobiga qisqa muddatda barcha soha egalarining malakasini yaxlit tizimga tushirib olishimiz imkoni mavjud. Buning uchun davlat yurtimizdagi ekspertlar jamoasiga (davlat organlariga emas) buyurtma berishi va bir guruh olimlar bu muammoga konstruktiv bosqichma-bosqich yechim berishi mumkin. Buning uchun zarur boʻlsagina chet eldan kelgan xalqaro mutaxassislarni jalb etsa boʻladi. Yoʻqsa, bu masalani aniq reglament asosida faqat Oʻzbekistondagi taʼlim sohasi boʻyicha mustaqil ekpertlar xolisona hal etishi mumkin. Buning nomi shartli ravishda RVA deb nomlanadi.

RVA (ingliz tilidan olingan soʻzlar: recognition — tan olinish; validation — yaroqliligini taʼminlash; accrediation — akkreditatsiyadan oʻtkazish) tizimini joriy etish hisobiga yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunning amaldagi ijrosini koʻrish imkoniyati kengayadi.

Natija koʻrsata olmayotgan, davlat hisobiga “kun koʻrayotgan” institutlar faoliyatini toʻxtatib, toʻliq autsorsingga berish maqsadga muvofiq. Natijada pedagoglar orasida raqobat paydo boʻladi. Ular muntazam malaka oshiradi. Malaka oshirmoqchi boʻlganlar esa “majburiy-ixtiyoriy” malaka oshirishdan, ortiqcha qogʻozbozlikdan ozod boʻlib, chin maʼnoda tajriba oshirish uchun turli konferensiya va seminarlar, kurslarga qatnay boshlaydi.

RVA mexanizmi mamlakatimizda qisman boʻlsa-da qabul qilingan. Uning xalqaro meʼyorlarga toʻgʻri kelmaydigan jihati shuki, tarmoq kengashlari toʻliq davlat organlari orqali boshqariladi. Natijada qilinishi kerak boʻlgan ish ham kimdir buyursagina bajariladi.

“Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunda formal va noformal taʼlim turiga bir xil huquq berilgan. Lekin bu amalda ishlashi uchun RVA tizimiga mustaqil (xalqaro hamjamiyat oldida javobgarlikni zimmasiga oladigan) olimlar guruhi shakllantirilib, tajriba-sinovdan oʻtkazilishi, xalqaro hamjamiyat tomonidan tasdiqlanishi, soʻng mamlakatimizda joriy etilishi korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi. Mazkur tizim haqida ayniqsa, ish beruvchilar yaxshi biladi.

Har bir malaka darajasi yoshlar uchun professional jihatdan bir pogʻona oʻsishni anglatadi. Yoshlar oʻz vaqtida oladigan taʼlimni malaka darajasiga bogʻlash uchun rivojlangan davlatlarda tizimli mexanizm amaliyotda qoʻllanyapti. Maktablarda kompetensiya (oxir-oqibat malaka darajasini shakllantirish)ga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimi joriy etilgan. Har bir oʻquv muassasasida ishlaydigan xodim va pedagoglar manfaatdor tomonlar — ish beruvchilar, ota-onalar, psixologlar, pedagoglar taʼlim oluvchilarda malaka darajasini shakllantirishga harakat qilishadi. Huquqiy-meyoʼriy hujjatlar ham shunga moslashtirilgan. Yaʼni pedagog, menejer va taʼlim oluvchilarning huquqi uygʻunlashtirilgan va natijaga yoʻnaltirilgan.

RVA taʼlimning barcha shakllarini tan olish, eng katta ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun taklif qilingan koʻplab yechimlardan biridir. Jumladan, kambagʻallikni qisqartirish, iqtisodiy rivojlanish, ish bilan bandlik koʻrsatkichini oshirish, ijtimoiy inklyuzivlik va hamjihatlik, shaxsiy va kasbiy rivojlanish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Biroq mamlakatlar koʻpincha RVA tizimining muayyan jihatiga alohida yoʻnalish sifatida eʼtibor beradi yoki bitta jihatga koʻproq ahamiyat qaratadi.

Bundan farqli oʻlaroq, RVA barqaror rivojlanish va umrbod taʼlim uchun oʻqishning kengroq va umumiy tushunchalarini qamrab olgan. Bunday istiqbolli harakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning turli yoʻnalish va maqsadlarini birlashtirish potensialini mujassamlashtirgan integratsiyalashgan yondashuvni nazarda tutadi. Shuningdek, oʻzini-oʻzi hurmat qilish va masʼuliyatni his etish, birdamlik, muloqot va izlanish qadriyatlariga asoslanadi. Bir qator mamlakatlarning empirik dalillaridan foydalangan holda, RVA tizimining davlatlar rivojlanishiga qoʻshgan hissasini koʻrib chiqish mumkin.

U muqobil taʼlimning toʻliq ahamiyatini aks ettiruvchi diversifikatsiyalangan oʻqitish tizimini yaratishga olib keladi. Koʻp davlatlarda taʼlimning muhim qismi sifatida qabul qilinadi. Barcha oʻquvchilar uchun teng huquq va adolatli imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida qoʻllanadi. Oʻqitish tizimini isloh qilish, jarayondan chetda qolgan odamlarning rasmiy taʼlimdan tashqarida olgan bilim va koʻnikmasini yanada rivojlantirish, rasmiy malakaga erishishini taʼminlash uchun ragʻbatlantirish vositasi vazifasini oʻtaydi.

Baʼzi davlatlarda RVA xalqaro malaka talablariga tenglashtirilgan milliy malaka sertifikati uchun ishlatiladi. Baʼzi mamlakatlarda oliy taʼlim muassasalari tanqisligi tufayli noanʼanaviy taʼlim usullarini tan olishga majbur boʻlinmoqda. U yerda RVA ish bilan band boʻlganlar tomonidan akademik va kasbiy rivojlanish uchun taʼlimning keyingi bosqichiga oʻtish yoki chet elda ishlash huquqini qoʻlga kiritishda muhim ahamiyatga ega.

Xoʻsh, bu borada mamlakatimizda nima ishlar qilinmoqda? Yevropa Ittifoqi, YUNESKO, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Shveysariya hukumati, Osiyo va Yevropa taraqqiyot banklari koʻplab loyihalari bilan xalqaro malakani davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda joriy qilish uchun professional taʼlim pedagoglari va rahbarlarining malakasini oshirmoqda.

Yurtimizda birinchi marta dual taʼlim joriy etilmoqda. Ushbu loyihalar inson kapitalini rivojlantirish uchun ajoyib investitsiya. Lekin RVA tizimi joriy etilmagani uchun taʼlim boshqaruvidagi oʻzgarishlar ISO standartiga moslashtirilmasa, kutilgan samaraga erishish mushkul. Zero, bu sohada milliy ekspertlar qilishi mumkin boʻlgan ishlar koʻp. Yangi tizim esa jamiyatimizni barqaror rivojlanish yoʻliga olib chiqadigan asosiy yechimlardan.

Feruza RASHIDOVA,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi

Professional taʼlimni rivojlantirish instituti

professori