O'shanda u menga yapon yozuvchisi Yasunari Kavabataning, “Go'zallik bilan uchrashuvdan zavqlanganingda sen do'stlaring haqida butunlay boshqacha o'ylaysan, ular bilan qalbingda jo'sh urgan quvonchingni baham ko'rishni istaysan. Ya'ni, go'zallik yuragingda kuchli hamdardlik va muhabbat uyg'otadi, ana o'shanda “do'st” so'zi “inson” so'ziga aylanadi”, degan so'zlarini ta'kidlab o'tgan edi. Garchi bugungi zamonaviy imkonlar tufayli u  bilan ijtimoiy tarmoq orqali so'zlashgan bo'lsam-da, Ona O'zbekistonimizga muhabbati kuchli bu yosh ijodkor yuragining ich-ichida porlayotgan YUrt mehrini, chin farzandlik mas'uliyatini his qildim. 

Nodiraxon, yaqinda biz o'zbek tili bayramini nishonladik. Bayram kuni siz YAponiyadan qo'ng'iroq qilib bu yilgi bayramga ajoyib tuhfa tayyorlaganingizni aytib bizni ham xursand qildingiz.

– 2020-yil 10-aprel` kuni O'zbekiston  Prezidenti SHavkat Mirziyoev tomonidan “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni imzolandi. Qonunga ko'ra, 21-oktyabr` O'zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Ushbu qonun aynan sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriy tavallud topgan kunda imzolanishi meni juda quvontirib yuborgan edi. O'z yurtingdan olisda turib bunday xabarni eshitish odamga boshqacha ta'sir qilar ekan. O'sha kuni kelgusi yilda nishonlanadigan bayramga, albatta, munosib tuhfa tayyorlashni ko'nglimga tugib qo'ygan edim. To'g'risi, bolalarim yosh bo'lganligi bois orada rejalashtirilgan ishlarim biroz ortga surildi. Lekin ularning bir qismini bo'lsa-da, amalga oshirganimdan juda xursandman.  YA'ni o'zbek xalq ertaklarini yapon tiliga o'girishga muvaffaq bo'ldim. O'nta eng mashhur o'zbek xalq ertaklarini saralab oldim. Ularning har birini alohida-alohida rasmli kitob holida nashr qildirmoqchiman. Bu jarayonda menga yaponiyalik rassom YAmada Michiko katta yordam beryapti. Uning ta'kidlashicha, o'xshash ertaklarimiz juda ko'p ekan. Misol uchun “Zumrad va Qimmat” ertagi yaponlarning “Ogikubo monogatari”ertagiga juda o'xshab ketadi.

    Bayram kuni O'zbekistonning YAponiyadagi elchisi Muhsinxo'ja Abdurahmonovning, “Men alohida mamnunlik bilan ayta olamanki, YAponiyada ham o'zbek tili va adabiyotiga bo'lgan qizikish tez ortib bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. CHunki qadimiy Buyuk ipak yo'li orqali o'zbek va yapon xalqlari madaniy va savdo aloqalari qilganlar. Bu ikki do'st xalqning tili va madaniyatida o'zaro o'xshashliklar mavjudki buni sizlar yanada kengroq tadqiq etasizlar deb umid qilaman”, degan so'zlari meni yanada ruhlantirib yubordi. YAnada ko'proq izlanishga, ijod qilishga ahd qildim.

– Ayni paytda Tokio xorijiy tillar universitetida 50 ga yaqin yapon talabasi o'zbek tilini o'rganayotgan ekan. Siz ona tilimizni, milliy qadriyatlarimiz va an'analarimizni targ'ib qilish borasidagi qator loyihalar muallifi sifatida o'zbek tiliga qiziqish bilan qarayotgan yapon yoshlari bilan qanday ijodiy hamkorlikni yo'lga qo'yish istagidasiz?  

Ha, katta maqsadlarni oldimga qo'yganman. Turmushga chiqishdan oldin doktorlik uchun ilmiy tadqiqotlar kursini bitirib, JICA loyihasi bo'yicha tarjimon va yapon tilini o'rgatadigan muallim sifatida faoliyat olib bordim. Farzandlarim tug'ilgach, uyda o'tirib, ularning tarbiyasi bilan band bo'ldim. Biroq ana shu jarayonda vaqt va imkon topib azaliy orzuim bo'yicha O'zbekiston-YAponiya madaniyat markazi loyihasini ishlab chiqdim. Ushbu markazdagi tarjimonlik bo'limida ikki davlatning eng mashhur asarlari targ'ib qilinadi. Kimono bo'limida esa yaponlarning milliy liboslari o'zbegim adraslariga uyg'unlashtirilib yangi urfda tikiladi.  Ta'kidlaganingizdek, ushbu markazda bir nechta loyiha bo'yicha investorlar bilan hamkorlik qilinadi. YAponiyada kichik O'zbekiston tashkil qilish maqsadim ancha yillardan so'ng bo'lsa ham amalga oshganidan nihoyatda xursandman.

  O'zbekiston madaniyati Markaziy Osiyo xalqlarining ko'p asrlik an'analari va trumush tarzi bilan bog'liq boy tarixga ega. Buyuk ipak yo'li chorrahasida joylashgan yurtimiz hududida ko'plab me'moriy yodgorliklar, qadimiy qal'a va qasrlar, sirli va noyob tabiat yodgorliklari va xalq og'zaki ijodining noyob elementlari saqlangan bo'lib, ularning aksariyati YUNESKOning Butunjahon merosi ob'ektlari tomonidan muhofaza qilinmoqda. Ushbu madaniy-tarixiy merosimizni yapon xalqiga tanishtirish menga faxr va g'urur bag'ishlaydi.     

Markazimiz tomonidan yurtimizning boy ilmiy, madaniy va ma'naviy merosini keng targ'ib qilish va ommalashtirishni maqsad qilganmiz.  Milliy madaniy markaz qoshida “O'zbek tili va madaniyati” kurslari hamda “O'zbek yakshanba maktablari” faoliyat olib boradi.

Shuningdek, ona Vatanimiz nufuzini oshirishga qaratilgan ilmiy, ijodiy izlanishlar va loyihalar amalga oshiriladi. Yaponiyada murakkab vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularga axborot va huquqiy yordam ko'rsatish, ish bilan ta'minlash masalalariga jiddiy e'tibor qaratiladi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to'g'risida”gi qarorining e'lon qilinishi menga yanada kuch-quvvat va g'ayrat bag'ishladi. Chunki ushbu qarorda bizning orzularimiz va rejalarimiz bilan chambarchas bog'liq bo'lgan muhim vazifalar belgilangan  ekan. 

Shu bilan birga Yaponiya televideniesi bilan shartnoma tuzganmiz. Ayni kelishuvga ko'ra men o'zbek tili, malaniyati va qadriyatlari haqida hikoya qiluvchi qiziqarli lavhalar tayyorlab boraman. Yapon do'stlarimiz ko'proq milliy taomlarimizni tayyorlashni va iste'mol qilishni yoqtirishadi.

Yaponiyaga kelgan ilk damlarimda osh damlagan kunlarim kosaga solib qo'shnilarga tarqatishni yaxshi ko'rar edim. Mazali pishiriqlarimdan ham ko'p bora bahramand bo'lishgan. Patir nonni ham tez-tez gaz patnisida bo'lsa ham pishirishni kanda qilmayman. Men tayyorlagan taomlarning mazasi haqida qo'shnilarim televidenieda ishlaydigan jurnalistga rosa maqtab gapirishibdi. Ko'rsatuvga taklif qilishganida ularning har birini tayyorlab ko'rsatdim. Bir kuni non va non mahsulotlari tayyorlanadigan korxona direktori xodimlari bilan meni yo'qlab keldi. Ular o'zlari tayyorlaydigan mahsulotlar ro'yxatiga o'zbek patirini ham kiritishibdi. Rosa xursand bo'ldim va ularga patir nonimizning turlari haqida gapirib berdim.

Men o'zim yapon taomlaridan sushini juda yaxshi ko'raman. Ayni paytda bu taomni bemalol o'zim tayyorlay olaman.  

– Sizni  Yaponiya va yapon tili bilan bog'lagan samimiy rishtalar qachon paydo bo'lgan?  

Xabaringiz bor, Ikkinchi jahon urushidan keyin Sibir tomondan yuborilgan yapon askarlari O'zbekistonning bir nechta shahar va viloyatlaridagi qurilish ishlariga jalb etilgan. Buvam Alisher Navoiy nomidagi katta akademik teatri qurilishida ishtirok etgan. Va ana shu jarayonda yapon quruvchilar bilan do'stlashib qolgan.  Ular haqidagi yorqin xotiralarini goh ko'zda yosh, goh tabassum bilan menga so'zlab bergan. Yapon do'stlari haqidagi hikoyalariga bo'lgan qiziqishimni ko'rib, buvam shunday nasihat qilgan: “Katta bo'lsang, yapon tilini puxta o'rganib, YAponiya va O'zbekiston o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlashga, albatta, o'z hissangni qo'shasan.”  

Shuning uchun men bolaligimdan repetitor yordamida yapon tilini o'rgana boshlaganman. Keyinchalik esa O'zbekiston davlat Sharqshunoslik instituti litseyida, mazkur institutning bakalavr va magistr bosqichlarida yapon tilini o'rgandim. Yaponiyaning Osaka Kansai instituti, Tokio jahon tillari universiteti va Tsukuba universitetining magistr va doktorlik kurslarida ham tahsil oldim.

– “O'zbekiston, Yaponiya va men” deb nomlangan insholar tanlovi sizning hayotingizda muhim o'rin tutgan ekan...

Ushbu tanlov menga kunchiqar davlatga olib boradigan eshiklarni ochib berdi. O'shanda birinchi kurs talabasi edim. YAponiya elchixonasi tomonidan 18 yoshdan 55 yoshgacha bo'lganlar o'rtasida tanlov o'tkazilayotganini eshitib rosa xursand bo'lganman. Ushbu tanlovga 187 nafar o'zbekistonliklar o'z insholarini jo'natishgan. Tanlov keng miqyosda o'tkazilgani bois g'olib bo'lishni xayolimga ham keltirmaganman. SHuning uchun ota-onamga taqdirlash marosimiga bormanglar, o'rin olmagan bo'lsam, xafa bo'lib qolasizlar, deganman. Buni qarangki, kutilmaganda men yozgan inshoga 1-o'rinni berishdi.  Taqdirlash marosimida inshoni titroq ovoz bilan o'qiganimda butun zal, hatto elchi janoblari ham ko'zda yosh bilan tinglagani hech yodimdan ketmaydi.

  – Ilk safaringiz chog'ida ushbu davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi qanday yutuqlar sizni hayratga soldi? Yaponlarning xotin-qizlarni qadrlash bobidagi qaysi fazilatlarini ayta olasiz?

– Tarixdan ma'lumki, YAponiya davlati davlat Ikkinchi jahon urushida katta inqirozga uchragan. Ammo 1966-yilda olimpiya o'yinlari o'tkazilganida Yaponiyaning  juda tez sur'atlarda rivojlanganini ko'rib, butun dunyo lol qolgan ekan. Bu erda kun ora sodir bo'ladigan zilzilalardan cho'chimay muhtasham va osmono'par binolar barpo etishganiga tan bermasdan ilojingiz yo'q.

Yaponiyada infrastruktura ham nihoyatda oqilona tuzilgan. SHahar qurilishi va undagi har bir narsaning o'z vazifasi bor. Ayniqsa, nogironlarga yaratilgan qulayliklarni ko'rib havasingiz keladi. Avtobus va metrolarda maxsus joy, ular bemalol chiqib-tushishlari uchun maxsus ishchilar shay turishadi. Ko'zi ojizlar uchun turmush hayotning barcha jabhalarida maxsus moslama o'qilma va maxsus yo'lakchalar qilingan.

Yaponiya davlatida ham xotin-qizlarga bo'lgan e'tibor yurtimizdagi kabi qadriyatga aylangan. e'tirof etishga arzirli ishlardan biri, metroda ayollar uchun maxsus vagonlar ajratilgan. Va bu vagonlar chiroyli, nafis  bezaklar bilan sayqallangan.

Jamiyatning turli jabhalarda ham qulayliklar bisyor. Farzandli ayollar ham bemalol ishlashlari uchun ish joyining o'zida bepul bog'chalar tashkil qilingan. Onalar bolalarini ertalab ishga birga olib ketadilar.

Homilador ayollar uchun ham ahamiyatga molik imtiyozlar belgilangan. Homilador ayollar ro'yxatdan o'tganidan so'ng hokimiyat tomonidan ular uchun berilgan maxsus brilokni sumkasiga osib olishadi. Bu holat orqali homilador ayollarga har tomonlama imtiyoz yaratiladi. Ish joylarida esa ish soatlari qisqartirib beriladi.

Farzandlaringizni tarbiyalashda yapon ayollaridan nimalarni o'rganyapsiz? Turmush o'rtog'ingiz siz amalga oshirayotgan ishlarga qanday munosabat bildiradi?

– 2014-yilda yurtdoshim Shuhrat Norboevga turmushga chiqdim. Birinchi suhbatimizdanoq Shuhrat aka iqtisodchi bo'lishlariga qaramay til va adabiyot, musiqa, tarjima borasidagi mulohazalari bilan meni hayratga solgan. Qizimiz Samiaxon 6 yoshda. O'g'lim Mustafo esa 3 yoshga kirdi. Turmush o'rtog'im bilan dunyoqarashimiz va qiziqishlarimiz juda mos kelgan. Shuhrat aka har bir sohadagi ishlarimni to'ri tushunib, meni qo'llab-quvvatlaydilar. Men juda baxtli ayolman. 

Yaponlarning o'zlari ta'lim-tarbiyadagi ko'hna usullarni yagona to'g'ri usullar deb hisoblashmaydi. So'nggi vaqtlarda g'arb qadriyatlari ularning an'analariga katta ta'sir ko'rsatmoqda. Biroq menga yaponcha yondashuvning asosiy tamoyili ma'qul bo'lgan. Bu usul bolalarga sokinlik, sabr va mehr bilan yondashuvni o'rgatadi. 

Yapon adabiyotidagi janrlar va asarlar o'zbek adiblarini hamisha qiziqtirib kelgan...

Aksariyat tarjimalar yapon tilidan, ya'ni asliyatdan o'girilmagan. Biroq  O'zbekiston xalq shoirlari Rauf Parfi va Xurshid Davron, yozuvchi Olim Otaxon va shoira Oygul Suyundikovalarning tarjimalari asliyatga juda yaqin ekanligidan hayratlanganman.

Natsueme  Sosekining “Qalb” romani nima uchun sizni o'ziga jalb etdi?

– Birinchi marta YAponiyaga kelganimda kitob do'konidan kitob sotib olmoqchi bo'lganman. Bir necha kitoblar orasidan “Kokoro” sarlavhasi diqqatimni tortgan. CHunki bu so'z men buvamdan o'rgangan birinchi yaponcha so'z edi. SHunday qilib yapon tilida o'qigan birinchi asarim Natsueme Sosekining “Qalb” romani edi. Va bu asarni ilmiy ishim mavzusi uchun asos qilib tanladim. Romanning ligvopoetik xususiyatlarini o'rganish uchun astoydil tarjima qildim. Mazkur asarning o'ziga xosligi shundaki, mehr-oqibat, do'stlik, qarindoshlik rishtalari, ota-ona va farzand, ustoz va shogird munosabatlari hakida gap boradi. YOzuvchi asarda shunday savol qo'yadi:  inson uchun qay biri dahshatliroq – ma'naviy etishmovchilikmi yoki moddiy etishmovchilik? Albatta, ma'naviy tomondan qashshoqlik hamma narsadan yomon.

Men tarjima jarayonida yozuvchining fikri va hissiyotlarini buzmagan holda o'zbek kitobxoniga tushunarli bo'lgan xalqchil so'zlardan foydalanishga harakat qilaman. Va asliyatdan qilingan tarjima men uchun katta ahamiyatga ega.

–   Ayni paytda qaysi asar tarjimasi bilan bandsiz?

– 2018-yilning avgust oyida yapon tilida yozilgan hikoyalarimni bir kitobga jamlab, yaponiyalik bolalarga taqdim etdim. Ushbu kitob “O'zbek va yapon askarining do'stligi” deb nomlanadi. “Yana bir bor sakura gulini ko'rish nasib etarmikan?” deb nomlangan hikoyamni yaponiyalik bolalar juda katta qiziqish bilan o'qishdi. Televidenie, radio va gazetalarda bu hikoyaga qayta-qayta munosabat bildirishganiga xursand bo'ldim. O'z yurtini sog'ingan yapon askarining kechinmalarini o'zim ham ko'zimda yosh, yuragimda esa cheksiz muhabbat tafti bilan qog'ozga tushirganman. Bu tarixiy hikoya aprel` oyidan boshlab Yaponiyada boshlang'ich sinflar darsliklariga kiritiladigan bo'ldi. Yaponiyadagi bog'chalar kutubxonalariga ham tarqatildi. Mazkur hikoyaning o'zbekcha matnini  o'zimizning bolajonlarga ham taqdim etish niyatim bor.

Joriy yilda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi. Bu borada ona yurtimida o'tkazilayotgan barcha tadbirlar va tantanalarni katta qiziqish bilan kuzatib bordim. SHu bilan birgalikda Alisher Navoiy g'azallari va ruboiylari borasidagi asosida videosaboqlar tayyorlab ularni turli o'quv maskanlarida namoyish qildim. YApon yoshlari mumtoz she'riyatimizning chuqur falsafaga va mushohadaga chorlaguvchi namunalarini hayrat bilan tinglashdi. Ayniqsa, Soka universitetida qurilgan Alisher Navoiy haykali yonida tashkil etilgan mushoira ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.    

 Kelgusida Alisher Navoiy asarlarini puxta o'rganib, qurbim etganicha yapon tiliga tarjima qilish niyatim ham bor. Bu jarayon katta mas'uliyatni va bilimni talab qiladi. SHu bois astoydil izlanib bobomiz asarlarini o'rganishga ahd qilganman.  

– Bir suhbatingizda yaponlar o'zbek to'ylariga juda katta qiziqish bilan qarashlarini aytib o'tgan edingiz. YAponiyadagi to'y marosimlari qaysi jihatlari bilan sizda katta taassurot qoldirdi?

– Yaponiyada to'y marosimlari juda ixcham va shinam o'tkaziladi. Atigi 50 nafar odam ishtirok etadi. To'y-marosim xarajatlari ota-ona emas, balki ikki yosh peshona teri bilan ishlab topgan mablag' hisobiga qoplanadi. Kuyov bo'lmish yangi oila uchun uy-joyni qurib yoki sotib olib, barcha jihozlarini ham o'zi hozirlaydi. Shuning uchunmi ajrashishlar juda kam uchraydi. Odatda yaponlar 18 yoshga to'lishi bilan o'z ustida ishlab o'qishdan tashqari mehnat qilib ota-onalari qanotiga kiradi. e'tiborli jihatlaridan biri, erta turmush qurish hola ti umuman uchramaydi. Ayollar uchun 28-30 yosh, erkaklar uchun 30-35 yosh belgilangan.

To'ylar milliy va zamonaviy qismlarga bo'linadi. Dastlab kelin va kuyov milliy libos hisoblangan kimononi kiyib, ibodatxonalarga borishadi. Zamonaviy qismida esa oq ko'ylak va kostyum-shim kiyib yaqinlari bilan ziyofat qilishadi. Ana shunday marosimlarda qatnashganimda o'zimizning yurtimizdagi to'ylar va marosimlarnining fayzi baribir boshqacha ekanligiga amin bo'laman.    

–  Yana qanday lahzalarda O'zbekistonimizni sog'inasiz?

– Bilasizmi,  sakura gullariga boqqanimda hovlimizda qiyg'os gullagan bodom va olcha gullari yodimga tushadi. Turmush o'rtog'im bilan farzandlarimizni etaklab yurgan chog'larimizda shirin xotiralarimni qayta-qayta hikoya qilib beraman. Rahmatli otam va onam gullagan olcha daraxtlari tagiga stol qo'yib biz bolalarga ertaklar o'qib bergan lahzalarni qo'msayman. Dadam rahmatli O'zbekiston xalq shoiri erkin Vohidovning “O'zbegim” qasidasini baland ovozda bizga faxr bilan o'qib berganlari haligacha qulog'im ostida yangraydi. Biz yodlashimiz zarur bo'lgan she'rlar ro'yxati esa haligacha ko'z o'ngimda turadi. O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Ona tilim” deb nomlangan she'rini har gal dadamga chuchukkina tillarim bidan yoddan o'qib berganimda, “Ona tilim, sen borsan, shaksiz”, degan misralarini adashtirib yuborar, “Ona tilim, sen borsan, shuky” deb aytgan chog'imda dadam, “Bu gaping ham to'g'ri, qizim, shunday betakror va go'zal tilimiz bo'lmaganida nima bo'lar edi. SHukrkim, Alisher Navoiydek bobolarimiz bizga shunday bebaho xazinani meros qilib qoldirgan ekan”, deb sochlarimni silab qo'yardilar.  

 Suhbatimiz so'ngida yapon shoiri Myoening mana bu misralarini esladim: “YUragimning ichidan yorqin nur taralmoqda. Bu yog'du balki oyga o'z aksiday ko'rinayotgandir.”Nodira ham ushbu misralarni yoqtirishini ta'kidlab, bilasizmi hozir men siz bilan qanday gaplashyapman, bir qo'limda o'g'limni ko'tarib, bir qo'lim bilan qizalog'imning sochlarini silayapman,yuragimda esa Vatan sog'inchi va muhabbatidan to'lishgan Oy bor,  dedi.  

 Ha, yurtdan olisda turib Vatan haqida o'ylashning, odamlarga bu muqaddas zaminning tarixi, tili,urf –odatlari va bugungi kunidan hikoya qilishning zavqi, salmog'i boshqacha bo'ladi. Nodira Aminova O'zbekiston farzandi ekanligidan faxrlanadi, ertangi kunini ushbu yurt ravnaqi va yorug' xayoli bilan ko'radi. SHu bois ham uni hamisha g'oliblar safida deb bilishga haqlimiz. 

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Muxtasar Tojimamatova suhbatlashdi.