Dunyoga koʻz ochgan goʻdak uchun ona bagʻri – Vatan, oq suti – rizq. Demak, biz Vatanni ilk bor volidamiz chehrasida koʻramiz. Yurt taftini uning bagʻrida his qilamiz. Gʻoz-gʻoz yura boshlaganimizda esa bu olamda yer borligini anglay boshlaymiz. Oʻylab koʻrsak, murgʻak tasavvurimizdagi vatan – biz uchun Ona! Shuning uchun ham vatan soʻziga ona soʻzining esh boʻlishi tandagi qon bilan jon kabi mutanosibdir...

Inson olamni tanishni oʻzini, oʻzligini, oʻz xaqqini tanishdan boshlaydi. Tanish baxtiga muyassar boʻlgan odam uchun vatan endi tandagi jonga, tomirdagi qonga aylanadi. U qaysi el, qay diyorga bormasin, bamisoli vatan muhabbati unga ergashib yuradi. Agar u tom maʼnoda vatanparvar boʻlsa, Vatan uni bir nafas ham tark etmaydi. Aytgan soʻzida, bosgan qadamida, ochgan koʻzida oʻz yurtini, xalqini koʻradi. Oʻzga yurtlar qanchalar muazzam boʻlmasin, kindik qoni tomgan muqaddas goʻsha sogʻinchi uni entiktiraveradi. Chunki bu  sogʻinch aslida ona, yoru birodar, aziz qon-qarindoshlar sogʻinchi! Farzandini sogʻingan ona, onasini sogʻingan farzand, agar taʼbir joiz boʻlsa, bunday totli sogʻinch – barcha sogʻinchlarning aʼlosi deyish mumkin. Bu boradagi soʻzimizni muxtasar qilsak, vatanni tanish ana shunday boshlanadi.

Ozarbayjon  orazi

Kamina oʻzimni ijodkor sifatida anglay boshlaganimdan buyon, rosti, Ozarbayjonga borishni orzu qilardim. Chunki bu betimsol yurt adabiyot olamiga hazrat Alisher Navoiydek zotni hayratga solgan Nizomiy Ganjaviydek sheʼriyat dahosini bergan-da! Shu bois ham bobokalonimiz tilidan bol tomib yozgan:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasigʻa panja urmoq.

Kerak sher oldida ham sher jangi,

Agar sher oʻlmasa, bore, palangi, – deb...

Yana Imomiddin Nasimiy nidosi, u bilan bogʻliq voqealar asrlar osha Ozarbayjondan adolat sadosi oʻlaroq, butun turkiy olamga taralib turibdi. Aslida uni “tovonidan soʻygan”lar elning qargʻish tigʻi bilan oʻzlarining halqumidan tilgandilar... Nasimiy esa tillarda, dillarda Ozarbayjon boʻlib yashayapti. Oʻlmas soʻz boʻlib yashab kelmoqda:

Ey Nasimiy, chun muyassar boʻldi iqboli visol,

Qoʻy, teringni soʻysa, soʻysun bu palid qassoblar.

Faqatgina ozarlar emas, butun turkiy dunyodagi ishq ahli Muhammad Fuzuliyni oʻzining piri komili deb hisoblashadi. Uning “Layli va Majnun” dostoni XVII asrdan boshlab Turkiston madrasalarida oʻquv qoʻllanmasi vazifasini oʻtganiyoq koʻp narsalarni anglatadi. Ayni damda Fuzuliy oʻzbek xalqining ham eng sevimli shoirlaridan biri boʻlgan. Shu bois oʻtgan asr avvallarida yurtimizda “fuzuliyxonlik” kechalari ancha ommalashgan. Oʻz navbatida, Fuzuliy Alisher Navoiyni alohida qadrlagan:

Oʻlmishdi Navoiy suxandon,

Manzuri shahanshohi Xuroson.

Bizning bu qisqa iftixorimizdan maqsad – shu buyuk qalam sohiblari ulgʻaygan tabarruk zaminga – Ozarbayjonga qadamimiz yetgani shukronasini aytish. Va u yerda boʻlib oʻtgan nafis majlislar haqida hikoya qilmoqdir.

***

Xabaringiz bor, shu yil 31-iyuldan to 4-avgustga qadar Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi. Xuddi shunday anjuman bundan 44 yil ilgari oʻtkazilganini eslasak, oradagi sogʻinch yillar talay ekani ayon boʻladi, albatta. Turkiy xalqlarining buyuk ajdodlari hamisha bir-biriga yelka tutgan, qoʻlini qoʻliga berib, necha tamaddunlarni birgalikda boshlab bergan. Bu haqida zukko tarixchilarimiz juda chiroyli soʻzlab beradi. Ammo keyingi olti-yetti yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan istiqbolni koʻzlab, yakdillikda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning koʻlami nihoyatda ulugʻ boʻlmoqda. Mazkur “madaniyat kunlari” ham ikki davlat rahbarlari azmu shijoatining bir mahsulidir.

***

Madaniyat kunlari ishtirokchilari uchun Ozarbayjondan yuborilgan maxsus samolyot ayni choshgohda Toshkent aeroportidan parvoz qila boshladi. Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, xalq artisti Ozodbek Nazarbekov rahbarligidagi ishtirokchilarning umumiy soni 200 dan ziyod. Ardoqli xalq artistlari, ustoz sanʼatkorlar, estrada xonandalari, Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatr jamoasi, Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri, mutasaddilar, shuningdek, qalam sohiblaridan – adabiyotshunos olim, professor Bahodir Karim, isteʼdodli shoir Salim Ashur, Abdulla Qodiriy bobomizning nabirasi, adib nomidagi uy-muzey direktori Xondamir Qodiriy bilan birga kaminaga ham shunday tarixiy imkoniyat nasib qildi.

Samolyotimiz Haydar Aliyev nomidagi Boku xalqaro aeroportiga ohista qoʻndi. Qoʻllarida atirgul tutgan Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vazirligi masʼullari hamda yoshlar bizni ochiq chehra bilan kutib olishdi. Manzilimizga qadar yarim soatcha yoʻl yurdik. Chor-atrofga boqib, Boku tabiati, latofati, ulugʻvorligiga lol boʻldik. Biz uchun ajratilgan “besh yulduzli” “Marriott” mehmonxonasiga joylashdik.

Bu azim bino ham nihoyatda salobatli, ayni paytda Kaspiy dengizi boʻyiga qurilgani bilan yanada viqorli koʻrinarkan. Men qoʻnim topgan xonadan sohillari togʻlarga, osmonu bulutlarga tutashib ketgan Kaspiy kaftdagidek namoyon. Dengizni yonidan kam koʻrgan odam uchun, agar u ijodkor boʻlsa, bu unutilmas diydor edi. Biroq oʻz dengizi bilan iftixor qiladigan Ozarbayjon ahli huzuriga biz qalbimizdagi mehr-muhabbat dengizi bilan kelgan edik. Men oʻzbegimning yuragida dengizi bor xalq deb bilaman-da. Boisi dunyo ahli havas qiladigan daryodil, ochiqqoʻl, mehmondoʻst boʻlish uchun xalqning yuragida dengizgina emas, balki ummon boʻlmogʻi lozim. Shukrkim, oʻzbeklar ana shunday fazilatli xalqdir...

Mehmonxonada hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida eʼtiborimni tortgani, bir yoshgina ayol boʻldi. U oʻz xatti-harakati bilan bir kaminanigina emas, hatto xorijlik sayyohlar eʼtiborini ham tortganiga shubham yoʻq. Gap shundaki, bu kelinchakning bir oʻrim sochi uzun koʻylagining etagidan ham uzun edi. Qoʻlidagi chamasi ikki yoshli bolasiga ham Margʻilon doʻppisini kiydirib qoʻyibdi. Bolakay shu qadar yoqimtoyki, goʻyo shu joylarda oldin ham boʻlgandek bemalol chopqillab yurar, gohida onasiga ham tutqich bermasdi... Shu tobda momolarimiz iffatini saqlagan, sochini hayo chashmasi bilan oʻstirgan shu ayol bilan suhbatlashgim keldi.

Marjona Abdurahmonova 5 yildan buyon Muqimiy teatri aktrisasi. Madaniyat kunlari dasturida teatr jamoasi oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda aynan Kumushbibi rolini, Ozarbayjon dramaturgi Majit Shamxalov asari asosidagi “Qaynona” spektaklida kelin rolini oʻynashi kerak ekan. Bosh rollar ijrochisi boʻlgani uchun kelmaslikning iloji yoʻq. Shu bois maʼmuriyat hali farzandi yosh boʻlishiga qaramay, aktrisani ozarlar yurtiga olib kelish hamda sharoit yaratib berishga ahd qilibdi. Avvaldan boʻlsa ham aytmoq joizki, biz ijodkorlar jamoasi Ozarbayjon davlat musiqali akademik teatrida aktyorlarimiz ijrosini miriqib tomosha qildik.

Madaniyat kunlari Ozarbayjon xalqining qalbida abadul-abad yashab qolgan millat ulugʻlarining ziyoratidan boshlandi.

Boku shahrining Parlament prospektidagi Faxriy xiyobonda Ozarbayjon xalqining buyuk farzandlari – davlat arboblari, shuningdek, oʻnlab soha vakillari – Haydar Aliyev, Samad Vurgʻun, Muslim Magamayev, Abduraim Aqberdiyev kabi el-yurt qadrlagan, oʻz millatining ardoqli siymolari dafn etilgan. Ularning qabrlari poyiga guldastalar qoʻyildi, qurʼon tilovat qilindi. Shahidlar hiyobonida ham shu ehtirom takrorlandi.

1-avgust kuni “Oʻzbekiston madaniyati kunlari”ning ochilish tantanasi Haydar Aliyev nomidagi sanʼat saroyida boʻlib oʻtdi. Ikki ming kishilik hashamatli zal odam bilan liq toʻla. Shodiyona Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Odil Keremlining kirish soʻzlari bilan ochildi. Bizni quvontirgani esa Oʻzbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayevaga Ozarbayjon Prezidenti I.Aliyev farmoniga binoan Ozarbayjon xalq artisti unvoni berilgani, shuningdek, Oʻzbekiston xalq artisti Abduxoshim Ismoilov va Oʻzbekiston davlat simfonik orkestri bosh derijyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Kamoliddin Oʻrinboyevga “Doʻstlik” ordeni topshirilgani boʻldi.

Shuni ishonch bilan aytamanki, “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarining ochilish marosimiga bagʻishlangan konsert dasturi taassurotining oʻzi bir maqola boʻladi. Sanʼatkorlarimizning biror chiqishi mahalliy tomoshabinlar tomonidan eʼtiborsiz qoldirilgani yoʻq. Davomli qarsaklar, butun zal tikka turib olqishlashi, konsert yakunigacha 2 ming kishini katta hayajon bilan oʻtirgani, bir soʻz bilan aytganda, Ozarbayjon  xalqining qardosh xalqlar sanʼatiga, umuman, sara sanʼat namunalariga boʻlgan munosabatidan, odobu madaniyati, samimiyatidan oʻrnak olish kerak ekan. Ochigʻi, ham konsertdan, ham tomoshabinlarning oʻzini tutishidan miriqdim, zavqlandim, havaslandim!

Kichik sarlavhamizni “Ozarbayjon orazi” deb qoʻyganimda, soʻzimni Boku shahrining batamom koʻrku jamolining taʼriflaridan boshlamoqchi edim. Ammo Ozarbayjon xalqining, Boku ahli qalb olamining goʻzalligi undan ustunroq keldi. Endi oʻzingiz ayting, shunday goʻzal koʻngil egalari yomon bino qurishi mumkinmi? Binolari bir-birini takrorlamaydi, bordi-yu, takrorlagan boʻlsa, xuddi aka-uka, opa-singildek oʻzaro uygʻun.

Binolarning tashqi koʻrinishidan mazmun yogʻilib tursa, ranglar bir-biriga mutanosib boʻlsa, koʻhna obidalarning yonida yangi qurilgan inshootlar uzukka koʻz qoʻygandek jilmayib boqsa, koʻzingiz quvnaydi-da.

Bu Ozarbayjonning, bu Bokuning orazi. Niyatimiz shu goʻzal orazning boshidan oftob, bagʻridan mayin yellar, tuprogʻidan qut-baraka arimasin.

Qodiriy qadridan quvondik

2-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi milliy kutubxonasida ozar tilida Bokuda chop etilgan ulugʻ adib Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman doirasida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” burchagining ochilish tantanasi ham koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.

Keling, shu asnoda Milliy kutubxona haqida bir ogʻiz soʻz aytsam. Qoʻldan qoʻlga oʻtsa, qadri oshadigan, dildan dilga oʻtsa talabgori koʻpayadigan, umrga mazmun, hayotga ishtiyoq, muhabbat va umid uygʻotadigan yogʻdu — bu kitob, yaxshi asarlar. Shu bois milliy kutubxonasi boy davlatlar alohida qadrlanadi. Ularni yoʻqlab boruvchilar ham koʻp boʻladi.

Milliy kutubxona direktori, professor Kerim Tohirov ilmu maʼrifat ahli oʻrtasida oʻz nufuziga ega inson ekan. Kitob taqdimotidan bir kun oldin bizni oʻz kabinetida qabul qilib, kutubxona faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar bergandi. Uning aytishicha, kutubxona 1961-yili qurilgan.

Kutubxonaning qurilish tarixi ham oʻziga xos. Uning tashabbuskori va ilk meʼmori Sulaymon Raimov oʻz paytida Ozarbayjon davlatining madaniyat qoʻmitasi raisi boʻlib ishlagan. 1947-yilda arxitektor Michal Useyinov bilan birga bino tarhini tayyorlab, ruxsat olish uchun Moskvaga olib borishgan. Javob bitta boʻlgan: “Hali Lenin nomidagi oʻzimizning kutubxona bitkazilgani yoʻq-ku, sizlarga yoʻl boʻlsin!” 1955-yili oʻsha bitmagan kutubxona ishga tushadi. Ammo shunda ham Sulaymon Raimov kutubxona qurishni boshlashga ijozat soʻrab, Moskvaga 6-marta boradi. Nihoyat, 1961-yilda katta qisqartirishlar, kichraytirish, “tejash” amaliyotlari bilan ruxsat beriladi.

Sulaymon Raimovning farzandlari boʻlmagani bois “Mana shu kutubxonani bir amallab ishga tushirib olsam, uning har bir zali mening bir farzandim boʻladi”, deya aytar, shu niyat yoʻlida azmu shijoat koʻrsatgan ekan...

Maʼnaviyat maskani nihoyatda ulugʻvor, salobatli, keng, yorugʻ, shinam va muxtasar aytganda – maftunkor inshoot boʻlgan. Toʻrt million olti yuz ming dona kitob fondiga ega. Muassasa qoshida alohida – “Ochiq kutubxona” tashkil etilgan boʻlib, havo ochiq kunlari kitobxonlar bino ichida emas, balki soya-salqin joylarda, azim daraxtlar tagida oʻtirib, tabiat bilan vobasta holda mutolaa bilan mashgʻul boʻladilar. Yogʻingarchilik kunlari esa xonalarda miriqib kitob oʻqish mumkin, albatta. Ushbu ochiq kutubxonadagi bir javon peshtoqiga “Men oʻqidim, sen ham oʻqi!” degan chiroyli chorlov bitilgan ekan. Gap shundaki, kitobxonlar bu javonga oʻzlari sotib olgan va zavqu shavq bilan oʻqigan sara kitoblarni begʻaraz qoʻyadi. Oʻrniga boshqa kitobni olib ketib oʻqishi mumkin. Bu almashuv muntazam kuzatiladi. Bunday samimiy amaliyotni dunyoning koʻplab kitobxon mamlakatlarida kuzatish mumkin.

Taqdimot boshlanishidan avval Kerim Tohirovning xonasida Oʻzbekistonning Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov bilan ham koʻrishdik. “Oʻtkan kunlar” romani bevosita elchixona maʼmuriyati tashabbusi va koʻmagida, 1928–1929-yillarda Xolid Said Xoʻjayev qilgan tarjima Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi boʻlim mudiri, professor Olmos Ulvi Binnatova muharrirligida qayta nashr etildi.

Kitob taqdimotida ham ikki davlatning madaniyat vazirlari ishtirok etdi. Kechani kutubxona mezboni Kerim Tohirov boshqardi. Dastlabki soʻz Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi Anar muallimga berildi.

Turkiy xalqlarning ardoqli adibi Anar muallim ikki davlat oʻrtasidagi mustahkam, ildizlari olis oʻtmishlarga borib taqaluvchi, bugun yanada jipslashayotgan doʻstlik haqida iliq fikrlarini bildirdi. Bugungidek qutlugʻ anjumanlar oʻtkazilishiga asos boʻlayotgan adabiy aloqalarning jonlanishi, muntazamlilik kasb etayotganini mamnuniyat bilan tilga oldi. U oʻz soʻzida: “Meni Oʻzbekiston davlati rahbari yuksak mukofot – “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirladi. Bundan cheksiz minnatdorman”, deya davlatimiz rahbariga takror-takror oʻz tashakkurini izhor qildi.

Anjumanda yuzdan ziyod olimu ulamo, ijodkorlar, siyosatshunoslar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda xalqaro Turk madaniyati va merosi fondi prezidenti Gunay Afandiyeva, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy adabiyot muzeyi direktori, Milliy Majlis aʼzosi, akademik Rafail Husayinov, professor Olmos Ulvi Binnatova, professor Bahodir Karim, atoqli tarjimon Ramiz Asqar, shoir Akbar Qoʻshali, Xondamir Qodiriy va boshqalar ham oʻz fikr mulohazalarini bildirishdi.

“Oʻtkan kunlar” — aslida Qodiriyning soʻzidagi nur. Taqdimotda oʻzbekning oʻzidagi nur boʻlib porladi. Shunday saodatmand yozuvchisi bor xalq hamisha eʼzozu ehtiromga munosibligi baralla taʼkidlandi. Adabiy doʻstlik – abadiy doʻstlik ekani shu kuni bot-bot aytildi. Bir soʻzda ifodalasak, Qodiriy bobomiz sharaflandi, millatimiz sharaflandi. Biz esa Qodiriy yana bir turkiy mamlakatda qadrlanganidan, hamisha qadrlab kelinganidan quvonibgina qolmay, iftixor qildik. Oʻzbek adabiyotiga muhabbati uchun qardosh Ozarbayjon xalqiga, ijod ahliga, olimu fozillariga tashakkurlarimizni bildirdik.

Ganja – Ozarbayjon ganji

Oʻzini millat adabiyoti, maʼrifati, maʼnaviyati uchun daxldor bilgan, ayniqsa, qoʻliga qalam olgan inson borki, Ozarbayjonga borsa, Ganja shahrini, aniqrogʻi, dunyo adabiyotida birinchi boʻlib “Xamsa” yaratgan Nizomiy Ganjaviy xilxonasini ziyorat qilishni orzu qiladi. Yaratganga behisob shukurki, bizga ham ana shu baxt nasib etdi. Boku shahridan Ganja shahrigacha 380 kilometrlik masofa bor. Bizga ajratilgan “Mersedes-Bens” mikroavtobusida tongda yoʻlga chiqdik. Ozarbayjon  madaniyat vazirligi masʼuli Kanan ismli yigit va haydovchimiz Veysal hamrohlik qildi. Ishoning, Ganja shahrigacha biror joyda taʼmirtaʼlab yoʻl koʻrganimiz yoʻq. Yoʻllar nihoyatda ravonligidan lol qoldik. Shahardan chiqishda yoʻlimizning oʻng tarafida Bokuning ulugʻvorligiga xos inshootlar, turar joylar, hatto tartib bilan qurilgan bir qavatli xonadonlar ham goʻzal, qiyalikda bir-biriga yelka tutib, bir-birini suyab turgandek. Chap tomon esa bepoyon Kaspiy dengizi! Yana yoʻlning ikki tomonida, ayrim joylarda bir maromda ishlab turgan neft qazish qurilmalariga koʻzingiz tushadi...

Chamasi 70–80 km yoʻl bosgandan keyin Kaspiy ortda qoldi. Qator qishloqlar oralab oʻzimizning Jizzax, Sirdaryo choʻllariga oʻxshash kengliklardan, yangi bunyod etilayotgan intensiv bogʻzorlardan oʻtdik. Shu jarayonda Ozarbayjon  ahlidagi vatanparvarlik tuygʻusi, rosti, bizni rom etdi. Qaysi daraxt yoki oʻt-oʻlan haqida soʻrasangiz, albatta “Bu Ozarbayjonniki!” degan soʻzni qoʻshib qoʻyadi! Ketayotib qamishzorga koʻzimiz tushdi. “Bular ham bizning joylarga oʻxshar ekan”, deyishim bilan, haydovchi Veysal “Bu qamish – Ozarbayjon  qamishi!”, deya jilmaydi. Qarang, hatto botqoqda qarovsiz oʻsib yotgan qamishini ham begona qilgisi yoʻq!

Nihoyat, toʻrt soatdan ziyod yoʻl bosib, Ganja shahrining oʻta salobatli ramziy darvozasiga yetib keldik. Bizni boʻsagʻada Ganja shahar madaniyat boshqarmasi boshligʻi Parvin Gazimov kutib oldi. Xayolan tasavvur qilgan, koʻrishni orzulaganimiz Nizomiy Ganjaviyning ziyoratgohi Ganja shahriga kiraverishda ekan. Qarshimizda oʻta shinam va goʻzal, mahobatli maqbara turibdi. Unga keng, ulugʻvor marmar yoʻlakdan boriladi. Ushbu maqbaraning qarshisida esa Ilhom Aliyevning umr yoʻldoshi Mehribon xonum tashabbusi bilan Nizomiy Ganjaviy muzeyi bunyod etilibdi. Bizni maqbarada xizmatda turgan ayollar qoʻllarida atirgullar bilan kutib oldi. Ularning gullarini hazrat qabri ustiga qoʻydik. Qurʼon tilovat qildik.

Hamroximiz bizni tushdan soʻng avval Haydar Aliyev nomidagi “Chinor” istirohat bogʻiga olib bordi. Bu bogʻning umumiy maydoni 460gektar boʻlib, ulkanligi jihatidan dunyoda beshinchi oʻrinda turarkan. Bogʻ markazida qad rostlagan uch qavatli, hashamatli Haydar Aliyev markazini ziyorat qildik.

Keyingi manzilimiz Maxsatiy Ganjaviy muzeyiga boʻldi. XII asrda yashab ijod qilgan bu otashqalb ayol – yuzlab ruboiylar bitgan. Uning satrlari davr azobi sadosi, umr falsafasi, qalb goʻzalligining tarannumi.

Nomurod ayladi meni bu zamon,

Qoʻlidan kelgani – zahmatu ziyon.

Tilaging shu ersa, chirpirat meni,

Toshingdek aylantir, ey charxi davron!

Biz kun poyoniga yaqinlashayotganida, ochiqdil mezbonlarimizdan qaytish uchun ijozat soʻradik. Ammo Ganjaga kelgan mehmon butun Kavkaz olami uchun goʻzallik va hayrat timsoli boʻlgan – 13 ming gektarlik togʻlar bagʻrida yastanib yotgan Milliy bogʻni koʻrmay ketmasligini aytdi. Bu bogʻ Ganja shahridan 28 km uzoqlikda ekan. Bu masofaning deyarli teng yarmini togʻlar bagʻriga oʻrmalab chiquvchi, keskin burilishlarga boy yoʻllar orqali bosib oʻtish kerak ekan.

Bir tup niholni daraxtga aylantirguncha qancha mashaqqat, qancha yillar kerak. Minglab gektar togʻlar koʻksida tagiga tangadek oftob tushmaydigan qalin oʻrmonzorlarni gurkiratib qoʻygan Tangriga tasanno, demay iloj yoʻq. Togʻlar bagʻrida ulkan Joʻy koʻli, yaʼni Koʻkkoʻl yastanib yotibdi. Uning tegrasida turli manzillarda yana oltita koʻl borligi, har bir oʻz nomiga egaligini aytishdi. Milliy bogʻ tafsiloti ham alohida maqolaga arzigulik, albatta...

Dilimizdan oʻtgani shu boʻldiki, Bokuga kelganlar Ganjani koʻrmasa, demak, Ozarbayjon ni koʻrmaydi, Ganjaga kelganlar Milliy bogʻni koʻrmasa, Kavkaz dunyosini koʻrmabdi. Shukr, biz bularning barini koʻrdik! Muhimi, maʼnaviyati, madaniyati, adabiyoti, maʼrifati vobasta, hamkor, hamfikr qardoshlarimizning mehrli munosabatlaridan xuddi oʻz diyorimizda yurgandek, yayradik.

Biz ularga millatimiz, xalqimizning mehrga yoʻgʻrilgan qaynoq salomini, dildoshlik muhabbatini olib borgan edik. Ular ham bizni shu ezgu tuygʻular ogʻushida kuzatib qolishdi. “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” ishtirokchilari bir ovozdan, baralla “Toshkentda koʻrishguncha!” – deya xushtaklifni takalluf ila qoʻlini koʻksiga qoʻyib aytdilar. Mezbonlar bajonidil qabul qildi. Ha, azizlarim, yaqin kunlarda Toshkentimizda “Ozarbayjon  madaniyati kunlari”ga satart berilsa, ajab emas!

Ey mening qadrdon, qardosh ozarim,

Kaspiyning bagʻrida tovlangan zarim,

Nizomiy soʻzida shamsu qamarim,

Qardoshlik qondandir, jondoshlik jondan,

Senga salom boʻlsin Oʻzbekistondan!

 

Xush koʻrding, xushvaqtmiz, tasanno senga,

Sogʻinchim sadosi xushnavo menga,

Navoiy ruhidan xushduo senga,

Mehring isi kelur sen tutgan nondan,

Senga salom boʻlsin Oʻzbekistondan!

 

Goʻzal Ozarbayjon ! Nomingda nur bor,

Togʻlaring tegrangda qalqon purviqor,

Oʻzbek-ozar desa, qilgay iftixor,

Bulbullar arimas oltin oshyondan,

Senga salom boʻlsin Oʻzbekistondan!

 

Navoiy nazmida Nizomiy madhi,

Diliga choʻgʻ solgan “Xamsa”ning ahdi.

Ularga buyurdi sheʼriyat taxti,

Maqsud Shayhzodadek qoʻshbaxt oʻgʻlondan,

Senga salom boʻlsin Oʻzbekistondan!

 

Shoning sharaflasam, sheʼrim sharbatdir,

Buyuk ajdodlarning umri ibratdir.

Shirintil mezbonim, mehmoning marddir,

Keldim Manguberdi kelgan makondan,

Senga salom boʻlsin Oʻzbekistondan!

 

Sanʼat saodatdan gar bersa taʼlim,

Soʻzining sultoni Anar muallim,

Fuzuliyga abad qilgaymiz taʼzim,

Olam orom olar olov devondan,

Senga salom boʻlsin Oʻzbekistondan!

 

Tinchlik tilagida jumlai jahon,

Milat ajratmaydi murodbaxsh inson,

Doʻstlik oʻlkasidir hur Ozarbayjon ,

Baxtlar arimasin bunday boʻstondan,

Senga salom boʻlsin Oʻzbekistondan!

Mahmud TOIR,

Oʻzbekiston xalq shoiri

Toshkent — Boku — Ganja — Boku — Toshkent.

31-iyul—4-avgust, 2023-y.