Bugun xalqaro andozalar darajasida tibbiy xizmat ko'rsatadigan tizimni barpo etish, xalqimizni yanada sog'lomlashtirish va roziligiga erishish bilan bog'liq ko'plab muhim vazifalar mamlakatimizning yangi taraqqiyot strategiyasida bosh mezon etib belgilangan “Inson qadri uchun” degan tamoyilning asosini tashkil etadi. Jumladan, har bir fuqaroning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini o'zida mujassam etgan ushbu g'oya bugun sog'liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarda o'z ifodasini topmoqda
2021 - yil 9 - noyabrda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida tibbiyotning birlamchi bo'g'inini rivojlantirish, eng ko'p tarqalgan va o'limga sabab bo'layotgan kasalliklarni erta aniqlash, maqsadli skrining tadbirlari o'tkazish masalalariga asosiy e'tibor qaratilgandi. Jumladan, sohadagi vazifalar kardiologiya yo'nalishi misolida ko'rib chiqilgan.
Bugungi kunda kardiologiya sohasini jahon andozalariga mos ravishda yuksaltirish, yurak-qon tomir xastaliklari tufayli yuz berishi mumkin bo'lgan noxush vaziyatlarning oldini olishga yo'naltirilgan aniq chora-tadbirlar ijrosi eng muhim ustuvor vazifalardan biri bo'lib qolmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yurak-qon tomir kasalliklarini davolash va tashxislashda yaxlit tizim yaratilgan. Kasallikni erta aniqlash, diagnostika qilish, kasallik turlarini dori-darmon bilan davolash, endovaskulyar usulda tekshirish va davolash, kerak bo'lganda ochiq usuldagi murakkab jarrohlik amaliyotini bajarish kabi usullar yo'lga qo'yilgani fikrimiz dalilidir.
Markazning rentgenendovaskulyar jarrohlik bo'limida yurak tojsimon arteriyalarining toraygan qismini aniqlash, ularga naycha o'rnatish kabi yuqori texnologiyali usullar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yiliga mingdan ortiq bemorda ushbu davolash amaliyoti qo'llanyapti. Bunday usul bilan davolash orqali yurak-qon tomir kasalliklarining eng og'ir turi bo'lgan miokard infarktining oldi olindi. Keyingi besh yilda miokardning o'tkir infarktidan sodir bo'layotgan o'lim holatini ikki barobar pasaytirishga erishildi.
— Markazimizda bu borada o'ta murakkab operatsiyalar yo'lga qo'yilgan, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, Oliy Majlis Senati a'zosi Xurshid Fozilov. — Jumladan, maxsus moslamalar yordamida qon tomir orqali yurak tug'ma nuqsonlarini davolash, aorta klapanlarini almashtirish kabi zamonaviy usullar qo'llanmoqda.
Ta'kidlanishicha, yurak-qon tomir xastaligidan shikoyat bilan kelgan bemorning, afsuski, yondosh kasalliklari ham bo'ladi. Davolanish jarayonida bu kasalliklar kuchayib, boshqa mutaxassis yordamiga ehtiyoj paydo bo'ladi va shu sabab bemor boshqa muassasaga o'tkaziladi. Bunday ovoragarchilikning oldini olish maqsadida markaz faoliyatini transformatsiya qilish orqali ko'ptarmoqli markazga aylantirish, bu vazifani muassasaning yurak-qon tomir kasalliklari bo'yicha ilmiy salohiyatini saqlab qolgan holda amalga oshirish ko'zda tutilyapti. Shuningdek, nur yordamida davolash va diagnostika qilish, immunogenetik tadqiqotlar o'tkazish kabi zamonaviy yo'nalishlar ochiladi.
Yurakning murakkab aritmiyalarini elektrofiziologik usulda diagnostika qilish va davolash bo'yicha ham e'tiborga molik ishlar amalga oshirilayotir. Bu jarayonda yurak aritmiyasini davolashda qo'llanadigan, xalqaro standartlarga mos keluvchi yuqori texnologik usuldan foydalanish yo'lga qo'yilgan. Operatsiyalar ko'krak qafasini ochmasdan o'tkaziladi, ya'ni maxsus moslamalar yordamida yurakka kirib borib, uning notekis urishi (aritmiya)ga xos ba'zi alomatlar radioto'lqin vositasida bartaraf etiladi.
Hozir kardiologiya markazida amalga oshirilayotgan yuqori texnologik davolash usullarining turi, sifati va ko'lami yildan-yilga ortib boryapti. Koronar tomirlarga bioeruvchan karkas — stent o'rnatish, yurak klapanlarini endovaskulyar usulda protezlash, yurak qorincha va bo'lmachalari to'sig'idagi tug'ma nuqson — teshiklarni ko'krak qafasini ochmasdan, periferik tomirlar orqali kirib berkitish, bir vaqtning o'zida yurakda ikki va undan ortiq o'ta murakkab operatsiyani o'tkazish, yurak klapanlarini protezlash, yurak mushaklari devorini plastika qilish, yurak qorincha va bo'lmachalari ichidan ivib qolgan trombni olib tashlash kabi o'ta murakkab operatsiyalar bajarilmoqda.
— Bu erga yo'llanma bilan keldim. Mutaxassislar avval davolashdi, keyin operatsiya qilishdi, — deydi Farg'ona viloyatidan kelgan Rustamjon Qurbonov. — Yuragimdagi ikkita klapan almashtirildi, ikkita tomir ulandi. Bu juda katta operatsiya edi. Lekin shifokorlarning qo'li engil ekan, jarrohlik amaliyoti juda yaxshi o'tdi. Shifoxonada barcha sharoit yaratilgan, uch mahal issiq ovqat tayyor, palatalar yorug' va qulay. Davolanish, dori-darmon bepul. Biz bunday sharoitni hatto orzu ham qilolmasdik. Hozir ahvolim yaxshi. To'yib nafas olyapman. Bularning barchasi uchun hukumatimizga, Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.
Sohada zamonaviy texnologiyalarni samarali qo'llay oladigan mutaxassislarni ham o'z vaqtida tayyorlash muhim hisoblanadi.
— Markazimizda xorijiy kardiologik klinikalar bilan hamkorlik yaxshi yo'lga qo'yilgan, — deydi X.Fozilov. — Shifokorlar Rossiya, Janubiy Koreya, Shveysariya, Pol`sha kabi davlatlarning etakchi kardiologik klinikalarida malaka oshirmoqda. Shuningdek Moskva, Novosibirsk, Tomsk kardiologiya markazlari olimlari, Pol`sha, Shveysariya mutaxassislari markazimizga kelib, o'zaro tajriba almashdi, mahorat darslarini o'tdi. Jumladan, Evropa yurak fondi raisi, shveysariyalik mashhur kardiojarroh, professor Paul` Fogt markazimizga bir necha bor kelib, kardiojarrohlarimiz bilan birga o'ta murakkab operatsiyalarni amalga oshirdi. Ular sun'iy yurak apparati yordamida va ishlab turgan yurakda o'tkazilyapti. Bunday murakkab operatsiyalar dunyoning sanoqli davlatlarida qilinadi. O'tkazilgan amaliyotlar yordamida bemorlarda o'tkir miokard infarkti va bosh miya insul`ti kabi og'ir asoratlar oldi olindi va bemorlar faol hayotga qaytarildi.
O'ta nozik va qiyin jarrohlik amaliyotlarining nafaqat poytaxtimiz, balki viloyatlardagi davolash muassasalarida ham muvaffaqiyatli bajarilayotgani sohaning moddiy-texnik bazasi va tibbiy kadrlar salohiyati davr bilan mutanosib ravishda takomillashib borayotganini ko'rsatadi. Hozir mamlakatimizning barcha hududida kardiologiya markazining viloyat filiallari ochilgan, deyarli barchasida angiograf uskunasi o'rnatilgan. Koronarografiya, stentlash amaliyotlari viloyatlar markazining o'zida o'tkazilmoqda. Xorazm, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax, Samarqand viloyatlarida kardiojarrohlik bo'limlari ochilgan va ochiq usuldagi murakkab kardiojarrohlik amaliyoti bajarilmoqda. Bu bilan viloyatlar ahlining ushbu operatsiyalar uchun poytaxtga yoki chet mamlakatlarga davo izlab chiqishlari, ovoragarchiligining oldi olindi.
Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarning ahamiyati katta. Bu borada markazda kasalliklarni erta aniqlash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog'lom turmush tarzini tatbiq etishga qaratilgan ishlar bajarilmoqda.
Davlatimiz rahbari o'tgan yilning 9 noyabr` kuni yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida “Xalqimizning sog'lig'i hech narsa bilan o'lchanmaydigan eng bebaho boyligimizdir. Shu bois, tibbiyotni xalqimizni rozi qiladigan tizimga aylantirish bo'yicha katta marralarni belgilab oldik. Buning uchun birlamchi bo'g'inga ajratiladigan mablag'larni 2 barobarga oshirib, aholi o'rtasida keng tarqalgan kasalliklarni kamaytirish bo'yicha alohida dastur qabul qilamiz”, degan edi.
Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bugun 350 turdagi operatsiya amalga oshirilmoqda. Markazda bolalarning tug'ma yurak nuqsonlaridan tortib, yurak va tomir, oshqozon-ichak yo'llari, jigar va jigarosti bezlar, o'pka va umurtqa, ko'krak qafasi oralig'i organlari kasalliklariga chalingan bemorlarga yuqori malakali umumiy va ixtisoslashtirilgan xirurgik yordam ko'rsatilmoqda.
Yuqori texnologik operatsiyalarning samarali bajarilayotgani ko'plab bemorlarning dardini aritib, umrini uzaytirishga sabab bo'layotir.
— Eng ko'p yurakni stentlash amaliyoti o'tkaziladi, — deydi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo'limi mudiri Mirjamol Zuparov. — Yurak-ishemik kasalligida qon tomirlarda yurakka qon kam borganida o'sha tomirlarni kengaytirish zarurati paydo bo'ladi. Yoki infarkt bilan og'rigan kasal kelsa, tomiri ochiladi. Bunday operatsiyalar bir yilda 600-700 marta o'tkaziladi. Buning uchun angiokardiografik uskuna kerak. Bu uskuna 2016 yilda yurtimizda bor-yo'g'i olti dona edi. Bugunga kelib, markazlarda 36 ta shunday uskuna bor. Bu davlatimiz rahbarining sohaga qaratayotgan e'tibori natijasi. Joriy yilda tumanlararo markazlarga yana 35 ta shunday uskuna keltirilishi kutilmoqda. Viloyat filiallari va shoshilinch tibbiy markazlarga 13 ta olib beriladi. Demak, bu operatsiyalarning sifati oshib borishiga xizmat qiladi.
Tibbiyotning eng murakkab, o'ta mas'uliyatli va ayni paytda ehtiyoj ortib borayotgan yo'nalishlaridan biri transplantologiya hisoblanadi. Eng ahamiyatlisi, markazda transplantologiyaning rivojlanishi uchun salmoqli qadamlar qo'yildi.
— Yurtimizdagi ilk transplantologiya amaliyoti aynan shu erda bajarilgan, — deydi Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saydimurod Ismoilov. — Kelgusida markazimizda immunogenetik simulyatsion markaz tashkil etilib, buyrak, jigar va yurak transplantologiyasi bo'yicha etakchi klinikaga aylanadi.
Markazning bo'lim mudiri Maqsud Nishonovning aytishicha, gepatobiliar xirurgiya va jigar transplantatsiyasi bo'limi 45 o'ringa mo'ljallangan. 2018 yilda bo'lim xodimlari ilk amaliyotlarni hindistonlik va rossiyalik mutaxassislar bilan birga o'tkazgan. O'tgan yili o'zbekistonlik jarrohlar mustaqil ravishda 9 ta jigar transplantatsiyasini o'tkazdi.
Bugun bunday amaliyotlarning yurtimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani aholi salomatligini asrash, yurtdoshlarimizning sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini kafolatlashda muhim ahamiyat kasb etyapti. Natijada oilalarda sog'lom muhit va farovon turmush qaror topib, onalar va bolalarning baxtiyor hayot kechirishi, mo''tabar keksalarimizning minnatdorlik hamda shukronalik hissi bilan umrguzaronlik qilishiga zamin yaratmoqda.
— 31 yoshdaman, jigar tsirrozi bilan og'ridim. Juda og'ir ahvolda shifoxonaga yotqizildim. Bittayu bitta najot jigar transplantatsiyasi edi. Turmush o'rtog'im donor bo'ldi, — deydi qashqadaryolik Ulug'bek Qodirov. — Yo'llanma bilan kelganim uchun hamma operatsiyalar tekin bajarildi. Sharoitlar yaxshi. Dori-darmon tekin. Hozir ahvolim yaxshi. Turmush o'rtog'imning ahvoli yaxshiligi uchun uyga javob berilgan.
Bunday amaliyotlar buyrak transplantatsiyasi bo'limida ham muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. e'tiborli jihati, a'zo ko'chirib o'tkazilgan bemorlarning sog'lig'ida operatsiyadan keyin tiklanish kuzatilmoqda. Shifokorlarning ta'kidlashicha, gemodializ olib yurgan bemor bilan transplantatsiya amaliyotini o'tkazgan bemorning holati solishtirilsa, a'zo ko'chirib o'tkazilgan bemorning umri 17 yilgacha uzayishi mumkin.
— Homiladorlik paytimda butun a'zoi badanim shishib, qiynaldim, — deydi Namangan viloyatining Chust tumanidan kelgan Aziza To'ychieva. — Homilador edim, 8 oylik bolam operatsiya yo'li bilan olindi. Shundan so'ng muntazam davolanib yurdim. Viloyat markaziy shifoxonasida surunkali buyrak etishmovchiligi tashxisini eshitganimda dunyo ko'zimga qorong'i bo'lib ketdi. So'ng shu shifoxonaga keldim. Tashxis tasdiqlandi. Akamning buyragi mos keldi. U donor bo'ldi. Operatsiya juda yaxshi o'tdi. Akam tez tuzalib uyga qaytdi. Hozir mahalliy shifokorlar nazoratida. Men ham erta-indin uyga qaytaman. Bu erda barcha sharoit yaratilgan. Dori-darmon bepul. Shifokorlar juda yaxshi munosabatda bo'ldi. Malakali yondashdi. Barchasi uchun davlatimiz rahbaridan minnatdorman.
Tibbiyot fanlari nomzodi, xirurgtransplantolog Jasur Sobirovning aytishicha, 2021 yilda 230 nafar bemorga buyrak ko'chirib o'tkazilgan. Bundan tashqari, viloyatlarda ham keng doirada ish olib borilyapti. Hozirgacha viloyatlarda 30 ga yaqin transplantatsiya amaliyoti o'tkazildi.
Operatsiyadan keyin bemor o'zini yaxshi his qiladi, uni ortiqcha og'riq va muammo bezovta qilmaydi. Jarrohlik amaliyotini o'tkazgan bemorlarning farzandli bo'lishiga hech narsa monelik qilmaydi. Bemorning ijtimoiy holati, mehnat faoliyati birmuncha tiklanadi va jamiyatga qaytish imkoniyati ko'proq bo'ladi.
Biz tanishgan tibbiyot muassasalaridagi bemorlarning ko'zida ertangi kunga ishonch, hayotga muhabbat yolqinini ko'rdik. Yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirayotgan yurtdoshlarimiz e'tirofi, bizningcha, tibbiyotimizning bugungi rivojiga berilgan munosib baho.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri