Samarqandda YEXHTning “Lyublyana tavsiyalari”ga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 3 Noyabr 2022 1577

    Joriy yil 2-noyabrda Samarqand shahrida “Turli-tuman jamiyatlar integratsiyasi boʻyicha Lyublyana tavsiyalari va Oʻzbekistonning millatlararo totuvlik sohasidagi siyosati” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

    Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda YEXHTning Kam sonli millatlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Davra suhbatini oʻtkazishdan maqsad – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarini turli-tuman jamiyatlar integratsiyasiga yordam beradigan siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha rahbariy tamoyillar va amaliy tavsiyalardan xabardor etishdir. Binobarin, millatlararo munosabatlar, tinch-totuvlik, oʻzaro hurmat, milliy qadriyatlarni rivojlantirish har qanday demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati taraqqiyotining asosiy kafolatlaridandir.

    Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YEXHTning Kam sonli millatlar masalalari boʻyicha oliy komissari Elchi Kayrat Abdraxmanov va YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vakolatxonasining rahbari vazifasini bajaruvchi Sergey Sizov ochib berdi.

    A.Saidov Oʻzbekiston YEXHT va uning tuzilmalari bilan boshqa sohalar kabi millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalalarida ham yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini taʼkidladi. Bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashaydigan Oʻzbekistonda bu masalaga davlat va jamiyatni rivojlantirishning eng dolzarb, strategik masalalaridan biri sifatida qaraladi. Millatlararo, dinlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, Oʻzbekistonda yashaydigan barcha millatlarning manfaatlarini himoya qilish joriy islohotlarning, shuningdek milliy qonunchilikning asosiy yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

    K.Abdraxmanov joriy yil iyun oyida Oʻzbekistonga tashrifi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv tashkil etilganligi uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning integratsiyaga asoslangan siyosatini alohida qayd etar ekan, davlatning yanada izchil rivojlanishi, tashqi va ichki tahdidlarga chidamli boʻlishi hamda integratsiya siyosatiga sarmoya kiritish asnosida turli-tuman jamiyatlar integratsiyasi va milliy madaniyatlar xilma-xilligini qoʻllab-quvvatlash muhim ekanini eʼtirof etdi. Mazkur davra suhbati “Lyublyana tavsiyalari”ga bagʻishlangani jamiyatning har bir aʼzosi bugungi kundagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotning har qaysi jabhasida inklyuziv yondashuvi toʻliq taʼminlanishiga xizmat qiladi.

    S.Sizovning fikricha, YEXHTga aʼzo davlatlarning tajribasi shuni koʻrsatadiki, adolatli va mustahkam jamiyat qurish uchun zarur shart – bu yaxshi boshqariladigan integratsiya jarayonidir. Integratsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlash uchun davlatlar xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatni yaratishga qaratilgan siyosatni amalga oshirishi kerak. Bunda har bir shaxs, shu jumladan etnik, lingvistik, madaniy yoki diniy guruhlarning barcha aʼzolari umumiy va inklyuziv fuqarolik identifikatsiyasini yaratish va saqlashga hissa qoʻshishi muhimdir.

    Davra suhbati doirasida YEXHTning 2012-yili Lyublyana shahrida qabul qilingan “Turfa xil jamiyatlarning integratsiyasi boʻyicha Lyublyana tavsiyalari”dan kelib chiqadigan vazifalar va ularning bajarilishi yuzasidan Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik siyosatining asosiy yoʻnalishlari, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda millatlararo totuvlikning oʻrni, bu boradagi siyosatni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli, islohotlar samaradorligini baholashda ijtimoiy fikrning ahamiyati, integratsiya tamoyillari va siyosati normativ bazasining tarkibiy qismlari, ayrim mamlakatlarning integratsiyalashuv siyosatiga oid eng maqbul amaliyotlari, integratsiyaviy jarayonlardagi ustuvor xususiyatlar hamda qiyinchiliklar xususida qiziqarli fikr-mulohazalar yuritildi.

    Anjumanda YEXHTning xalqaro ekspertlar jamoasi ham oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, YEXHT Kam sonli millatlar masalalari boʻyicha oliy komissarining siyosiy masalalar boʻyicha maslahatchisi Anton Tomsen, Oliy komissarning huquqiy masalalar boʻyicha katta maslahatchisi Elʼjbeta Kujborska-Paxa va xalqaro ekspert Irene Kausarning chiqishlarini ishtirokchilar katta qiziqish bilan tingladilar.

    Davra suhbatida samarali integratsiya tamoyillari, Oʻzbekistonda millatlararo totuvlik siyosatining asosiy yoʻnalishlari, integratsiya siyosatining asosiy elementlari va yoʻnalishlari, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda millatlararo totuvlikning muhimligi, shuningdek, Estoniyaning muvaffaqiyatli integratsiya amaliyoti kabi mavzular atroflicha muhokama etildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.