Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8 sentyabrdagi “2021 yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta'minlash maqsadida, Samarqand viloyatida  2021 yil hosili uchun 138 ming 830 gektar yerga boshoqli don ekinlari ekilmoqda. Ob-havoning qulay kunlaridan samarali foydalanishni ko‘ngillariga tukkan dehqonlar mavsumni agrotexnika tadbirlariga qat'iy rioya etgan holda, uyushqoqlik bilan sifatli amalga oshirmoqda. Mazkur muhim agrotexnik tadbirlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspektsiyasi tomonidan monitoring-tahlil tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ammo o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida kuzning har bir kunidan unumli foydalangan holda yerga urug‘ qadash, ekilgan g‘alla parvarishi bilan bog‘liq o‘ta muhim agrotexnik tadbirlar ijrosini ta'minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgan holatlar uchrab turibdi.

Ma'muriy ishlar buyicha Pastdarg‘om tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida, Inspektsiyaning Pastdarg‘om tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan monitoring-tahlil tadbirlari davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari ko‘rib chiqildi.

Sayyor sud majlisi davomida g‘alla ekish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarmagan, ijaraga berilgan yer maydonidan samarali foydalanmagan,  g‘alla ekishni o‘z vaqtida va sifatli tarzda amalga oshirmasdan hokimiyat vakillarining qonuniy talablarini bajarmagan klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari rahbarlarining 14 nafari hatti - harakatiga nisbatan qonuniy baho berildi.

Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklari rahbarlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 198 moddasi 1-qismi  hamda 74 moddasi 2-qismiga asosan, ma'muriy jazo chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, Inspektsiyaning Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman ma'muriy sudi tomonidan sayyor sud jarayoni o‘tkazildi.

Unda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 8-sentyabrdagi “2021 yilda boshoqli don yetishtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 546-sonli, Samarqand viloyati hokimining 2020 yil12 sentyabrdagi 141-Q-sonli qarorlariga asosan, ijaraga berilgan yerlarga g‘alla ekish hamda agrotexnik tadbirlarni bajarmagan  qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlarining 4 nafari xatti-harakatiga nisbatan huquqiy baho berildi.

Sudning hal qiluv qaroriga asosan, hokimiyat vakillarining qonuniy talablarini bajarmasdan kuzgi boshoqli don ekish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirmagan, g‘alla parvarishida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazmagan 4 nafar fermer xo‘jaligi rahbarlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 198 moddasi 1-qismi va 74 moddasi  2-qismiga asosan, ma'muriy jazo chorasi qo‘llanildi.

          “O‘zagroinspektsiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati