“Dorilar o'rtasidagi sinergiya hayratlanarli darajada kuchli bo'lib chiqdi. Biz ushbu dorilar kombinatsiyasini oshqozonosti bezi saratonining og'ir shakllaridan aziyat chekadigan ko'ngillilar ishtirokida tezroq sinovlar o'tkazishni boshlashga chaqiramiz”, dedi San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti professori Endryu Loui.

Amerikalik tadqiqotchilarning fikricha, oshqozonosti bezi saratoni dunyodagi eng keng tarqalgan va halokatli o'sma turlaridan biri bo'lib qolmoqda. Har yili 460 ming nafarga yaqin odamda ana shunday tashxis qo'yiladi, birlamchi o'smalar, metastazlar va ushbu neoplazmalarning rivojlanishi bilan bog'liq asoratlar tufayli har yili 432 mingga yaqin bemor hayotdan ko'z yumadi. O'sma aniqlangandan keyin o'rtacha besh yil o'tgach, bemorlarning atigi 9 foizi omon qoladi.

Tadqiqotchilar qo'llanilayotgan ikkita saratonga qarshi dori – MRTX1133 va afatinib kombinatsiyasidan foydalangan holda oshqozonosti bezi saratonining eng og'ir shakllarini davolash samaradorligini bir necha baravar oshirish mumkinligini aniqlashdi. Birinchi modda yo'g'on ichak va to'g'ri ichak saratonini davolashda, ikkinchisi esa o'pkada xavfli o'smalarga qarshi kurashishda qo'llaniladi, deb xabar beradi tass.ru.