“Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari tomonidan jamiyatning umumiy faoliyati, amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari va investitsiya loyihalari xaqida maʼlumot berildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJning moliyaviy hisoboti xalqaro standartlari asosida tuzilgan moliyaviy hisobotiga ijobiy audit xulosasi berilgani, Jamiyat oʻz tarixida birinchi marta “Fitch Ratings” tomonidan “barqaror” prognozi bilan “BB-” darajasidagi reytingni egallagani hamda London fond birjasida “RegS/144A” formatida 7 yil muddatga, 700,0 million AQSH dollar miqdoridagi yevroobligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirilgani yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Oʻz navbatida xalqaro bank vakillari Islom taraqqiyot bank va uning moliyaviy institutlar guruhiga tegishli agentliklarning savdo moliyalashtirish, davlat tijorat sherikchilik asosidagi moliyalashtirish va loyiha moliyalashtirishga doir oʻz xizmatlarini taklif etdi.
Bank Oʻzbekiston Respublikasidagi uzoq yillik tajribasi hamda Davlat xususiy sherikchiligi asosida 500 million AQSH dollar miqdorigacha moliyalashtirish portfeliga ega ekanligini va sukuk sharʼiy obligatsiyalarini joylashtirishga doir tajribasini alohida taʼkidlab oʻtdi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan barqaror rivojlanish (ESG) yoʻnalishida Jamiyatning strategiyasi boʻyicha maʼlumotlar berildi va amalga oshirilishi koʻzda tutilgan loyihalar muhokama qilindi.
Xususan, “Oʻzbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish birlashmalari va zavodlarida energiya tejamkor loyihalarni moliyalashtirishni koʻrib chiqish taklif etildi.
Muzokaralar yakuni boʻyicha “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari “Islom taraqqiyot bank” banki bilan hamkorlikni rivojlantirish va qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan yanada aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidlashdi.