Saylov qonunchiligi xalqaro standartlarga toʻla javob beradi

    Joriy yil 30-aprel kuni Oʻzbekiston xalqi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilish boʻyicha oʻtkazilgan referendumda faol ishtirok etib, oʻz xohish-irodasi bildirgan edi. Bu bilan koʻp millatli xalqimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish yoʻlida mutlaqo yangi bosqichga qadam qoʻydi.

    Joriy yil 30-aprel kuni Oʻzbekiston xalqi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilish boʻyicha oʻtkazilgan referendumda faol ishtirok etib, oʻz xohish-irodasi bildirgan edi. Bu bilan koʻp millatli xalqimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish yoʻlida mutlaqo yangi bosqichga qadam qoʻydi.

    Endigi navbat yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan prinsiplarni hech ogʻishmasdan amalga oshirish, Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga oʻtilgan katta rivojlanish bosqichidagi islohotlar samaradorligini taʼminlashdir.

    Albatta, buning uchun oʻtgan 6 yildan ziyodroq vaqt mobaynida yetarlicha tajriba toʻplandi. Xususan, Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarishda muhim natijalarni qoʻlga kiritdik.

    Yana bir tarixiy sana arafasida turibmiz. Joriy yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻlib oʻtadi. Bu saylovning ahamiyati shundaki, unda xalqimiz oʻz xohish-irodasini yana bir bor namoyon etadi va kelgusi taraqqiyotimiz manzillari aynan shunga bogʻliq boʻladi.

    Demak, kun sayin qizgʻin pallaga kirib borayotgan Prezident saylovini xalqaro standartlarga mos ravishda oʻtkazish har jihatdan muhim. Shu oʻrinda xalqaro saylov standartlari nimalarda aks etadi, degan savol tugʻilishi tabiiy.

    Agar bu savolga aynan Prezident sayloviga xos jihatlar nuqtayi nazaridan javob beradigan boʻlsak, oltita muhim jihatni sanab oʻtish kerak boʻladi.

    Birinchidan, Prezident Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Bu Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan boʻlib, Saylov kodeksida ham oʻz aksini topgan.

    Ikkinchidan, fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklariga hurmat bilan qarash hamda ularni himoya qilish, koʻp partiyaviylik va mafkuraning xilma-xilligi, saylovni tartibga soluvchi huquqiy normalar barqarorligi va ularning jadal demokratik rivojlanishi ochiq saylov jarayonlarini taʼminlashning asosiy shartlari boʻlishi talab etiladi.

    Uchinchidan, saylov organlari yoki boshqa vakolatli organlar tomonidan ovoz berishni tashkillashtirish va ovozlarni sanash, saylov jarayoni ishtirokchilarining saylov huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmi mavjudligi va samarali ishlashi, ovoz berish yakunlari va saylov natijalari ustidan sudda hamda boshqa vakolatli organlarga shikoyat qilish, saylovni, shu bilan birga, ovoz berish jarayonini tashkillashtirish, ovozlarni sanash, saylov natijalarini eʼlon qilishdek jarayonlarning muhim jihatlarini odilona kuzatish talab etiladi.

    Toʻrtinchidan, saylovda barcha fuqarolar uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish zarur. Bunda fuqarolar tushunadigan tilda axborot-targʻibot vositalari yetkazilib berilishi kerak.

    Beshinchidan, saylov jarayonida gender tenglikni taʼminlash ham muhim. Gap shundaki, saylovni oʻtkazishda uchastka saylov komissiyalari aʼzolarini shakllantirishda ayollar ishtirokidan tortib ovoz berish jarayoniga qadar xotin-qizlarning siyosiy huquqlari buzilmasligi yoki kamsitilmasligi kerak.

    Oltinchidan, Prezidentlikka nomzodlarga targʻibot-tashviqot oʻtkazishi uchun bir xil sharoit va teng imkoniyat yaratish kerak, shuningdek, saylov jarayonini xalqaro kuzatuvchilar kuzatib borishi va tahlil qilishi uchun imkon berilishi maqsadga muvofiq.

    Albatta, saylovga doir boshqa xalqaro standartlar ham koʻp. Aytaylik, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga egaligi, xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi boʻlishi lozimligi belgilangan. Shuningdek, bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, umumiy va teng saylov huquqidan yashirish ovoz berish yoʻli bilan yoki ovoz berish erkinligini taʼminlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida oʻtkaziladigan saylovda oʻz aksini topishi lozimligi aks etgan.

    Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktda esa davriylik prinsipi asosda saylov oʻtkazish, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Insoniylik mezonlari boʻyicha konferensiyasi Kopengagen kengashi hujjatiga asosan xalq irodasi davlat hokimiyatining asosi boʻlib xizmat qilishi uchun ishtirok etuvchi davlatlar qonunda belgilanganidek oqilona vaqt oraligʻida erkin saylov oʻtkazishi belgilangan. Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovga oid yoʻl-yoʻriq tamoyillarda ham saylov davriylik prinsipi asosda muntazam oʻtkazilishiga oid jihatlar koʻzda tutilgan.

    Shu oʻrinda yana bir muhim tamoyilga toʻxtalib oʻtsak. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi tavsiyalari asosida mamlakatimiz Saylov kodeksiga qator oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan, saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlandi, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlandi. Saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlari asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirildi.

    Biz sanab oʻtgan bu jihatlardan ham koʻrinib turibdiki, mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Prezident saylovi xalqaro standartlar va meʼyorlar asosida oʻtishi uchun mustahkam zamin yaratilgan.

    Albatta, bu jarayon toʻxtab qolgani yoʻq. Aytish joizki, saylov oʻtkazish uchun zarur sharoit yaratish demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatiga xos eng muhim jihatlardan hisoblanadi. Oʻzbekistonda ham xalqaro standartlarga toʻla javob beradigan saylov qonunchiligi yaratilgan. Mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi hamda yashirin ovoz berish singari asosiy prinsiplar belgilangan.

    Ayni kunlarda Prezident saylovi kampaniyasi tadbirlari milliy saylov qonunchiligimiz asosida amalga oshirilmoqda. Albatta, bu nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham katta voqelikdir. Jarayonlar xorij davlatlari eʼtiboridan ham chetda qolmaydi. Saylovni kuzatuvchi xalqaro tashkilotlar nigohi ushbu voqelikka qaratilishi tabiiy.

    Muxtasar aytganda, yurtimizda saylov qonunchiligi va amaliyoti, jumladan, Prezidentlikka nomzodlarga qonun yoʻli bilan qoʻyilgan talablarning barchasi umumeʼtirof etilgan demokratik mezonlar va standartlarga toʻla javob beradi.

    Yana bir gap. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ana shunday demokratik oʻzgarishlar jahon hamjamiyati diqqat markazida turibdi. Ushbu muhim siyosiy jarayonni yuqori saviyada oʻtkazilishi yangi Oʻzbekistonni barpo etishda muhim qadam boʻladi.

    Anvar ShEROV,

    Taraqqiyot strategiyasi markazi eksperti