Mamlakatimizda joriy yil 24 oktyabrda bo'lib o'tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayoni qizg'in bosqichga kirdi. Hademay, ushbu muhim siyosiy tadbirning asosiy bosqichlaridan biri – Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Saylovoldi tashviqotini tashkil etish tartibi qonunchiligimizda qanday aks etgan? Ushbu maqolamizda shu xususda ma'lumot berishga harakat qildik.

Aytish kerakki, Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to'g'risidagi nizomda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi belgilab berildi.

Saylov qonunchiligiga ko'ra, saylovoldi tashviqoti – saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir. Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro'yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e'tiboran boshlanadi va ovoz berishga bir kun qolganida tugaydi.

Amaldagi tartibga ko'ra, nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borish borasida teng huquqlarga ega. Ayni paytda nomzod O'zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar saylovoldi tashviqotini olib borishi mumkin. Saylovoldi tashviqoti doirasidagi tadbirlarda nomzodlarga o'zining kelgusidagi faoliyati dasturi bilan so'zga chiqish huquqi beriladi.

e'tiborlisi, nomzodlarning dasturlari muayyan talablarga javob berishi shart. Xususan, davlat suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi qaratilmagan bo'lishi, xalqning salomatligi hamda ma'naviyatiga tahdid solmasligi, urush, milliy nafrat, irqiy va diniy adovatni targ'ib qilmasligi, konstitutsiyaviy tuzumni zo'rlik ishlatib o'zgartirishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari hamda erkinliklarini cheklovchi harakatlarga da'vat qilmasligi kerak.

YAna bir muhim qoidaga e'tibor qaratish zarur. YA'ni, nomzodlarning dasturlarini ularning roziligisiz tahrir qilish mumkinemas. Amaldagi qonunchilikka ko'ra, tashviqot ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya, internet axborot tarmoqlarida, shuningdek, bosma, ko'rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o'tkazish orqali amalga oshiriladi. Saylovoldi tashviqoti davrida uni olib borishning Saylov kodeksi va O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to'g'risidagi nizomda taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanilishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalari orqali saylovoldi tashviqotini olib borish eng tezkor va ta'sirchan, shu bilan birga, keng qamrovli auditoriyaga ega yo'nalishsanaladi.

SHu bois, davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq haq evaziga efir vaqti yoki nashr maydoni ajratiladi. Bu jarayonda Prezidentlikka nomzodlarga teng imkoniyat berilishini ta'minlash muhim hisoblanadi. Binobarin, amaldagi qonunchilikka ko'ra tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko'ra bir xil bo'lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo'li bilan teng sharoitlar ta'minlanadi.

SHuningdek, ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to'lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo'lishi kerak.

O'z navbatida, tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar fikrini inobatga olgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 Ma'lumki, Prezidentlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini bosma,ko'rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish orqali olib boradi. Mana shu masalada ham nomzodlarning tengligi ta'minlanishining huquqiy asoslari belgilab qo'yilishi barobarida, tashviqot materiallarini tayyorlash, uning mazmuni va rasmiylashtirilishi masalasida muayyan talablar bor. Xususan, nomzodlar va siyosiy partiyalarga bosma, ko'rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish uchun teng sharoitlar yaratiladi. Tashviqot materiallari O'zbekiston Respublikasi hududida tayyorlanishi kerak.

Bosma, ko'rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarida buyurtma bergan va tayyorlagan yuridik shaxslar nomi, joylashgan manzili, adadi, chiqarilgan sanasi va materialga tegishli boshqa axborotlar ko'rsatilishi kerak.

Saylovoldi tashviqotida saylovchilar bilan uchrashuvlar katta o'rin tutadi. CHunki bu tadbirlarda nomzodlar, bir tomondan, bevosita saylovchilar bilan muloqotga kirishadi, ikkinchi tomondan esa, saylovchilar nomzod bilan jonli muloqot asosida qiziqtirgan savollarini berib, nomzod haqida aniq tasavvurga ega bo'ladi. SHu bois, nomzodlarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o'tkazish borasida teng imkoniyat berilishini ta'minlash muhim masala hisoblanadi.

Saylovchilar bilan uchrashuvlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar tomonidan mustaqil ravishda o'tkazilib, bu uchrashuvlarni o'tkazish joyi va vaqti haqida okrug yoki uchastka komissiyasiga ma'lum qilinadi. Davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari, shuningdek, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari nomzodlar uchrashuvlar o'tkazishi uchun jihozlangan xonalarni bepul ajratishi, zarur ma'lumot va axborot materiallarini olishda yordam ko'rsatishi shart.

SHu o'rinda ikki yoki undan ortiq nomzod yoki ularning ishonchli vakillari birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o'tkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqlimi, degan savol tug'ilishi mumkin.

Nomzodlar boshqa nomzodlar uchrashuvida o'zi yoki ishonchli vakili ishtirok etishi mumkin yoki birgalikda uchrashuv o'tkazishi mumkin. Nazarimizda, bitta yig'ilishda ikki va undan ortiq nomzodning ishtirok etishi saylovchilarda ularning dasturlarini va o'zlarini bevosita solishtirish orqali ma'lum bir fikrga kelish imkonini beradi.

SHunday qilib, saylovoldi tashviqoti saylov jarayonining muhim bir bosqichi bo'lib, unda barcha Prezidentlikka nomzodlar uchun birdek shart-sharoit yaratilishi – demokratik saylov kampaniyasining muhim sharti hisoblanadi.

Mavluda AHMADSHOEVA,

 Toshkent davlat yuridik universiteti professori,

yuridik fanlar doktori.