Sayyohlik yetakchi tarmoqqa aylanmoqda

    Turizm 10 Iyul 2023 542

    Mamlakatimizda turizm iqtisodiyotimizning muhim va zarur yo‘nalishlaridan biriga aylanib bo‘ldi. Bu bejiz emas, albatta. Turizm hududlar infratuzilmasini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, xalqimiz madaniyati, urf-odati, tarixi va etnografiyasini jahonga tanitishda muhim ahamiyatga ega.

    Jizzax viloyati qulay geografik joylashuvi, yirik suv havzalarining mavjudligi, iqlimining o‘ziga xosligi, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarning noyob tarmog‘i va landshaftlari, shuningdek, qadimiy aholi yashash maskanlari, ularning o‘ziga xos udumlari, turmush tarzi bilan ekologik turizmni rivojlantirish va ommalashtirish uchun keng imkoniyatlarga ega hudud hisoblanadi.

    Bugungi kunda viloyatda 92 ta ziyoratgoh va tarixiy obyekt, 1 ta madaniy ko‘ngilochar ekopark, 5 ta tog‘li va o‘rmon xo‘jaligi, 45 ta gastronomik eko agroturizm obyekti, 677 ta hunarmandchilik ustaxonasi va boshqa turizm obyektlari mavjud. Bir vaqtning o‘zida 6340 mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega 232 ta joylashtirish vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

    Viloyatning turizm salohiyatini o‘rganish, hudud va uning tarixi, turistik obyektlari va o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida turli tillarda kontentlar va turpaketlar yaratish, ularni targ‘ib qilishda yordam ko‘rsatish, professor hamda o‘qituvchilarning izlanishlari, talabalarning turizm sohasidagi nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatini kengaytirish, hududlardagi aholi tomonidan turizm xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda chora-tadbir dasturi ishlab chiqilgan.

    So‘nggi yillarda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida viloyatga tashrif buyuruvchi turistlar soni oshib boryapti. Jumladan, o‘tgan yili Jizzax viloyatiga 12800 xorijlik sayyoh tashrif buyurgan. Bu esa 2016 yilga nisbatan 5,1 barobar ko‘p. Shuningdek, 2022 yilda turizm xizmatlari eksporti 2,6 million dollarni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 5 barobar oshgan.

    Yuqoridagi ko‘rsatkichlarni viloyatning turistik salohiyati va mavjud resurslar bilan qiyoslasak, bu unchalik katta natija emas. Agar sayyohlik yo‘nalishlari ko‘payib, xizmatlar sifati yanada yaxshilansa, raqamlar bundan bir necha barobar oshishi mumkin.

    — Jizzax viloyatida ham turizm sohasi izchil rivojlanyapti, — deydi viloyat madaniyat va turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Xolmirzayeva. — Prezident raisligida joriy yil 29 mart kuni mamlakatimiz turizm salohiyatini jadal rivojlantirish yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida yaqinda 12 nafar germaniyalik turoperatorni viloyatga taklif qildik. Ular Zomin va Forish tumanlarida bo‘lib, turizm salohiyatini yaqindan o‘rgandi. Zomin tumanida sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar, muqaddas qadamjolar, qator qo‘shma korxonalar, “Sufa” turistik dam olish maskani va u yerdagi arqon yo‘lini tomosha qildi. Zomin suv ombori, go‘zal tabiati hamda serviqor tog‘lar xorijlik turoperatorlar e’tiborini tortdi.

    Shuningdek, mehmonlar Forishning betakror tabiat manzaralaridan bahramand bo‘ldilar. Ushbu hududlar turizmi salohiyatiga yuqori baho berib, Zomin va Forish tumanlaridagi dam olish majmualari tez kunlarda g‘arbiy Yevropa, jumladan, germaniyalik sayyohlarning sevimli maskaniga aylanishini ta’kidlashdi.

    Bundan tashqari, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha viloyatning Sharof Rashidov, Zomin, Yangiobod va G‘allaorol tumanlaridagi 11 ta mahallani turizmga ixtisoslashtirish yuzasidan yuqori idoralarga taklif yuborildi. Bu sa’y-harakatlar natijasida viloyatga xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimi yanada ortadi, turistlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga erishiladi.

    Shu o‘rinda qayd etish joizki, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni viloyatda turizmni yanada rivojlantirish uchun katta turtki bo‘ldi. Farmon bilan “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish uchun 2021 yilda 700 gektar yer maydoni ajratilib, u yerda qiymati 3 trillion 767 milliard so‘mlik 18 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada 890 ta yangi ish o‘rini yaratiladi. Bugungi kunda ushbu zonani tashkil qilish yo‘lida uchta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 150 nafar aholi ishli bo‘ldi. Uchta zamonaviy mehmonxona bunyod etildi. Shuningdek, ushbu turistik zonada umumiy qiymati 456 milliard so‘mlik to‘rtta loyihaning ish jarayonlari davom etmoqda. Jumladan, bitta zamonaviy dor yo‘li, ko‘p qavatli avtoturargoh, zamonaviy restoran, osma ko‘priklar, bitta zamonaviy sog‘lomlashtirish markazi loyihalari amalga oshirilmoqda.

    “Zomin” turistik-rekreatsion zonasida yaqinda faoliyat boshlagan turistik obyektlar xorijdan kelgan sayyohlarga dengiz sathidan 2400 metr balandlikdagi tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish imkonini bermoqda.

    Ekologik turizm mamlakatimizda istiqbolli sohalardan biri hisoblanadi. Shuning uchun butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham turizmning ushbu yo‘nalishini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilgan. Ekoturizmni rivojlantirish, o‘z navbatida, atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni va noyob tabiiy hududlarni saqlash mahalliy aholi daromadlarini oshirish uchun xizmat qiladi.

    Aytish mumkinki, xorijiy sayyohlarni, jumladan, mahalliy sayyohlarimizni ham shaharning zamonaviy qiyofasi, shinam mehmonxonalari emas, balki chekka hududlardagi ko‘z ilg‘amas tabiat go‘zalliklari, so‘lim va bahavo maskanlari, qishloq aholisining yashash tarzi, ular tashkil etgan mehmon uylari ko‘proq qiziqtiryapti. Shu jihatdan olib qarasak, viloyatda ekoturizmni rivojlantirish uchun juda katta tabiiy resurslar bor.

    Turkiston tog‘ tizmasining viloyat hududidagi Qizilmozorsoy, Ko‘lsoy, Supa, Chortangi, Yettikechuv, Qashqasoy, O‘riklisoy kabi ekoturistik resurslarga boy joylarining atrofi xilma-xil tabiiy archa o‘rmonlari bilan qoplangan.

    E’tiborli tomoni, mavjud archazorlarni saqlab qolish, ko‘paytirish va noyob hayvonot olamini muhofaza qilish maqsadida O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Zomin davlat qo‘riqxonasi tashkil qilingan.

    Qo‘riqlanadigan hududda g‘oyat noyob va xilma-xil hayvonot dunyosi yashaydi. Bu joyda qushlarning 134, sut emizuvchilarning 37, sudralib yuruvchilarning 39 turi ro‘yxatga olingan. Qo‘riqxona hududida yashaydigan Turkiston silovsini, oq tirnoqli ayiq, sibir echkisi O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitob”iga kiritilgan. Qo‘riqxonaning so‘lim ekologik go‘shalari juda ko‘p. Eng tomoshabop shunday joylardan biri Qizilolmasoy hududida joylashgan baland va g‘aroyib ko‘rinishdagi qizilqoya toshlaridir. Ular tabiiy nurash jarayoni ta’sirida turli shakl va ko‘rinishlar paydo qilgan. Mahalliy xalq bu g‘aroyib ko‘rinishdagi toshlarning tashqi qiyofasini inson tanasiga o‘xshatib, ularni “qirqqiz” deb ataydi.

    Baxmal tumanidagi archazorlar bilan qoplangan Vadigan, Bog‘imozor, Ayiqsoy, Boyqo‘ng‘irsoy, Jum-Jumsoy kabi daralar ham viloyatning eng so‘lim, betakror tabiat landshaftlari ro‘yxatida turadi.

    Viloyatning g‘arbiy qismi – Nurota tog‘ tizmasining shimoliy qiyaliklarida 1975 yili Nurota tog‘-o‘rmon davlat qo‘riqxonasi tashkil qilingan. Qo‘riqxonaning asosiy vazifalari noyob hayvon – yovvoyi qo‘y (Seversov qo‘yi) – arxar va yong‘oqzor o‘rmonlarni saqlab qolish hisoblanadi. E’tiborlisi, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun ushbu noyob yovvoyi qo‘ylarni yaqindan tomosha qilish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, Forish tumanidagi Mojarum qishlog‘ida eng qadimiy sarv daraxti saqlanib qolgan. Yoshi taxminan ikki ming yildan ziyod bo‘lgan mazkur daraxt aylanasi salkam 24 metr. Mahalliy xalq orasida uni Aleksandr Makedonskiy ekkan degan rivoyat saqlanib qolgan.

    Mazkur daraxtni ko‘rishga yiliga minglab mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyursa-da, afsuski ushbu qishloqda sayyohlar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmagan.

    Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi ham mazkur hududda joylashgan. Bu ko‘llar noyob turistik resurs bo‘lishi bilan birga, qishlovchi qushlarning makoni va o‘ziga xos hayvonot olamiga ega hudud hisoblanadi.

    Yuqorida ta’kidlaganimizdek, viloyatda turizmni, jumladan, ekologik turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Bu borada faqat infratuzilmani yaxshilash, mavjud muammolarni bartaraf etish, sohaga qiziquvchilarni qo‘llab-quvvatlash talab etiladi. Ushbu sohalarda viloyatda bajarilayotgan ishlarni tahlil qilsak, yaqin orada Jizzax viloyati ham mamlakatimizning turizm sohasi rivojlangan tarixiy va qadimiy shaharlarimiz qatoridan o‘rin olishi oydinlashadi. Buni viloyat iqtisodiyotida turizm ulushi tobora ortib borayotganidan, shu sohaning asosiy drayveriga aylanayotganidan ham bilsak bo‘ladi.

    Farhod NЕ’MATOV,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri