Yaqinda AQSHning Indiana universiteti professori Akram Habibullayevning “Ajdodlar merosi: AQSHdagi qoʻlyozmalar” kitobi nashr etildi. Maʼlum boʻlishicha, AQSH kutubxona va muzeylarida yurtimizda yetishgan allomalarimiz asarlari qoʻlyozmalari anchani tashkil qiladi. Xususan, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Muhammad Iso Termiziy kabi jami oʻttiz uch muallif asarlarining 556 ta qoʻlyozmasi mavjud.

Yirik kutubxonalar ularda mavjud qoʻlyozmalarni tavsifga olib, ular toʻgʻrisidagi maʼlumot va baʼzilarini raqamlashtirib, internetda ochiq foydalanishga qoʻyishgan. “Musulmon olami qoʻlyozmalari” deb nomlangan loyihada 630 qoʻlyozma tavsifi katalokka olingan. Chop etilgan kitobda, asosan, Prinston universitetidan 278 ta, Yel universitetidan 140 ta, Michigan universitetidan 51 ta va Vashingtondagi Kongress kutubxonasidan 27 ta qoʻlyozma toʻgʻrisida maʼlumot keltirilgan.

Kitobda Imom Buxoriyning “Jomeʼ as-Sahih”, Burhoniddin Margʻinoniyning “Al-Hidoya”, Saʼduddin Taftazoniyning “Sharhi Talxis al-Miftoh”, Ibn Sinoning “Tib qonunlari”, Mahmud Zamaxshariyning “Al-Kashshof” kabi mashhur asarlari qoʻlyozmalari ham mavjud.

Eng qadimgi qoʻlyozma Ibn Sinoning 1100-1150-yillar orasida koʻchirilgan “al-Qonun fit-tib” asarining “Aʼzolarning mizojlari” nomli boʻlimidir. Tavsifga olingan qoʻlyozmalar ichida yaratilgan vaqti koʻrsatilganlari alohida ilmiy qiymatga ega. Ular orasida Zamaxshariyning “Al-Mufassal” asari qoʻlyozmasi boʻlib, u hijriy olti yuz yettinchi yil jumod ul avval oyining oxirgi kuni, milodiy 1210-yil 19-noyabrda koʻchirib tugatilgan. Oʻn uchta qoʻlyozma oʻn uchinchi asrda, oʻttiz toʻrtta qoʻlyozma oʻn toʻrtinchi asrda, ellik uchtasi oʻn beshinchi asrda, oʻttiz uchtasi oʻn oltinchi asrga oid boʻlib, qolganlari keyingi asrlarda yaratilgan.

Ayrim qoʻlyozmalar yaratilgan joyi ham koʻrsatilgan, ular orasida Burxoniddin Margʻinoniyning Buxoro shahrida hijriy olti yuz ellik rajab oyining oʻrtalarida, milodiy 1258-yil iyulida koʻchirilgan “Al-Hidoya” asari bor. Ikkinchi qoʻlyozma Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asaridir. Samarqandda koʻchirilgan bir qoʻlyozma Mirzo Ulugʻbek madrasasida hijriy sakkiz yuz oʻttiz sakkizinchi, milodiy 1434-1435-yillarda yaratilgan.

Prinston universitetida buyuk tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining 1467-1468-yili, muallif vafotidan 33 yil keyin Sherali ismli xattot tomonidan koʻchirilgan nusxasi va Kamoliddin Behzod tomonidan chizilgan oʻn ikkita miniatyura bor. Kitob xotimasida ushbu noyob qoʻlyozma Mir Jamoluddin Husayn degan shaxs tomonidan Boburning nabirasi Jaloliddin Muhammad Akbarga taqdim qilingani haqidagi yozuv mavjud. Bu noyob qoʻlyozma matni hali olimlarimiz tomonidan yetarlicha oʻrganilgani yoʻq, garchi miniatyuralari koʻp bora nashr qilingan boʻlsa-da.

Maʼlumotlarga koʻra, AQSHning Baltimor shahridagi Valter muzeyida mashhur “Boburnoma” asarining Boburning chevarasi Abdurahim xoni xonon tomonidan fors tiliga qilingan tarjimasiga taalluqli 35 varaqli qoʻlyozma mavjud. Varaqlar keyinchalik alohida muqovaga olingan. Ularning yigirma yetti varagʻidagi oʻttiz sahifada qirq bitta rasm mavjud. Bular Britaniya muzeyida saqlanayotgan, Akbar uchun yaratilgan rasmli qoʻlyozmaga oʻxshaydi. Farqi shuki, Britaniya muzeyidagi qoʻlyozmada rasmlar tagiga ularni yaratgan rassomlar nomlari bitilgan.

Olimning aniqlashicha, AQSHning eng nufuzli kutubxonalarida allomalarimiz tomonidan yaratilgan besh yuz ellik oltita qoʻlyozma manba mavjud. Bu boy va bebaho maʼnaviy meros ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan munosib hissasi sifatida baholanadi.

Indiana universiteti professori Akram Habibullayevning izlanishlaridan xulosa qilish mumkinki, yurtimiz hududida yashab ijod etgan buyuk allomalarimiz merosi butun jahon muzey, kutubxona va shaxsiy majmualar, jumladan, Amerikaning nufuzli kutubxonalarida mavjud boʻlib, ularni izlab topish, aniqlash va xalqimiz maʼnaviy mulkiga aylantirish olimlar va tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifalar sirasidan.

Abdumajid MADRAIMOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,

 tarix fanlari doktori, professor