Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda aholini, ayniqsa nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ijtimoiy adolat prinsiplaridan kelib chiqib moddiy qoʻllab-quvvatlash, turmush hamda hayot darajasini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilyapti.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 782 ming yoki aholining 2,4 foizini nogironligi boʻlgan shaxs sifatida pensiya va nafaqa oluvchilar (shundan, 376 ming nafari I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar) tashkil etadi.

Qonunning asosiy maqsadi – ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi boʻlgan shaxslarning daromadini oshirish hamda mehnatini munosib qadrlash, fuqarolarning pensiya taʼminoti boʻyicha qonun hujjatlarini amaliyotda qoʻllashda yuzaga kelayotgan turli xil yondashuvlarning oldini olishdan iborat.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqti yoshga doir yoki boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanayotganida stajga qoʻshib hisoblanadi. Bunda, nogironlik pensiyasi olayotgan fuqaro pensiya yoshiga yetganda yoki boquvchisini yoʻqotganda nogironlik pensiyasini olishni davom ettirsa (boshqa pensiya turiga oʻtmasa)

I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyingi ish vaqtini qoʻshib nogironlik pensiyasi qayta hisoblanmaydi.

Qonunga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiya tayinlanganidan keyingi kamida

1 yillik ish staji va ish haqi miqdoridan kelib chiqib har 2 yilda bir marotaba tayinlangan pensiya qayta hisoblanadi hamda pensiya miqdoriga qoʻshib boriladi.

Qonun qabul qilinsa, 2023-yilda (1994–2022-yillarda ish stajiga ega boʻlgan) 75 ming nafar I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiyalariga oʻrtacha 300 ming soʻm qoʻshiladi. Kelgusida mehnat faoliyatini olib borganlarning (bugungi kunda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning 43 ming nafari rasman band) pensiyasi har 2 yilda bir marotaba ish staji va oylik ish haqidan kelib chiqib, qayta hisoblab boriladi.

Qonunga muvofiq pensiya olish huquqi belgilangan oʻgay farzandini

18 yoshgacha kamida 5 yil tarbiyalagan oʻgay ota-onalar bolani tarbiyalagan davrini aniqlash tartibi, Oʻzbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari boʻlgan shaxslarning pensiyalariga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 100 foizidan 150 foizgacha miqdorida ustamalar toʻlash tartibi Hukumat tomonidan belgilanishi koʻzda tutilyapti.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi amaliyotda mavjud turli xil yondashuvlarning oldini olish, korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi holatlarga barham berish, ijtimoiy adolat tamoyilidan kelib chiqib, nogironligi boʻlgan shaxslarning daromadini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun Senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.