AOKAda oʻtkazilgan brifingda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Oʻtkir Hamroqulov hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha oʻtgan 9 oyda amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Aholi bandligini taʼminlash maqsadida joriy yilning yanvar-sentabr oylarida hokim yordamchilari koʻmagida 1,9 mln nafar fuqarolar doimiy va mavsumiy ish joylariga joylashtirildi, 1,3 mln nafari oʻzini-oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olindi, 80 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka (yollanma ishchilar bilan birgalikda), 95 ming nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga va 48 ming nafari hunarmandchilikka jalb qilindi, 238 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer ajratildi.
Shuningdek, hokim yordamchilari tavsiyasi asosida 364 mingta loyihaga 7,6 trln. soʻmlik kreditlar ajratildi. Xususan, kreditlarning 224 mingtasi (5 trln. soʻm) xizmat koʻrsatish va kichik ishlab chiqarish, 81 mingtasi (1,8 trln. soʻm) qishloq xoʻjaligi, 47 mingtasi (470 mlrd. soʻm) hunarmandchilik va 11 mingtasi (260 mlrd. soʻm) boshqa sohalarga yoʻnaltirildi. Hokim yordamchilari tomonidan tadbirkorlikni boshlash istagida boʻlgan fuqarolarga tez va yuqori daromad topish imkonini beradigan biznes loyihalarni tanlashda koʻrsatilayotgan koʻmak kredit ajratishda ijobiy sifat oʻzgarishlariga olib keldi. Maʼlumot uchun, hokim yordamchilari faoliyati davomida foydalanishi uchun “Onlayn mahalla” platformasiga tijorat banklari bilan xamkorlikda ishlab chiqilgan 500 dan ortiq biznes-rejalar joylashtirilgan.
Xususan, oʻtgan yili ajratilgan kreditlarning qariyb 50 foizi qishloq xoʻjaligi sohasiga, 32 foizi xizmat koʻrsatish va kichik ishlab chiqarish yoʻnalishida ajratilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich tegishlicha 22 foiz va 62 foizni tashkil etdi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 46 ming nafar fuqaroga 203 mlrd. soʻmlik subsidiyalar ajratildi.Jumladan, ajratilgan subsidiyalarning 33 mingtasi (154 mlrd. soʻm) tadbirkorlikni boshlash uchun asbob-uskuna va mehnat qurollari bilan taʼminlashga, 4,2 mingtasi (5,1 mlrd. soʻm) hunarmand uyushmasiga aʼzolik badali, hom-ashyo va ish haqiga, 3,4 mingtasi (27 mlrd. soʻm) ixcham issiqxonalar, sugʻorish vositasi hamda urugʻlik koʻchatlari harid qilishga, 0,7 mingtasi (2,2 mlrd. soʻm) kooperativlarni ustav fondiga ulush sifatida kiritishga va 4,7 mingtasi (15 mlrd. soʻm) boshqa yoʻnalishlarga toʻgʻri keladi.
Shuningdek, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat taʼlim muassasalarida 129 ming nafar fuqarolar kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitildi. Oʻtgan 9 oyda hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 39 mingta (ish oʻrni 171 ming) "mahallabay" mikroloyihalardan 20 mingtasi (52 foizi) ishga tushirilib, 78 mingta ish oʻrinlari yaratildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida mahallalarda oʻtgan davrda 68 mingta yuridik va 74 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Aholi yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha hokim yordamchilari mahalla raisi, sektor rahbarlari va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda:
23 ming km taʼmirtalab ichki yoʻllar shagʻallashtirildi, 22 ming km asfaltlashtirildi, mahalla hududidan oʻtuvchi magistral yoʻl yoqasida 1 ming km piyodalar yoʻlakchalari barpo etildi. foydalanishga yaroqsiz holga kelgan 5,6 ming dona transformator, 123 ming dona sim yogʻochlar va 90 ming dona tungi chiroqlar yangisiga almashtirildi. 32 ming km ariqlarni tozalash va 6,8 mingta turli hajmdagi vertikal sugʻorish quduqlarini qurish orqali 302 mingdan ortiq xonadonlar tomorqasi sugʻorish suvi bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, kambagʻal oilalar bilan ishlash samaradorligini oshirish, moliviy resurslarni birinchi navbatda ushbu oilalarga yoʻnaltirish, oilalarni kambagʻallikdan chiqishiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni aniqlash va hal etishga koʻmaklashish maqsadida “Individual dastur” amaliyoti joriy etildi. Joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida hokim yordamchilari tomonidan 1 mln. dan ortiq kambagʻal oilalar uchun “Individual dastur”lar ishlab chiqildi.
Dasturlar doirasida kambagʻal oilalarni daromadlarini oshirish maqsadida 1,8 mln. ta turdagi amaliy chora-tadbirlar belgilangan boʻlsa, qisqa davrda 78 ming nafar oila aʼzolari doimiy va mavsumiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, 34 ming nafariga imtiyozli kredit va 7 ming nafariga subsidiyalar ajratildi. Shuningdek, hisobot davrida hokim yordamchilari tomonidan oʻzini-oʻzi band qilgan shaxslarga biznesni rejalashtirish va moliyalashtirish boʻyicha koʻrsatilgan yordamlar natijasida 17 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkor va 22 ming nafari kichik biznes subyekti sifatida faoliyatini boshladi. Topshiriqqa muvofiq, bu koʻrsatkichni yil yakuniga qadar 50 mingtaga yetkazish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.