“Sergeli industrial park” kichik sanoat zonasi uchun loyihalar tanlovi o‘tkazildi

    Sanoat 28 Dekabr 2020 2305

    “Sergeli industrial park” kichik sanoat zonasi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Ishchi guruhning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    Yigʻilishda Yangihayot tumanidagi “Sergeli industrial park”i obyektlarini loyihalash, qurish va sotishni tashkil etish boʻyicha tanlovga talabgorlardan kelib tushgan takliflar koʻrib chiqildi.

    Ochiq tanlovda uchta yirik qurilish korxonalari oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi. Toshkent shahri Yangixayot tumani Rayhon koʻchasidagi 71,64 ga hudud uchun “Sergeli industrial parki – kichik sanoat zonasi” loyihasi bilan taqdimot qilgan “Grand Capital” MCHJ 2016-yilda tashkil etilgan. Shu kunga qadar 10 ga yaqin yirik qurilish loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan. “Grand Capital” taklif etayotgan loyihaga koʻra, sanoat zonasida savdo nuqtalari, mehmonxona va ofislar, umumiy ovqatlanish zonalari tashkil etiladi.

    Yana bir loyihani 2013-yilda tashkil etilgan Sardoba hamda Mirzo Ulugʻbek tumanidagi zamonaviy va qulay turar-joy binolarini qurgan “Gold Step Invest” MCHJ taqdim etdi. “Gold Step Invest” tomonidan taklif etilayotgan loyihada mehmonxonalar, maʼmuriy, sanoat va savdo binolari, kafe hamda restoranlar oʻrin olgan.

    Tanlovda “Mimar Group” MCHJ ham ishtirok etdi. Mazkur jamiyat bugungi kunda Turkiya va Oʻzbekistonda 40dan ortiq loyihalarni amalga oshirmoqda. Yigʻilganlar eʼtiboriga taqdim etilgan loyiha konsepsiyasini ishlab chiqishda Turkiyada muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “Istac” va “Ikkitelli” savdo-sanoat va xizmat koʻrsatish majmualari tajribalaridan umumli foydalanilgan.

    Loyihada asosan ishlab chiqarish, savdo, xizmat koʻrsatish, mehmonxona, logistika hamda maʼmuriy binolar qurilishi rejalashtirilgan. Xususan, rejaga koʻra, tadbirkorlar va xaridorlarga qulay logistika xizmatlari koʻrsatish uchun 12 400 kvadrat metrli bojxona ombori va logistika markazi qurish nazarda tutilgan. Shuningdek, loyiha doirasida kamida 13 000 yangi ish oʻrni yaratiladi hamda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun kompaniya tomonidan 116 mln. AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etiladi.

    Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida oʻtgan yigʻilishda talabgorlarning tanlov takliflari va taqdimot materiallari atroflicha koʻrib chiqildi. Ishchi guruh aʼzolarining ovoz berish natijalariga koʻra, “Mimar Group” MCHJ tanlov gʻolibi deb topildi.

    Loyiha doirasidagi qurilish ishlari 2022-yilning 3-choragida yakunlanishi rejalashtirilgan.