Sharafli kasb sohibasi

    Ijtimoiy hayot 29 Aprel 2021 3836

    Zulfiyaning bolaligi, beg‘ubor kunlari Sardoba tumanining ilgarigi Titov xo‘jaligi, hozirgi Paxtaobod shaharchasida o‘tdi.

    — Esimda, — deydi Zulfiya opa Azizqulova. — Asli Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Marjon buloq qishlog‘idanmiz. Otam Turdiboy bobo (agronom) hosilot edi.Cho‘lni, Sirdaryoni o‘zlashtirish, quruq va sho‘r, saksovul bosgan yerlarni bog‘-bo‘ston gulistonga aylantirish maqsadida Sardobaga, yangitdan tashkil etilgan xo‘jalikka ko‘chib kelgandik.

    To‘g‘risi ham shunday bo‘lgan. Turdiboy bobo, Halima momo singari cho‘lga, Mirzacho‘lga ko‘chib kelgan Marjon buloqliklarga va boshqa joylardan majburan ko‘chirib kelingan odamlarga ya’ni cho‘lquvarlarga oson bo‘lmagan. O‘sha paytlari, hyech kim mehr qo‘ygan joyini, issiqqina go‘shasini tashlab, shart-sharoiti yo‘q, kimsasiz va ovloq yerlarga, biyday katta cho‘llarga ko‘chib kelib, falak otib, yashab qolaman deb o‘ylamagan.

    Dastlab, yerdan to‘la(xandaq) qazib, yerto‘lalarda, keyinchalik katta kichik kapa uylarda yashab, ishlashgan, tirikchiligini o‘tkazishgan. «Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir» deb shunga aytishsa kerak. Qisqa muddatda sho‘r va saksovul bosgan, bo‘z yerlar ham o‘zlashtirilgan, chigit qadalgan. Ro‘zg‘or uchun kerak bo‘ladigan mevali ko‘chat, sabzavot ekinlari ekilgan. Asta, sekinlik bilan bo‘lsada ko‘nikishib, o‘zlari uchun boshpana qurishgan.

    Zulfiya opani otasi Turdiboy bobo o‘qimishli, ziyoli, ko‘pni ko‘rgan kishi bo‘lganligi bois, yangi xo‘jalikda bosh hosilot bo‘lib ish faoliyatini boshlagan. U kishining turmush o‘rtog‘i Halima momo bir chekkada qarab turmagan. U ham boboga yelkadosh bo‘lib, hali paxta dalasida, kichik, jussasiga mos keladigan ketmonni ko‘targuncha egat oralagan. Hali maktabdagi ishiga chopgan. O‘qituvchi bo‘lmagan, lekin farrosh bo‘lgan bo‘lsada, rosa hurmati yaxshi, e’zozli ayollardan biri bo‘lgan. Qolgan vaqtini bolalarni tarbiyasiga bag‘ishlagan.

    — Oilamizni kichkina deb, bo‘lmasdi. Olti qiz, ikki o‘g‘il. Otam va onam bilan o‘n kishi edik. Kattagina emas, edi-yu, ikki xonali kichkina uycha ya’ni kulbada yashagandik. Men oilada to‘ng‘ichi bo‘lganman. Otam ham, onam ham ilmga, bo‘sh vaqtlarida kitob va gazetalarni mutolaa qilishga qiziqardi. Moychiroqni yorug‘ida, bir biridan qiziq, hikoya va romanlarni o‘qib berardi. Shundanmi, o‘qishga havasimiz bolalikdan orta boshlagan. Hozir singillarim turmushga chiqib ketishgan, farzandli, nevarali, ukalarim Ulug‘bek va G‘ofurjon ham. Ukam Ulug‘bekjon tuman elektr tarmoqlari korxonasida, G‘ofurjon esa tuman paxta tozalash zavodida ishlaydi. Esimda, ilk marotaba 1968-yilda tumandagi 6-umum ta’lim maktabiga o‘qishga borib 6-sinfgacha o‘qiganman, So‘ngra o‘qishimni 14-maktabda davom etirganman. Sinfdoshlarim ham turli tuman millat bolalari edi. Inoq edik ular bilan. Oilamizda shifokor, shifokorlik kasbiga qiziqqanlar yo‘q edi. Meni, nimagadir shu kasbga mehrim tushgandi. Otam buni payqadi chog‘i, maktabni tugatgan yilim, O‘rta Osiyo tibbiyot pediatriya institutiga yetaklab bordi. Omadni Qarang, o‘sha yili ushbu institutning talabasi bo‘ldim, —deydi Zulfiya opa.

    Zulfiya opa tirishqoq, o‘qishga chanqoq talabalardan bo‘lgan. Pediatriya sohasini siri sinoatini ham uqishda, ham amaliyot jarayonlarida mukammal o‘rgandi. 1988-yilda Sirdaryo viloyat bolalar shifoxonasi, hozirgi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida internatura bosqichini o‘tadi. Bolalarda uchrayotgan surunkali, yuqumli va yuqumsiz bo‘lgan kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasida bilganlarini amaliyotda qo‘llagan bo‘lsa, bilmaganlarini o‘sha paytlarda birga ishlagan, malakali shifokorlardan o‘rgandi. Bu unga katta hayot maktabini o‘tab berdi. Baxtni qarang, o‘sha yillari Toshkent qishloq xo‘jalik institutini agronomiya fakultetini tamomlayotgan Boyovutlik talaba Usmonqul akaga hayot uni ro‘para qildi. Bir biriga mehri tushdi. Turdiboy bobo va Halima momo, jajji, o‘sha bir zamonlar erkalatgan, chiroq yorug‘ida kitob o‘qib bergan va shifokor bo‘lsin deya o‘qishga yetaklab borgan qizlari, bo‘yi basti kelishgan, oqila va dona, har bir ota ona orzu qilar darajadagi qiz bo‘lganligi, yigit ham bama’ni yigitlardan bo‘lganligi, uning ustiga agronom bo‘lganligi bois yaxshi niyatlar bilan bu yoshlarga oq fotiha berishdi. 1988-yilda tuy ham o‘tdi. U endi Sardobani emas Boyovutni qiziga, keliniga aylangandi.

    Usmonqul aka Boyovut tumanidagi 1-Boyovut sovxozda agronom bo‘lsa, Zulfiya opa hozirgi, Boyovut tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli bo‘lgan 1-Boyovut qishloq uchastka shifoxonasida uchastka pediatri bo‘lib ishlay boshladi. U ishni mahalla, mahallada yashovchi oilalar, farzandlari bilan tanishishdan boshladi. Asta sekinlik bilan surunkali, nogiron, mavsumiy allergiyasi bor va boshqa kasalliklari bor bolalarni ro‘yxatini shakllantirishdan va ularga shunga yarasha tibbiy xizmat ko‘rsatishdan boshladi. Erinmadi, izlandi, intildi, xonadonma –xonadon yurib bolalarni to‘g‘ri parvarish qilish, yuqumli va yuqumsiz kasalliklardan himoya qilish, sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga rioya etish yo‘llari haqida o‘zining do‘stona maslahatlarini ularga berish bilan birga, qator targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazardi. Uning bu xislati, mehnatkashligi o‘sha paytlardagi tuman tibbiyot birlashmasi hamda Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyatini e'tiboriga tushdi va unga, uning zimmasiga bundanda mas'uliyatli boshqa vazifa yuklatildi. U 2001-yilda 1-Boyovutning 2-bo‘limiga umumiy amaliyot shifokori vazifasida ishni boshladi.

    — Bilasizmi, — deydi Zulfiya opa o‘ta kamtarlik bilan. — Shifokorlik sharafli kasb. Buni yurakdan, qalbdan anglagan, bor mehrini shu sohaga bera olgan odam chinakam shifokor bo‘la oladi. Chunki shifokorni bita xatosi, turli tuman ko‘ngilsiz xatolarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. To‘g‘ri, oq xalatni hamma ham o‘z ustiga tashlashi mumkin. Lekin uni yurakdan, qalbdan his qilib, bor mehrini, kuchini, idrogini, bilimini shu sohaga bag‘ishlamasa, odamlar koriga yaramasa, unda befoyda. Menga buni agronom, ya'ni hosilot bo‘lgan otam, Turdiboy bobo o‘rgatgan.

    O‘ ota va ustozlari o‘gitiga amal qilib kam bo‘lmadi. Naqd un besh yil shu bo‘limda umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishladi. Bo‘limda yashayotgan har bir fuqaro, har bir oila uning o‘z oilasiga, oilasining a'zosiga aylandi.

    Baxtni, baxtiyorlikni tuydi. Usmonqul aka va Zulfiya opa oilasi, oiladagi muhit, farzandlarni tarbiyalash borasidagi ishlari og‘izdan og‘izga o‘tdi. Ham ishda, ham oilada ular ibrat ko‘rsata olishdi.

    — Oila bu qo‘rg‘on. Birin ketin farzandlarim Akromjon va Mohiraoylar tug‘ildi. Hozir bir o‘g‘il va bir qizim bor. Qolaversa, hududdagi bolalar ham mening bolalarim. Ularga mehrim boshqacha. Chunki kichkinaligidan bilaman. Ko‘rganman, tekshirganman, zarur paytlarda Tibbiy muolaja qilganman. Bu esa baxt, chinakam, aytib va ta'riflab bo‘lmaydigan, — deydi Zulfiya opa.

    Zulfiya opa zimmasiga 2016-yilda 1-Boyovut hududida joylashgan Muqimiy qishloq vrachlik punktining mudirasi vazifasi yuklatildi. U ushbu ishda 2019-yilga qadar ishladi. Uni o‘sha yili tuman tibbiyot birlashmasining ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasiga pediatr shifokor vazifasiga o‘tkazishdi. Hozir opa oila shifokori. Tuman markazidagi «Sohil» va «Madaniyat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 4 ming 378 nafar aholiga Tibbiy xizmat ko‘rsatadi va ularga o‘z maslahat va tavsiyalarini beradi.

    — Zulfiya opa, o‘z onamdek bo‘lib qolgan, — deydi Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi doyasi Nazokat Shoyzoqova. — Bilmaganlarimni yotig‘i bilan tushuntiradi. Joyi kelsa, o‘z yordamini qaysi tomonlama bo‘lmasin mendan, men singari shogirdlaridan ayamaydi. 40 yil bu kichkina muddat emas. Opamiz va ustozimiz ana shu yillar davomida sohada mehnat qilib, aholini salomatligini, tinchligini o‘ylab yeldi, yugurdi. Men singari, qanchadan qancha soha xodimlariga ustozlik qildi. Ustozimizni shogirdlari rosa ko‘p. Masalan aytadigan bo‘lsam, Nazira Mamadaliev, Marg‘uba Abdullaeva, Matluba Rizqulova, Nilufar Abdujalilova, Dilfuza Mamurova, Zilola Xolmatova. Xullas sanab sanog‘iga yeta olmaymiz.

    Zulfiya opa hayotida yaqinda unutilmas hodisa sodir bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirini maxsus buyrug‘i bilan opa «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoniga munosib topildi. Bu opaning ko‘p yillik halol mehnatlari samarasi. Opa bundan ham yaxshilariga munosib ayol. Mukofotni Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Akbar Mirzaxonov topshirarkan, Sog‘liqni saqlash vaziri va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda tuman Tibbiyot birlashmasi nomidan opaga dil so‘zlarini bildirdi. Shogirdlari va kasbdoshlari esa opani qutlashdi.

    — Zulfiyaxon ajoyib, quli yengil pediatr, — dedi taqdirlash marosimida ishtirok etgan Akbarxon Mirzaxonov. — Bilasizlar, menga kasbdosh. Mendan bir yil keyin o‘qishni tugatgan. Lekin, bir jamoada birga ishlaganmiz. U bemorga bor mehrini beradi, shirin so‘zini kanda qilmaydi. Uning bu xislatlari har qancha maqtovga, mukofotlarga loyiq. Oilasini yaxshi bilaman. Usmonqul aka Azizqulov tumandagi «Biomahsulot bulog‘i» mas'uliyati cheklangan jamiyatda mudir bo‘lib ishlaydi, o‘g‘li Akromjon ajoyib shifokor, infeksionist. U Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari. Qizi Mohiraoy o‘qituvchi. U Bekobod shahrida yashaydi. 6 nafar nabirasi bor. Opadan o‘rnak oladigan, o‘rganadigan jihatlar rosa ko‘p.

    Biz opa bilan ancha suhbatlashdik, ish, oila, hozirgi bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida. Prezidentimizni tegishli farmon va qarorlariga binoan Sirdaryoda joriy etilayotgan sug‘urta tibbiyoti, tibbiyot klasteri to‘g‘risida. Opani o‘z qarashlari, Fikrlari bor ekan. To‘g‘risi, biz hayratlandik.

    — Qani, ilgarigidek, yosh bo‘lib qolsam, — deydi Zulfiya opa. — Bugungi tibbiyot kechagisidan, biz o‘qishni tugatib, ishni boshlagan davrimizdan ancha farq qiladi. Zamonaviy tibbiy jihozlar, internet aloqalari, xullas bugungi tibbiyot mukammallashgan, rivojlangan. Muhimi, taraqqiy etyapti. Qarang, ishlash uchun barcha shart sharoit bor. O‘z ustingizda ishlasangiz bo‘ldi. Yangi joriy etilayotgan davlat tibbiy sug‘urta tizimi sohani, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni oqilona yechimi bo‘lyapti. Quvonish kerak. Ko‘rasiz, o‘z samarasini beradi. O‘shanda eslaysiz meni so‘zlarimni. Chunki yangi tizim ishga tushgach har bir vrach o‘z ustida ishlaydi. Munosib xizmat ko‘rsatishga harakat qiladi. O‘z ustida ishlamagan, munosib xizmat qilmagan vrach esa ko‘p narsalardan benasib qoladi. Masalan, elektron poliklinikani olaylik, oldinlari poliklinikamiz bo‘ylab vrach qabuliga kelgan bemorlar turna qator bo‘lib, navbat kutib o‘tirishar edi. Endi esa yo‘q. Uydan turib, vrach qabuliga yoziladi. Vaqt yo‘qotmaydi. Ortiqcha ovora bo‘lmaydi. Bu ham bitta qulaylik.

    To‘g‘risi ham shu. Tumanda tibbiyot sohasi ancha taraqqiy etgan. Buni tuman tibbiyot birlashmasida ishlayotgan tibbiyot xodimlari, qolaversa shifo istab kelayotgan fuqarolar bilan dildan suhbatlashsangiz, birdan payqaysiz. Bir so‘z bilan aytganda, G‘allaorollik emas, Boyovutlik Zulfiyaxon Azizqulovadan o‘rganadigan, jihatlar rosa ko‘p. Tajriba ham shunga yarasha. Opa hozir 59 yoshda. G‘ayrati, shijoati ichiga sig‘maydi. Bir zum bo‘lsada elga, yurtga yordamim tegsa, ular koriga yarasam deb o‘ylaydi. Xalq salomatligi yo‘lida izlanishdan, mehnat qilishdan charchamaydi. U chinakam sharafli kasb sohibasi. Bu so‘zlarni un, yuz, hatto undan Ko‘p aytishga arziydi. Charchamang, izlanishdan bir zum bo‘lsada to‘xtamang degimiz keldi Zulfiya opaga!

    G‘ulom PRIMOV,

    Sirdaryo viloyat

    Sog‘liqni saqlash boshqarmasi

    matbuot xizmati rahbari.