Dil amri

Ona yurt deymiz, ona el deymiz, ona Vatan deymiz, dunyoda neki muqaddas narsa boʻlsa, onaning aziz nomi bilan qoʻshib aytamiz. Ona mehrining muqaddasligi, beqiyosligi ham shundadir ehtimol. Ona yurt ravnaqi, farovonligi, ona Vatan taraqqiyoti yoʻlida fido­yilik koʻrsatgan insonlarning nomlarini esa xalq doimo hurmat va eʼzoz bilan eslaydi. Sharof Rashidov nomini tilga olganda millionlab yurtdoshlarimizning qalbidan tiliga katta bir mehr qalqib chiqadi. Bu samimiy mehr, samimiy yodnomalar zamirida fidoyi rahbar va hassos yozuvchining katta zahmati, insoniy fazilatlari mujassamdir.

Bundan uch yil ilgari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra “Xalqimizning buyuk farzandi” nomli xotira kitobining nashr qilingani, Jizzax viloyatining Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgani, ushbu tumanda adib nomidagi memorial uy-muzeyi tashkil etilgani, adibning “Saylanma” kitobi koʻp ming nusxada nashr etilgani davlat rahbari olib borayotgan adolatli, xalqchil siyosatning ifodasi boʻldi.

Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini qunt bilan mutolaa qilgan, nazm va nasrning beqiyos nafosatini chuqur anglagan isteʼdod sohibining gʻalabaga bagʻishlangan ilk kitobi “Qahrim” sheʼr­lar toʻplami boʻlsa, birinchi publitsistik maqolalar toʻplami 1949-yilda “Tarix hukmi” nomi bilan nashrdan chiqqan edi.

Fidoyi rahbar va adib “Qizil Oʻzbekiston” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasiga bosh muharrir, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rais etib saylanganida ham nasrda, ham nazm­da inson qalbi, ruhiy holatini oʻziga xos tas­virlashni oliy maqsad deb bildi.

Yozuvchining birinchi qissasi — “Gʻoliblar” (1951) urushdan keyingi davrda oʻzbek xonadonlariga osoyishtalik ingan, kimningdir bolasi, kimningdir otasi urushdan qaytmagan, ayni mehnat qizigan vaqtlarda yozildi.

Asarning yozilishiga sabab boʻlgan voqealar haqida adib bunday eslaydi: “Uzoq yillar mobaynida mening tasavvurimda “Gʻoliblar” qissasi shakllanib keldi, universitetning filologiya fakulteti talabasi boʻlib yurgan chogʻlarimdayoq oʻz bolalik taassurotlarim haqida koʻp oʻylardim. Koʻz oʻngimda togʻ bagʻriga tutashib ketgan qadrdon qishlogʻim gavdalanardi. Bepoyon choʻl. Minglab gektar ajoyib, unumdor yerlar suvsizlikdan qaqrab yotardi. Faqat ilk bahorda qir-adirlar qip-qizil qizgʻaldoq va binafshalar bilan qoplanardi. Soʻngra kunlar isishi bilan quyoshning yalligʻi yerning namshirasini soʻrib olardi-da, maysalarga oʻtli nafasini sochib, qovjiratib ketardi. Har bir kolxozchining dashtni oʻzlashtirib, quvrab yotgan bugʻdoyzorlar oʻrniga paxtazorlar bunyod etish orzusi bilan yashayotganliklarining shohidi boʻldim, ayrim kolxozlarda buloqlarning koʻzini ochib, togʻ etaklaridagi qaqroq yerlarni shu buloq suvlari bilan sugʻorayotganliklari haqida menga soʻzlab berishgan edi. Ularning bu haqdagi hikoyalari meni hayajonga soldi va men oʻzimning ilk qissamni shu mavzuda yozishga ahd qildim”.

“Suv keltirgan — elda aziz” maqolining amaldagi isboti qissaning asosini tashkil qiladi. Asarda tasvirlangan Oyqiz, Olimjon, Lolaxon, Halim bobo obrazlari orqali yangi yerlarni oʻzlashtirish, suv manbaini koʻpaytirish, mehnatga yangi munosabat qirralari ochiladi.

Inson tabiati murakkab, qancha ogʻir sinovlarga duch kelsa, shuncha toblanib, yangi marralarga qarab boʻylayveradi. “Gʻoliblar” asari qahramoni Oyqizning ikki akasi Temur va Alisher urushdan qaytmaydi, bu judolikni koʻtarolmay onasi Xolbibi dunyodan koʻz yumadi. Birgina suyanchigʻi — otasi Umurzoq ota bilan urushga ketgan Olimjonning salomat qaytishiga umidvor Oyqiz mehnati, Oltinsoyning gʻamda ham, bayramda ham bir-birini qoʻllab yashagan odamlarining kelajakka boʻlgan ishonchi, mehnatidan zavq olib, unumdor yerlarni oʻzlashtirish yoʻlidagi zahmati romanning asosiy mavzusi hisoblanadi.

Asar Oyqiz va Olimjon timsolida oʻsha davrlarda har bir jabhada alohida mehnat zafarlariga yoʻl topayotgan yoshlar va ularning tashabbuslariga baholiqudrat yelkadosh boʻlgan hamqishloqlari hayotidan, muhimi, halol insonlarning zahmatli mehnatidan chiroy ochayotgan Oltinsoy, Oltinsoy timsolida Oʻzbekiston hayo­tidan soʻzlaydi.

Shu oʻrinda barchamiz uchun qiziq boʻlgan jihatga, yaʼni asar qahramonlari, urushdan qaytmagan aka-ukalarning ismlariga eʼtibor qilsak.

Alisher va Temur!

Oʻzbek xalqining shoʻro davrida nomi va faoliyati tanqidga uchragan, asarlari qatagʻon qilingan ikki ulugʻ farzandining nomi asar qahramonlariga berilishida ham ramziy maʼno bor. Alisher va Temur urushdan qaytmaydi! Bu nom sohibi boʻlgan ajdodlarimizning shonli tarixi va ular qoldirgan meros ham oʻsha paytda xalqqa qaytmagan edi. Bundan koʻrinib turibdiki, vatanparvar, millatparvar, katta qalb egasi boʻlgan Sharof Rashidovning haqiqiy niyati — xalq ozodligiga erishishga intilish va qatʼiy ishonch edi.

Bundan bir necha yillar muqaddam — maktabda oʻqigan vaqtlarimizda ona tili oʻqituvchimiz Inʼomjon Karimov adabiyot darslarida Sharof Rashidovning 1958-yilda eʼlon qilingan “Boʻrondan kuchli” asari haqida juda koʻp qiziqarli hikoyalarni soʻzlab berardi. Butun sinf — 32 nafar oʻquvchining bor vujudi quloqqa aylanardi, chunki oʻsha davrlarda ushbu asarni butun Oʻzbekistonning yetti yashardan yetmish yasharigacha mutolaa qilgan edi. Halol va toʻgʻri inson har qanday toʻsiqni kuchli saboti bilan yenga olishi, hayotning ogʻir zarbalari, kutilmagan sinovlariga tob bera olishini adabiyot muallimimiz hayotiy misollar bilan taʼriflardi.

Yangi ochilgan yerlarda qum boʻroni boshlanishi, uning talafotini kamaytirish, qum boʻroni nimjon gʻoʻzalarni payhon qilishi, boʻronga qasdma-qasd mardonavor kurashgan qahramonlar orqali yozuvchi inson shijoati nelarga qodirligini boʻy-basti bilan namoyon qilishi, mehnatidan baraka topgan Hazrati Insonning choʻyandek metin irodasi, tolmas saboti biz, oʻquvchilarning hayratlariga sabab boʻlardi.

Shu uchun ham “Boʻrondan kuchli” romani butun umr sinfdoshlarim qatori menga ham oʻzgacha taassurot bergandi. Muallimim taʼkidlagan — “Yaxshidan bogʻ qoladi” deyilgan oʻzbekona hikmatni bir tup oʻrikka mehr qoʻygan Murotalining choʻlga koʻchib kelib, hovlisini oʻrikzorga aylantirgani, “oʻriklarim hali yuz yil hosil qiladi”, deb Oyqizga faxrlanib gapirgani, bir tup boʻlsa ham daraxt ekib, uni oʻrikzorga, choʻlni boʻstonga aylantirishdek savob ishga bosh qoʻshib, mehnatidan faxr tuygan insonlar hayoti chizgilari sira yodimdan chiqmas dars boʻlib qolgan.

Bir donishmanddan “Oltindan qimmat narsa bormi?” deb soʻraganlarida, donishmand “Doʻstlik”, deb javob bergan ekan. “Poʻlatdan ham mustahkam narsa bormi?” deb soʻraganlarida, u yana “Doʻstlik”, debdi. “Boʻrondan ham kuchli narsa bormi?” deb soʻraganlarida ham “Doʻstlik boʻrondan ham kuchlidir!” deb javob bergan ekan. “Boʻrondan kuchli” romanidagi Halim boboning ana shu soʻzlarida hayot toʻlqini ilhomlantirgan kishilarning gʻoyaviy, maʼnaviy birligi, poʻlatdan ham mustahkam doʻstligi oʻz aksini ­topgan.

“Boʻrondan kuchli” romani orqali men adabiyot insonni tafakkur qilishga, yaxshilik izlashga, mehnat insonni yuzaga chiqarishini anglashga, toʻgʻrilik va halol yoʻl bilan har qanday boʻronni yenga olishga undashini tushunganman.

Bu bir kitobni oʻttiz ikki oʻquvchi bir boʻlib oʻqigan oʻquvchilik paytimdagi xulosalarim edi.

1964-yilda yozilgan “Qudratli toʻlqin” romani urush yillarida frontdan olisdagi, front ortidagi oʻzbeklar shijoatini tasvirlaydi. Ushbu romanning yaratilishi xususida Sharof Rashidov “Drujba narodov” jurnali savollariga bunday javob beradi: “Bundan ancha yillar burun hali yoshgina jurnalist boʻlib yurgan chogʻlarimda men mana shunday qurilishlardan birida ishlashga muyassar boʻlgan edim. Bu mashhur Farhod GESi edi. Qurilish menda juda qaynoq va yorqin taassurotlar qoldirgan. Lekin adabiyot dargohiga kelib, endigina qalam tebrata boshlagan chogʻimda men anchagacha bu mavzuni yoritishga jurʼat qilolmay yurdim. Men juda koʻp hayotiy materiallar yiqqan edim, lekin bu rang-barang materiallarni tartibga solishga qiynalardim. Oʻshanda aftidan men hali materialni badiiy oʻzlashtirishning kor joyini topmagan edim, kor joyi topilmaganidan shu material eng muhimlarini, asar uchun tipik hodisalarni ajratib ololmas, materiallarni uyushtirib beradigan syujet chiziqlarini yaxshi anglamas edim. Faqat ancha yillar oʻtibgina men oʻzimdagi bu jurʼatsizlikni yengib oʻtdim, oʻsha hayot hodisalariga diqqat bilan qayta nazar tashladim, koʻz oʻngimda faktlar, voqealar, odamlar, ularning xatti-harakatlari, qiyofalari boshqacha bir tarzda jonlana bosh­ladi. Xotiramda chuqur oʻrnashib qolgan mana shu xotiralarning biri koʻp oʻtmay “Qudratli toʻlqin” nomli romanimning mundarijasini belgilab berdi”.

Oddiy oʻzbek yigiti Poʻlatning boshidan oʻtgan kechinmalar, uning Farhod GESi qurilishidagi shijoati, Poʻlat va Bahor obrazlaridagi toza muhabbat, ular ruhidagi qatʼiyat va dadillik asarda boʻrttirib koʻrsatiladi. Yozuvchining “Gʻoliblar”, “Boʻrondan kuchli” romanlaridagi Olimjon, Oyqiz, Joʻraboyev, Umurzoq ota obrazlarining yaqdilligi, hech qanday qiyinchilik­larga boʻy bermasligining mantiqiy davomini “Qudratli toʻlqin”da koʻrish mumkin.

“Qudratli toʻlqin” urushning ayovsiz davrlari — 1943-yildagi voqealarni oʻz ichiga oladi. Vatan ozodligi uchun urushda jon olib, jon berayotganlarga oziq-ovqat yetkazish uchun oʻzida kuch topayotgan xalqning, front uchun, frontdagi gʻalaba uchun yashayotgan xalqning qahramonliklari aks ettiriladi bu asarda. “Gʻoliblar”da Oyqiz Olimjonni frontga borishga undaganidek, “Qudratli toʻlqin”da otasi Haydar Sodiqovdek frontda dushman bilan bellashishni orzu qilgan Poʻlatning maqsadini Bahor qoʻllab-quvvatlaydi. Poʻlat otasining frontdan yozgan xatlarini oʻqib “Jasorat yosh tanlamaydi!” degan fikr bilan uning yoniga oshiqadi. Yigitning koʻnglida doim bir gap boʻladi: “Ota, men sizga munosib oʻgʻil boʻlaman!”

Sharof Rashidovning har bir asarida inson va uning muammolari, munosabatlar va ziddiyatlar orqali inson xarakteri, samimiy va kamtarin qishloq kishilari hayoti aks ­ettiriladi.

“Kashmir qoʻshigʻi” asari Sharof Rashidovning qalb daftari boʻlgan. Adib hayot vaqtida bu asar oʻnlab tillarga tarjima qilingan. Qissasining afsonaviy qahramonlari — asalarilar shohi Bambur, gullar malikasi Nargiz ijobiy obrazlar ramzi boʻlsa, ularga qarshi turuvchi Boʻron, zararkunanda Horut salbiy obraz sifatida tasvirlanadi. Eng qizigʻi, Bambur bilan Nargiz tarafida qushlar, gullar, dov-daraxtlar, muattar hidlar, dil rishtalari bogʻlanib turadi, ularni himoya qiladi. Boʻron bilan Horutning izmida shamol, vabo, izgʻirin va chaqmoq kabi salbiy qiyofalar paydo boʻladi. Muallif yuksak xayolot parvozida qalam yuritar ekan, tabiatning jonlanishi, tilga kirishi, yashash uchun kurashdan iborat hayotbaxsh faoliyatni ramziy maʼnoda qissaga singdiradi. Professor Hotam Umurov taʼbiri bilan aytganda, “Kashmir qoʻshigʻi” oʻz uslubiy tabiatiga va uslubiy maromiga koʻra, ohangdor, jarangli, mazmundor asar ekanini taʼriflab, asarda hind kuylariyu oʻzbek “Tanovar”ining ohangi uygʻunligini eʼtirof etadi”.

Sharof Rashidovning “Kamolot” kinoqissasi 1960-yilda yozildi. Benihoya choʻl barxanlari uzra yangi yerlar ochish, qoʻriq yerlarni paxtazorga, ekinzorga aylantirish yoʻlida zahmat chekkan choʻlquvarlarning matonatli mehnatining samarasini kamolot choʻqqisiga qiyoslagan adib Poʻlat Karimov obrazi orqali oʻsha davr zahmatkashlarining ijodiy portretini yaratsa, 1977-1982-yillarda yozgan “Dil amri” qissasi Belorusiyaning taxminan uch yuz xonadon yashaydigan Beryozovka qishlogʻi ahlining qonli urush sharoitidagi yashash tarzini, shu tuproqda mardonavor jang qilgan oʻzbek jangchilari hayotini tasvirlaydi.

Vatanni sevmoq, vatanparvar boʻlmoq, tinch va osuda hayot uchun kurashmoq gʻalabaga boradigan yagona yoʻl ekanini asar qahramonlari misolida koʻrish mumkin.

Sharof Rashidov oʻzi boshidan kechirgan urush suronlarini, bir burda nonga zor boʻlib dunyodan oʻtgan bolalar qismati, urush vayronalarini, elu xalqning yuziga oyoq qoʻyib, qilingan sotqinliklarni va urush davrida erta ulgʻaygan, zarur vaqtda oʻzlari xuddi kattalardek qaror chiqara oladigan bolalar hayotini mana shu asarida oʻta mohirona tasvirlaydi.

1967-yilda oʻzbek va rus tillarida nashr etilgan “Doʻstlik bayrogʻi” kitobi unga katta shuhrat keltirdi. 1966-yilda Toshkentda sodir boʻlgan dahshatli zilzila va uning oqibatlarini bartaraf etish bilan Sharof Rashidovning shijoatu gʻayrati oldida bosh egish kerak. Uning ukasi, mashhur tarjimon Asil Rashidov oʻz risolasida toʻgʻri qayd etganidek, “Akamning yaxshiligiyu yomonligini Xoliq ham, xalq ham biladi. Uning mehnati va zakovatidan el-yurt bahramand boʻldi. Lekin mushfiq odamlarimiz uning yaxshiligini unutmagan ekan. Mehnatkash el-ulus qalbiga yoʻl topa olgan, uning dil-dilidan mustahkam oʻrin olgan ekan Sharof akam.

...Xayriyat, mana endi ona Vatanimiz uzra ozodlik nasimi esmoqda. Togʻday armonim: qaniydi, mening akam ham tirik boʻlsa-yu, bugungi istiqlol diyorida oʻz jonajon xalqi, doʻstu yoronlari qatori yashasa, erkin nafas olsa...”

Oʻlkam, omon boʻl!

Sharof Rashidovning sheʼrlari ham oʻziga xos. 1938-yilda yozgan “Mehnatim” madhiyasi insonning hayotdagi ezgu maqsadi halol mehnat, mehnat baxt-saodatning manbai ekani, tugʻilib oʻsgan zaminning har bir sarhadini aynan mehnatu sadoqat bilan bezamoq har bir yurtdoshimizning koʻngil amri boʻlmogʻi kerakligini eslatadi:

Sen bilan ochdim koʻzimni, sen bilan boʻldim aziz,

Sen bilan kuldi diyorim, sen bilan turmush laziz,

Sen bilan olam yorugʻ, sen berding menga nonu tuz,

Ham gʻururim, ham sururim, ham huzurim mehnatim.

1939-yilda Asqad Muxtor bilan hamkorlikda yozilgan “Suv va nur” dostoni hamda “Vatan” qasidasida dunyoda inson suv va nurday toza niyat bilan shuhrat topishi, bu insoniy burch ekani aytiladi:

Baxtiyor kunlarda ulgʻaydim, oʻsdim,

Boshimni siladi shu Vatan, doʻstim,

U bilan dillar shod, koʻngil chin kushod,

Qaynoq mehri yashar dilda umrbod.

Fashistlar Vatanimizga bostirib kirgan birinchi kuniyoq “Tarixning qahri-la qayradim qilich” sheʼri yaratiladi:

Gʻazab qilichida elim qahri bor,

Gʻazab qilichining keskin zahri bor,

Yurakda qasosning toshqin nahri bor,

Qilichim, qahrimsan, yovga boʻlgin yov!

Har bir satr orqali, har bir misra orqali dushmanga boʻlgan kuchli nafrat, har kuni oʻzbek xonadonlaridan urushga joʻnatilayotgan navqiron yigitlarga suyanch boʻlish, jigarbandini urushga kuzatayotgan onaizorlarning duolari, gʻalabaga katta ishonch “Qahramon xotirasi”, “Jangchi”, “Ofarin”, “Belgrad qizi”, “Yashasin sevgi!” sheʼrlari yozilishiga turtki beradi.

“Ona nasihati” sheʼridan:

Nomard boʻlib kunda oʻlguncha,

Mard boʻlgin-u Vatan deb oʻlgin.

Onang qilgan eng oliy orzu —

Jang ichida qayta tugʻilgin.

“Kashmir qoʻshigʻi” asaridan olingan mana bu sheʼrni isteʼdodli sanʼatkor Saodat Qobulova maromiga yetkazib ijro etgan, bugungi kunda opa-singillarimiz uchun mehr ramziga aylangan:

Dugonalar, omonmisiz, bormisiz,

Jam boʻlishib, ochilib, gulzormisiz?

Hech qanday kuch bizni xazon etolmas,

Boʻron, Horut murodiga yetolmas!

Jam boʻlishib, ochilib, gulzormisiz,

Dugonalar, bormisiz, omonmisiz!

Sharof Rashidovning asarlari oʻzbek sanʼatining noyob durdonalarida ham yashaydi. Masalan, “Yor-yor” filmida “Dugonalar” qoʻshigʻi, “Chinor ostidagi duel” kinoasarida esa “Sado” guruhining “Yor kelur” qoʻshigʻi beriladi. Sharof Rashidov sheʼrlariga bastalangan ushbu qoʻshiqlar haqiqiy sanʼat darajasida kuylangan.

Oʻzbekiston xalq artisti Farruh Zokirov bir suhbatda “Oʻlkam, omon boʻl!” sheʼri tarixidan gapirib bergandi: “Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov — Botir akam Sharof Rashidovning “Oʻlkam, omon boʻl!” sheʼrini qoʻshiq qilib kuyladilar, musiqasini men yozdim. Repetitsiyalarga kasalxonadan qatnab, sheʼrning har bir soʻzini hijjalab yodladilar va qoʻshiqni maromiga yetkazib kuyladilar. Bu qoʻshiq akamning oxirgi qoʻshiqlari boʻldi, akam qaytib qoʻshiq aytmadilar, aytolmadilar”.

Yuksak iqtidor sohibi boʻlmish Botir Zokirovning ona yurti va yurtdoshlari bilan vasiyat sifatida kuylagan soʻnggi qoʻshigʻida bunday satr­lar bor edi :

Olamga erk bayrogʻi,

Qalbim sevgan mayogʻi,

Iqbolimning chirogʻi,

Oʻlkam, omon boʻl!

Iftixor

Buyuk alloma Zamahshariyning

Martabangu ulugʻlik otangdandir,

Mehribonligu mushfiqlik onangdandir,

degan hikmatli soʻzlarida farzandning kamtaru mehnatkash boʻlib voyaga yetmogʻida ota-­onaning birinchi ibrat maktabi boʻlishi nazarda tutiladi. Bu jihatdan Sharof Rashidov ijodu mehnatning dolzarb pallalarida ham bolalari oʻqiydigan maktabdagi, ota-onalar yigʻilishiga qatnashishga vaqt topgani, farzandlarining kitob mutolaa qilishida alohida eʼtibor qaratgani, ularning ilmiy ish bilan shugʻullanishlarini alohida ragʻbat bilan maʼqullagani chinakam ziyoli oilaning namunali darsxona ekanidan darak beradi.

Oʻzi urushda yarador boʻlib qaytgan adib Rossiyaning Istra daryosi boʻylariga farzand­larini olib borib: “Tinchlik uchun kurashgan joylarimda men baxt nimaligini, tinchlik nimaligini anglaganman”, deya soʻzlab berganlarini farzandlari hali-hanuz hayajon bilan eslashadi.

Oilaviy qadriyatlarni asosiy mezon deb hisoblaydigan bu xonadonda ota-onaning sharafli umr yoʻli kamtarin va samimiy farzandlar uchun ibrat darsxonasi boʻlgani haq. Bu shunday darsxonaki, muallimi — shogirding, shogirdi — ustozing. Bu shunday ibodatxonaki, qiblasi nigohlardir. Rahnamosi — koʻngil! Bu shunday kemaki, tashlab qochib ketolmaysan, ketganlar bebaxtdir! Bu shunday koʻrgʻonki, posboni ham, xizmatkori ham qadrdon. Bu yerdan topganingni hech qaydan topolmaysan, chunki bu — shunday sirli xazina. Bu yerda chekkan zahmatingning malhami ham topilur, bu — shunday shifoxona. Buning nomi — oila!

Akademik Sayyora Rashidovaning oilalarida oilaviy anʼanalaridan eng muqaddasi birinchi oʻrinda kitobxonlik boʻlgani, onalari Xursanoy ayaning kechga yaqin barcha farzandlariga eng ohorli kiyimlarni kiydirib, otalarini kutib olishga tayyorlaganlari ham, oila boshligʻi—otani bayramona qarshi olishlari ham ana shu darsxonaning ibratli darsidir.

Qoraqalpogʻistonlik davlat va jamoat arbobi Qallibek Kamolov oʻzining “Yel xizmetinde” kitobida oʻzbek va qoraqalpoq aslida bir ildizdan oʻsib chiqqan ikki daraxt ekani haqida yozadi. Qoraqalpogʻistonda adabiyot va maʼrifat rivojiga Sharof Rashidov nihoyatda katta hissa qoʻshgani, masalan, 30 nomdagi kitobni chop eta olmaydigan Qoraqalpogʻiston nashriyotining yiliga 300 xil kitobni nashr qiladigan katta korxonaga aylanishiga yordam berganini haqida taʼkidlaydi.

Muallif ushbu kitobda: “Butun qoraqalpoq eli nomidan faxr bilan aytamanki, bu ulugʻ insonning Qoraqalpogʻistonning nafaqat adabiyoti, sanʼati, maʼnaviyati, balki boshqa qator sohalarining taraqqiyotida ham shonli mehnati, katta hissasi bor”, deya alohida soʻz aytadi.

Oʻzbekiston Qahramoni Marat Zokirovning hayajon va iftixor bilan soʻzlagan soʻzlari esa butun oʻzbekistonliklarning yuragidagi iftixor boʻlib yangraydi:

“Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning otasiga rahmat! Ulugʻ insonning hurmatini joyiga qoʻyib, bolalarimiz uchun oʻrnak hayotini yana bir karra xalqqa koʻrsatdi. Sharof Rashidov isteʼdodli yozuvchigina emas, isteʼdodli, fidoyi rahbar ham edi. Mirzachoʻl, Qarshi, Jizzax, Yozyovon, Surxon-Sherobod choʻllarining katta qismi oʻzlashtirilishi, mamlakatimiz xaritasida Navoiy, Zarafshon, Yangiyer, Guliston, Oltinsoy kabi oʻnlab shahar va tumanlarning paydo boʻlishi Sharof Rashidov nomi bilan bogʻliq.

1966-yilning 26-apreli tongida Toshkent yarim vayronaga aylangani, qisqa muddat ichida qayta tiklangani, muhtasham yer osti yoʻli hisob­lanmish Toshkent metropoliteni ishga tushirilgani, “Xalqlar doʻstligi” saroyining qurilishi, 800 kilometrdan ortiq beton qoplamali Toshkent-Termiz avtomobil yoʻlining barpo etilgani, balandligi 375 metrdan yuqori boʻlgan va oʻsha davrda sobiq ittifoqda Ostankinodan keyingi oʻrinda turadigan Toshkent teleminorasining qurilgani bevosita Sharof ­Rashidovning nomi bilan bogʻliq.

Katta iqtidor va olovqalb egasi boʻlgan bu insonning yuz yoshlik yubileyini oʻtkazib, mehnatini eʼzozlash, hurmatini joyiga qoʻyish uchun juda olijanob va shijoatli yurak kerak. Mana shuning uchun biz, nuroniylar Prezidentimiz Shavkat Miromonovichni elu yurtning baxtiga salomat boʻlsinlar deb duo qilamiz!”

Ha, insonni ulugʻlaydigan eng ulugʻ neʼmat, shubhasiz, uning ortidan yangrab turaveradigan xotiralardir. Busiz odamzod hayotidan nur ketgan holda, mazmunsiz bir boʻshliqda qolar edi. Daraxt ildizsiz yashamaganidek, inson hayotining mazmuni boʻlgan ildiz ham Vatani va xalqi bilan uygʻun, baqamti tarzda kamol topadi. Nasl­lar almashaveradi, vaqt yugurik, ammo Vatan degan, xalq degan ildiz yashayveradi.

Sharof Rashidov xalqimiz qalbida, avlodlar xotirasida, millat va mamlakat tarixida yorqin siymo, oʻz umrini ona xalqiga baxsh etgan buyuk inson sifatida qoladi. Hayot charxpalakdek aylangan sari bu xotira yana-da tiniqlashib, teranlashib boraveradi.

“Kashmir qoʻshigʻi” asari Sharof Rashidovning qalb daftari boʻlgan. Adib hayot vaqtida bu asar oʻnlab tillarga tarjima qilingan. Qissasining afsonaviy qahramonlari – asalarilar shohi Bambur, gullar malikasi Nargiz ijobiy obrazlar ramzi boʻlsa, ularga qarshi turuvchi Boʻron, zararkunanda Horut salbiy obraz sifatida tasvirlanadi. Eng qizigʻi, Bambur bilan Nargiz tarafida qushlar, gullar, dov-daraxtlar, muattar hidlar, dil rishtalari bogʻlanib turadi, ularni himoya qiladi.

Sayyora TOʻYCHIYEVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi