Oʻrganishlar jarayonida ushbu shaxs 1999-yilda tugʻilgan fuqaro A.X. ekanligi aniqlanib, u bilan profilaktik suhbat oʻtkazildi.

Oʻtkazilgan suhbat davomida fuqaro yuqorida keltirilgan videorolikdagi shaxslarni tanimasligini, ularga tamaki chekishga nisbatan munosabatini oʻz tashabbusiga koʻra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 25-moddasiga asosan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, shuningdek 27-moddasiga binoan shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqiga ega.

Chekish sogʻliq uchun zararli, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va salomatlik masalalari doimo katta ahamiyatga ega. Lekin ushbu jarayonda Oʻzbekiston fuqarolarining yuqoridagi kafolatlariga monelik qilish mumkin emas, ayniqsa alohida shaxslarning oʻz tashabbusi orqali va ushbu masalaga diniy tus berish orqali oʻzgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Qolaversa, koʻp millatli va konfessiyali jamiyat sifatida, Konstitutsiyamizning 31-moddasida har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqi belgilab qoʻyilgan.

Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar oʻzlarining diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha koʻrinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida»gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro A.X.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 184 prim. 2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.