Qabrtosh Shayboniylar sulolasi vakili Abu Said Bahodurxon oʻgʻli Sulton Said Bahodurxonga tegishli (bir butun qabrtoshning ikki boʻlagi, hajmi: balandligi 40 santimetr, uzunligi 132 santimetr, qalinligi 36,5 santimetr) boʻlib, kirim kitoblaridagi tasnifida “1930-yilgacha kelib tushgan”, deya qayd etilgan.
Muzey-qoʻriqxonada ilmiy arxivi saqlanayotgan Rossiya imperatorining arxeologiya komissiyasi (hozirgi Rossiya Fanlar Akademiyasi moddiy madaniyat instituti) arxiv hujjatlari nusxalarini oʻrganish jarayonida qabrtoshlarning Samarqand muzeyiga kelib qolishiga oydinlik kiritildi.
Mazkur hujjatlarga koʻra, professor N.Veselovkiy 1905-yil iyul oyida Samarqandda boʻlganida Samarqand shahrida yashovchi Nediger ismli ayolga tegishli boʻlgan, oʻsha vaqtdagi Petrovskiy koʻchasi 31-uyda ikkita qabrtosh boʻlaklari saqlanayotganligini aniqlaydi.
N.Veselovkiy Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga yozgan axborotida bu haqda maʼlum qiladi. U oʻz axborotida “turli toʻplovchilar uy egasi bilan qabrtoshlarni sotib olish uchun savdolashmoqda. Ushbu toshlar davlat mulki hisoblanib, Samarqand muzeyiga topshirilishi kerak”ligini maʼlum qiladi. Hujjatlarda koʻrsatilishicha, qabrtoshni Nediger ismli ayol kishining uyida saqlagan shaxs Turkiston general-gubernatorligi diplomatiya boʻlimi sobiq amaldori A.Polovsev boʻlgan.
Viloyat maʼmuriyati ushbu masala yuzasidan surishtiruv oʻtkazish boʻyicha tegishli topshiriqlarni beradi. Samarqand shahar 3-uchastka pristavi Moʻminjon Muslimjonov bu haqda 1905-yil 5-6-avgust kunlari surishtiruv oʻtkazib, dalolatnoma tuzadi. Dalolatnomada ismi-sharifi qayd etilgan Soʻzangaron mahallasi ellikboshisi Qobilboy Bobojonovning aytishicha, besh yil oldin “Childuxtaron” yodgorligiga rus millatiga mansub ikki kishi kelib, qabrtoshlardan birini olib ketmoqchi boʻladi. Lekin ellikboshi bunga qarshilik qiladi. Ertasiga ikki boʻlak qabrtoshni polismeyster podpolkovnik Levshin arava buyurtma qilib, olib ketadi. Buni politsiya katta xodimi Maston Nosirov ham tasdiqlaydi.
Yuqoridagi hujjatlardan anglashiladiki, Turkiston general-gubernatorligi diplomati A.Polovsev dastlab oʻzi “Childuxtaron” yodgorligiga borgan va qabrtoshlarni berishni soʻragan. Ammo ellikboshi Qobilboy Bobojonovdan rad javobini olgan. Shundan soʻng bu topshiriqni A. Polovsev uchun polismeyster Levshin uddalagan.
Ushbu masala yuzasidan Samarqand viloyat harbiy gubernatori 1905-yil 15-oktyabrda Imperator arxeologiya komissiyasiga yozgan 13599-sonli xatida professor N.Veselovkiy talabiga koʻra, qabrtosh boʻlaklari Samarqand muzeyiga olib kelinganligini bildiradi. “Childuxtaron” yodgorligida hozirda 40 dan ortiq shunday qabrtoshlar boʻlib, ularning ayrimlari temuriylargacha boʻlgan davrga tegishlidir.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi bosh muhofizi