Nafaqat ijrochi, balki tinglovchi ham toʻlib va toʻkilib kuylaydi, tinglaydi. Oʻzbek opera sanʼatida ham kundan kunga ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotgani maʼlum. Xoʻsh, tinglovchi auditoriyasida-chi? Bu borada andijonlik opera honandasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, “Shuhrat” medali sohibasi, koʻplab xalqaro tanlovlar gʻolibi Shirin Mamatovaning fikr-mulohazalarini yozib oldik.
“Bugun kamdan-kam odamlar, ayniqsa, yoshlar operani tushunadi, eshitadi. Shunga qaramay tobora xalq klassik ijroga qiziqib borayotgani sir emas. Opera spektakllari tomoshabinlari hali u qadar koʻp boʻlmasa-da, konsertlarga koʻpchilik qiziqib kelishi, ayrim operalarni ijrochi bilan birga kuylashi kishini xursand qiladi, akademik ijroga qiziqish ortib, auditoriyasi kengayib borayotganini koʻrsatadi. Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan “Open air” konsert dasturlarini bunga misol qilish mumkin.
Qolaversa, Konservatoriya talabalari orasida ham bugun ushbu murakkab, ayni damda nafis sanʼat turiga qiziquvchilar safi ortib borayotganini kuzatyabmiz. Men ham 2010-yilgacha estrada yoʻnalishida ijod qilganman. Ammo universitetga oʻqishga kirayotganimda koʻp ustozlar ovozimni operaga ham mosligini aytishgan. Ayniqsa, dadam operachi boʻlishimni juda xohlagan edilar. Albatta, avvalboshda akademik honandalik yoʻnalishida oʻqishga qiynalganman. Ammo keyinchalik ushbu sanʼat turi mening hayotimga aylandi.
Yana bir fikrni aytib oʻtishni xohlardim, opera asarlariga har doim ehtiyoj seziladi. Bastakorlar kam, asarlar undan ham kam. Asosan xorijiy asarlardan foydalanamiz. Ammo “Maysaraning ishi”, “Kumush” kabi betakror opera asarlari yana yaratilishiga ishonamiz va kutib qolamiz.” – deydi honanda.
Yulduz Oʻrmonova yozib oldi