Toshkentning tomosha qilsangiz koʻngil yayraydigan maskani koʻp: Sitilar, muzeylar, istirohat bogʻlari, rohatijon favvoralar, anqoning urugʻini ham topsa boʻladigan savdo markazlari... Sanoqqa barmoqlarimiz yetmaydi.
Ammo bular qatorida yana bir ziyoratgoh borki, uni sayohatchi uchun shunchaki tomoshagoh desak kamlik qiladi. Bu — Adiblar xiyoboni. Xiyobonning oʻzi bir olam. Koʻrsangiz koʻzingiz yashnaydi, tafakkuringiz charxlanadi, ruhiyatingiz tozarganini, dunyoqarashingiz yangilanganini sezib qolasiz. Bunda vatanimizning eng ulugʻ siymolari koʻnglingiz mehmoni boʻladi. Ularning Vatan taraqqiyotiga, olam maʼnaviyatiga dahldor ijodlari bor.
Qachon bu hiyobonni aylansangiz, albatta qaysidir adib siymosi atrofida saboq oʻtayotgan ustoz va uni jon deb tinglayotgan yoshlarni koʻrasiz. Roppa-rosa ikki yil avval – 2020-yilning 20-may kuni Prezidentimiz tashrifi bilan xalqimizni oʻz bagʻriga chorlay boshlagan bu hiyobonda salobat toʻkib turgan har bir adib va shoir ijodi va hayotini mukammal oʻrganish, targʻib qilish oliy oʻquv yurtlariga biriktirilgani naqadar ezgu ish boʻlganiga bugun guvoh boʻlib turibmiz.
Bu bilan boʻlgʻusi shifokormi, muhandismi, meʼmormi, matematika muallimimi, hamma-hammasi maʼnan boy mutaxassisga aylanadi. Shuningdek, kishi badiiy adabiyotga oshno boʻlgani sari ezgulik, halollik, odamiylik fazilatlari uni fidoyilikka undayveradi.
Bahorning birinchi kunida, shoira Zulfiyaning tavalludi munosabati bilan Adiblar xiyobonida Toshkent tibbiyot akademiyasi gʻoyat goʻzal bir tadbir tashkillashtirdi. “Bu bogʻlar bir bogʻlar boʻladi hali” deb nomlangan tadbirda goʻzal misralar oʻqilishi, shoirlarning soʻz olishi tabiiy edi. Biroq boʻlgʻusi shifokorlar Zulfiyaxonimga bagʻishlangan badiiy pishiq, tashbehlari goʻzal, har satrida hayrat yashiringan sheʼrlar bitishini koʻpchilik xayoliga keltirmagani aniq.
Shoirlar olamning nur nafasidur,
Bu taʼrif odamning falsafasidur,
Bu kun ezgulikning gʻalabasidur,
Baxtning marosimi Zulfiyaxonim...
Zulfiyaxonimga bagʻishlangan bu kabi turfa sheʼrlarni koʻklam gullariday suluvchehra oʻn bir nafar qizlardan tingladik. Ular Zulfiyaxonim hayoti, ijodini oʻrganishga kirishganlar-u, hayrat, hayajondan yaralgan yorqin tuygʻulari qogʻozga toʻkilgan.
Tadbirga tashrif buyurgan ustoz shoirlar ularni olqishlab tabriklar ekanlar, Zulfiya opaning “Bu bogʻlar bir bogʻlar boʻladi hali” degan oʻtli satrlarini qizlarning kamoliga qiyosladilar. Bu sheʼrlar Toshkent tibbiyot Akademiyasida tashkil qilingan “Yosh ijodkorlar” toʻgaragi mashgʻulotlarida bir necha bor charxlanib, sayqallanib, Zulfiyaxonimga bagʻishlangan sheʼrlar koʻrik-tanlovida mukofotga sazovor boʻlgan.
Xolniso Saʼdullayeva, Muhayyo Axmadjonova, Marjona Qiyomova, Namuna Asomova, Kumush Gʻoyibnazarovalar imtixon daftarchalaridagi qator aʼlo baholar, badiiy adabiyotdagi izlanishlari, jamoat ishlaridagi faolliklari bois “Zulfiya” nomidagi stipendiya sohibalari boʻlganlari naqadar yaxshi!
Muhimi bu kabi izlanish va ragʻbatlar har bir Oliy oʻquv dargohida davom etyapti. Jumladan, Oʻrta Osiyo bolalar tibbiyoti institutida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishganimizda yana ham quvondik. Qoraqalpoq shoiri Berdaqni bugun mazkur dargoh talabalari mukammal oʻrganyapti, desak mubolagʻa emas. Xususan, “Berdaq bilimdonlari” tanlovi hammani izlanishga chorladi. Kim sheʼr yozib, kim ilmiy tahliliy maqola yaratib, kim tashkil qilingan Berdaq muzeyi uchun eksponat yigʻib, yana kim “Berdaq” stipendiyasi uchun harakatga tushdi. Axir necha yuzlab talabalar ichidan mazkur stipendiya sovrindorlari boʻlgan Dostonbek Ismatov va Feruza Doʻstmurodovaga oʻxshashni kim istamaydi?
— Menku tillar kafedrasida ishlayman, — deydi bolalar shoiri Kavsar Turdiyeva. — Ammo Berdaq ijodini oʻrganish boʻyicha oʻtkaziladigan anjumanlariga har bir kafedra xodimlari astoydil tayyorlanadi. Kafedramiz dotsenti Gulandom Quronboyeva, farmakologiya va normal fiziologiya kafedrasi asissenti Muruvvat Akbarova, pediatriya va xalq tabobati fakulteti talabasi Shaxnoza Erkinovaning “Berdaq” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlgani izlanishlar, oʻrganishlar samarasidir.
Shu oʻrinda institutning bir guruh professor-oʻqituvchilari va talabalari Berdaq yurti Qoraqalpogʻistonga ilmiy adabiy oʻrganish uchun borib kelganini alohida taʼkidlash joiz. Zero, voqeliklar, maʼlumotlarni joyiga chiqib oʻrganish har qanday talaba uchun qiziq tuyuladi.
Institut maxsus saytiga Berdaq hayoti va ijodiga doir maʼlumotlarning joylab borilayotgani esa, talaba yoshlarning shoirga dahldor koʻplab yangi maʼlumotlarni bilib olishlariga xizmat qilyapti. Institutda “Badiiy adabiyotda tibbiyot” fani ham oʻtilyapti. Zero, badiiy tafakkuri yuksak shifokor hech qachon bemorga qoʻpol muomala qilmaydi, uning koʻngliga iliqlik olib kirishni insoniylik burchi, deb biladi.
Umuman olganda, bugun Adiblar xiyobonidan joy olgan millatimizning 24 nafar fidoyilari hayoti va ijodini oʻrganish borasidagi ishlar 24 ta oliygohda qizgʻin davom etyapti.
Abdulla Avloniy ijodi boʻyicha Nizomiy nomidagi pedagogika universitetida, Behbudiy ijodi va hayoti boʻyicha Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasida, Muqimiy, Furqat, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Said Ahmad, Saida Zunnunova, Ozod Sharofiddinov, Abdulla Oripov, Erkin Voxidov, Muhammad Yusuf... ijodini oʻrganish oliy oʻquv dargohlarida yoshlarining kundalik vazifasiga aylanib qolganini tasavvur qilavering.
Ulugʻlarning ijodi yoshlarni maʼnan yuksaltirib, chinakam vatanparvarlarga aylantiryapti. Bu bor yoʻgʻi ikki yildagi quvonchlar, oliy oʻquv dargohlariga esa har yili yangi talabalar oʻqishga qabul qilinadi. Adabiyotni, maʼnaviyatni mukammal oʻrganish estafetalari esa davom etaveradi. Oliyjanob koʻngil odamlari, fikri teran bilimdonlar koʻpaygani sari yurt kelajagi buyuklikka tomon boraveradi. Ularga qarata shunday degim keladi:
Qalamga hamnafas, kitobga oʻrtoq,
Sinoatin topsam deydi har onning.
Ishtiyoqi baland, ilmga chanqoq,
Farzandlari — yangi Oʻzbekistonning.
Zamira Roʻziyeva,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi










