Men Toshkentga 1979-yili bir-ikkita koʻrpachayu choʻntagimda ozgina pul, ammo yuragim toʻla umid va ulkan orzular bilan kirib kelganman. Oradan shuncha yillar oʻtib, ortga nazar tashlasam, Allohim meni havas qilsa arzigulik neʼmatlar bilan siylaganiga shukr qilaman. Avvalo, hamisha meni qoʻllab-quvvatlaydigan ijodkor insonga umr yoʻldoshi boʻlish nasib etdi. Farzandlarim va nabiralarim eʼtibori va mehridan hamisha masrurman. Poytaxtdagi nufuzli jurnal - “Saodat” jurnalida ishlayman. Bu dargohda xalqimizning sevimli shoiralari Zulfiyaxonim, Halimaxonim, Oydinxonimlarning saboqlarini oldim. Ularning qoʻllab-quvvatlashlari mehri va eʼtiboridan bahramand boʻldim. Kitoblarimning har biri nashr etilganida quvonish bilan birga hali el-yurt oldidagi burchlarim, vazifalarim juda koʻp ekanligini yana-da chuqurroq his qildim. Ha, ijodkor qalb odami. Alloh isteʼdod deb atalgan ilohiy neʼmatni insonga shuning uchun inʼom etadiki, u bir umr Ona Vatani, xalqining tashvishlari, orzu-umidlari bilan yashashi zarur.
Mana bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yana bir katta eʼtirofga sazovor boʻldim. Butun dunyo ahli boshiga ish tushib turgan shunday sinovli kunlarda bunday eʼtiborga, eʼtirofga minnatdorlik bildirmay boʻladimi? Qay bir yurtlarda odamlar ertangi kun haqida tashvish bilan oʻylanib turgan, qay bir elda esa bomba portlashlaridan qalblar larzaga tushgan, yana bir zaminda bir burda non topish mushkulotga aylangan ayni mashaqqatli davrda Prezidentimizning xalqimiz qalbiga ezgu ishlar, tashabbuslar mashʼalasini yoqayotgani biz ijodkorlarni shundogʻam ruhlantirayotgan, hayratlantirayotgan edi. Bu gaplar aslo qizil gaplar emas, shunchaki eʼtiroflar emas. Sertashvish damlarda farzandlarim va nabiralarimni quchib iztirobga tushganimda Prezidentimizning har bir soʻzidan, qadamlaridan, saʼy-harakatlaridan kuch-quvvat oldim. Saxiy va muruvvatli yurtdoshlarimning bir-biriga boʻlgan mehru oqibatidan yetti osmon qadar yuksaldim. Ha, pandemiya har birimizni imtihon qildi.
Shu oʻrinda aytib oʻtishim lozimki, ijodkor uchun har bitta mukofot yutuq boʻlishi barobarida xalq oldidagi masʼuliyatini yana-da oshiruvchi bir gʻayrat, harakat manbai hamdir. Aslida xalqning mehrini qozonish – eng oliy mukofot. Meni xalq tanidi, el bildi, degan ichki bir koʻtarinki ruh oʻziga xos juda katta masʼuliyatni yuklaydi insonga. Mana shu qorakoʻz xalqim dardi va tashvishi bilan yashayotganimdan faxrlanaman.
Tong sahardan buyon qoʻngʻiroq ustiga qoʻngʻiroq boʻlib, qutlovlar, tabriklar tinmayapti. Eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz oldidan men uchun hukumatimiz tomonidan munosib tuhfa boʻlgan mukofot – “Mehnat shuhrati” ordeni bilan qutlayotganlarning soʻzlaridan qanchalar xursand boʻlganimni taʼriflay olmayman. Zero, bu Oʻzbekiston diyorining har qanday vaziyatga qaramay, ezgu- liklar va yaxshiliklar sari dadil qadam tashlab borayotgan irodali, jasoratli va qatʼiyatli insonlari hayotining yana bir yorugʻ lavhalaridir!..
Yuragin yashirib yurarmi shoir,
Yomgʻirga, oftobga birday ochiqmiz.
Shu millat, shu yurtga boʻlsa gar doir
Quvonch, hasratiga birday oshiqmiz.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir