Shundan keyin, zarurat boʻlsa, bemorni shoshilinch ravishda shifoxonaga olib borish talab etiladi. Bu jarayonda har daqiqa, hatto har soniya hisobli. Biroq yurtimizda “Tez yordam”ning tezligiga salbiy taʼsir etuvchi omillar, afsuski, hali-hanuz mavjud.
Masalan, yaqinlarimizdan biri toʻsatdan dard chekib qolsa, darhol “103” raqamini teramiz. Ammo tibbiyot xodimlari yetib kelishini ham kutmay bemorni boshqa mashinada kasalxonaga olib ketish holatlari baʼzan uchrab turadi.
Bundan tashqari, chaqiruv manzilini notoʻgʻri berish, ustiga-ustak, “Tez yordam” yetib borganida, eshikni ochmaslik, telefon qoʻngʻiroqlariga javob bermaslik kabi noxush vaziyatlarga ham shifokoru hamshiralarimiz koʻp guvoh boʻlishadi.
Yoki “103”ga murojaat qilib, tibbiyot brigadasi aytilgan manzilga endi yetib kelganida, chaqiriqni rad etish holatlari ham takrorlanib turadi.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning 1-yanvaridan 1-dekabriga qadar “Tez yordam” xizmatiga mamlakatimiz boʻyicha jami 6301 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushgan.
Toʻgʻri, bu oʻtgan yilning shu davriga qiyoslaganda qariyb 1800 ta kam koʻrsatkich. Ammo yolgʻon chaqiriqlar haqiqiy bemorlar hayotini xavf ostiga qoʻyishini inobatga olsak, uning bittasi ham davlat va xalq uchun katta ziyon keltirishiga shubha yoʻq.
Tahlillar natijasi shuni koʻrsatadiki, eng koʻp yolgʻon chaqiriqlar kelib tushgan hududlar roʻyxati boshida 1317 ta koʻrsatkich bilan Toshkent viloyati turibdi. Keyingi oʻrinni Fargʻona viloyati egallagan – 942 ta yolgʻon chaqiriq.
Shuningdek, “Tez yordam”ga poytaxtimizdan 894 ta, Qashqadaryodan 874 ta hamda Navoiy viloyatidan 842 ta yolgʻon chaqiriq kelib tushgan.
Yana bir ogʻriqli masala: oramizda “isitmam koʻtarilmadimikan?”, “qon bosimimni oʻlchatay-chi”, “ukolimni qildirib olsammikan?” degan vajlar bilan ham “Tez yordam”ga murojaat qiluvchilar koʻp.
Vaholanki, tez tibbiy yordam xodimlari bemorni davolamaydi, balki yuzaga kelgan holat boʻyicha shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatadi, yaʼni faqat simptomatik davo choralarini koʻradi.
Qolaversa, yolgʻon chaqiriqlar tez tibbiy yordam xodimlariga ikki barobar koʻp tashvish keltiradi. Yaʼni qilingan murojaatning haqiqatan ham yolgʻon ekanligini isbotlash zarur. Buning uchun chaqiriqda koʻrsatilgan manzilni aniqlash, kunning qaysi vaqti boʻlishidan qatʼi nazar surishtiruv oʻtkazish va shundan soʻng uni hujjatlashtirish kerak.
Bu esa, tabiiyki, “Tez yordam” xizmatiga muhtoj bemorlarning kutib qolishi, hatto hayoti xavf ostida qolishiga sabab boʻlishi mumkin.